Tanqidiy maqola Payariqdagi MTT xodimlari uchun saboq bo‘ldimi?
Bundan bir hafta avval Zarnews.uz da “Payariqdagi bog‘chalarda bolalar go‘shtsiz ovqat yeydimi?” sarlavha ostida maqola e’lon qilingandi. Maqolada tumanning 31-maktabgacha ta’lim tashkilotidagi holat bayon etilgan. Muassasa moslashtirilgan binoda joylashgani, tarbiyalanuvchilarning go‘sht o‘rniga tuxum iste’mol qilayotganligi o‘z o‘rnida tanqid qilingan.
Bir hafta ichida bog‘chada nima o‘zgardi? Bolajonlar haliyam go‘sht o‘rniga tuxum iste’mol qilishyaptimi? Ushbu savollarga javob topish maqsadida mazkur muassasada bo‘ldik.
Bog‘chaga kirib borar ekanmiz, ikki ayolga ro‘baru keldik.
- Nabiralarimni bog‘chaga olib kelib, muassasani nazorat qilib turaman, - deydi Habiba Qudratova. - Bog‘chadan shikoyatim yo‘q. Hozirda nabiralarim ingliz va rus tillarida she’rlar aytyapti. Bu borada tarbiyachilarga rahmat aytishimiz kerak. Shaharga chiqsak va televideniye kanallari orqali biri-biridan shinam bog‘chalarni ko‘ramiz. Qaniydi, bizning mahallada ham shunday bog‘cha qad rostlasa, deb orzu qilamiz. Muxbir bo‘lsangiz, bizda ham shunday bog‘cha qurilishiga yordam bering, talabimizni rahbarlarga yetkazing.
Gapga Dilfuza Isoqulova qo‘shildi:
- Bog‘chaning boriga shukur. Farzandim yaxshi gapirolmasdi. Shifokorlarga ko‘rsatdim, natija bo‘lmadi. Shunda bir shifokor “Bolangizni bog‘chaga bering, nutqi tez o‘zgaradi” dedi. Mana, uch yildan buyon shu bog‘chaga qatnaydi. Bolamning bugun gaplari ham, nutqi ham ravonlashdi.
So‘ng bog‘cha hududiga kirganimizda maskanda bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun kerakli sharoit yaratilgan bo‘lsa-da, binosining eskiligi dilimizni xira torttirdi.
- Moslashtirilgan binoda faoliyat ko‘rsatamiz,- deydi bosh tarbiyachi Dilfuza Bahromova. – Bu yerda 75 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda. Zarur sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Ingliz, rus tili, jismoniy tarbiya va musiqa mashg‘ulotlariga alohida e’tibor qaratganmiz. Bundan ota-onalar xursand bo‘lishyapti. Lekin muassasamiz xonalari bolajonlar uchun torlik qilyapti.
- “Zarafshon” gazetasi muxbiri kelgan kuni haqiqatan ham bolalarning ovqatiga go‘sht o‘rniga tuxum solingandi, - deydi hamshira Zulxumor Nishonova. - Boisi xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudirimiz go‘shtni kech olib keldi. To‘g‘ri, ertaga nima ovqat bo‘ladi, unga qanday masalliqlar solinadi, oldindan rejalashtirib qo‘yilishi kerak. Ertalabga go‘sht yetib kelshini o‘ylab, xato qilgan ekanmiz. Bunday holat bolajonlarning, ota-onalarning oldida yuzimizni shuvit qildi. Ushbu maqola biz uchun saboq bo‘ldi.
- Bugun no‘xat sho‘rva bilan somsa tayyorladim, - deydi oshpaz Sohina Toshqulova. - Ovqat tayyorlash uchun 4,5 kilogramm tovuq go‘shti va 3 kilogramm mol go‘shti ishlatdim. Shuni alohida ta’kidlashim kerak, hozirda masalliq bo‘yicha umuman muammo bo‘lgani yo‘q. Faqat oshxona jihozlarimiz biroz eskirgan. Ovqat tayyorlanadigan gaz uskunamiz ikkita bo‘lganda, yanayam yaxshi bo‘lardi.
Ota-onalar, 31-MTT xodimlari tomonidan bildirilgan ushbu talablar mutasaddilarni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.
Husniddin XOLDOROV,
Sunnat MUHAMMEDOV.