Tanzila Norboyeva Svetlana Ortiqovani tabrikladi

7 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva facebook’dagi sahifasi orqali sobiq o‘rinbosarining prokuratura organlariga qaytishi munosabat bilan tabrikladi.

"Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar davrida ayollarning yuqori, ya’ni qarorlarni qabul qilish darajasida ishtirok etishini ta’minlashda yuqori lavozimlarga tayinlanishi ayniqsa muhimdir.

O‘ylaymanki, Svetlana Ortiqovaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi mamlakatimizda erkaklar va ayollar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganining yaqqol dalilidir.

Amaliy faoliyatimdan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, gender tengligi ta’minlanib, ayollarning martabasi o‘sishi uchun sharoitlar yaratilayotgan tizimlarda ish samaradorligi va ko‘rsatkichlari yuqori bo‘ladi.

Hurmatli Svetlana Boymirzayevna!

Samimiy tabriklarimni qabul qiling!

Sizga ushbu muhim davlat lavozimida kuch-g‘ayrat, faoliyatingizda o‘zingizga xos qat’iylik bilan mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi kelgusi ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!", deb yozgan Tanzila Norboyeva.