Taqvim: 12 dekabr - shodlik va baxt kuychisi Hamid Olimjon tavallud topgan kun
Hamid Olimjon 1939 yildan to umrining oxiriga O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasiga rahbarlik qildi. O‘zining «Daryo kechasi» (1936), «Chirchiq sohillarida» (1937), «O‘lka» (1939), «Baxt» (1940) to‘plamlari, «Ikki qizning hikoyasi» (1935-1937), «Oygul bilan Baxtiyor» (1937), «Zaynab va Omon» (1938), «Semurg‘» (1939) dostonlari bilan novator shoir sifatida davrning ilg‘or g‘oyalarini tarannum etgan. «Jangchi Tursun», «Roksananing ko‘z yoshlari» kabi qator balladalar ham yaratgan.
Shoir 1944 yilda avtomobil halokatiga uchrab vafot etgan.
2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Jizzax shahri markazida Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik majmua, ko‘rkam xiyobon, ikki shoir nomi bilan ataluvchi o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda muzey bunyod etildi.
XAYoLIMDA BO‘LDING UZUN KUN…
Xayolimda bo‘lding uzun kun,
Seni izlab qirg‘oqqa bordim.
Och to‘lqinlar pishqirgan tunda,
Topib ber, deb oyga yolvordim.
Ishon, bunda seni doimo
Esga solar chiroyli tunlar,
Sho‘x yulduzlar, salqin saharlar,
Esga solar baxtiyor kunlar.
Toleimning oshinosi sen,
Sen sevgimning ko‘kargan bog‘i.
Sening bilan birga iqbolim,
Ishonchimning sen vafo tog‘i.
Meni qurshar salqin bir havo,
Suv ustidan tun quyuladi.
Shunda qancha-qancha gaplarni
Esga solib oy ham to‘ladi.
Kecha jim-jit, yolg‘iz to‘lqinlar
Pishqiradi bilmay tinimni.
Hiylagar oy, sehrgar dilbar,
Solib qo‘yding yodimga kimni?..
1936
O‘RIK GULLAGANDA
Derazamning oldida bir tup
O‘rik oppoq bo‘lib gulladi…
Novdalarni bezab g‘unchalar,
Tongda aytdi hayot otini
Va shabboda qurg‘ur ilk cahar
Olib ketdi gulning totini.
Har bahorda shu bo‘lar takror,
Har bahor ham shunday o‘tadi,
Qancha tirishsam ham u beor
Yellar meni aldab ketadi.
Mayli, deyman va qilmayman g‘ash,
Xayolimni gulga o‘rayman;
Har bahorga chiqqanda yakkash,
Baxtim bormi, deya so‘rayman.
Yuzlarimni silab, siypalab,
Baxting bor, deb esadi yellar.
Etgan kabi go‘yo bir talab,
Baxting bor, deb qushlar chiyillar…
Hamma narsa meni qarshilar,
Har bir kurtak menga so‘ylar roz,
Men yurganda bog‘larga to‘lar
Faqat baxtni maqtagan ovoz:
«Mana senga olam-olam gul,
Etagingga siqqanicha ol,
Bunda tole har narsadan mo‘l,
To o‘lguncha shu o‘lkada qol.
Umrida hech gul ko‘rmay, yig‘lab
O‘tganlarning haqqi ham senda,
Har bahorni yig‘lab qarshilab
Ketganlarning haqqi ham senda…»
Derazamning oldida bir tup
O‘rik oppoq bo‘lib gulladi…
1937
ENG GULLAGAN YoShLIK ChOG‘IMDA…
Eng gullagan yoshlik chog‘imda,
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.
Shunda ko‘rdi ko‘zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni.
Qushlar sayrar jonimga payvast,
Men sevgining bo‘yi bilan mast.
Kuni bilan dalada qoldim,
Lolazorlar ichra yo‘qoldim.
Quchoq-quchoq gullar terganim
Va keltirib senga berganim
Kechagiday hamon esimda,
Har soniya, har on esimda.
Shundan beri tilimda oting,
Shundan beri dilimda oting.
Eng gullagan yoshlik chog‘imda,
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.
1937
G‘AZAL
Na bo‘lg‘ay bir nafas men ham yonog‘ing uzra xol bo‘lsam,
Labing yaprog‘idan tomgan ki go‘yo qatra bol bo‘lsam.
Butog‘ingga qo‘nib bulbul kabi xonish qilib tunlar,
O‘pib g‘unchangni ochmoqliqqa tong chog‘i shamol bo‘lsam.
Bo‘yingni tarqatib olamni qilsam mastu mustag‘riq,
O‘zimning san’atimga so‘ng o‘zim hayratda lol bo‘lsam.
Sening birla qolib bu mastu lol olamda men yolg‘iz,
O‘zimni ham topolmay, mayliga, oxir xayol bo‘lsam.
Agar bog‘ingda gul bo‘lmoq mening-chun noravo bo‘lsa –
Ki, ming bor roziman qasringga hattokim duvol bo‘lsam.
Boshim hech chiqmasa mayli malomat birla bo‘htondin,
Raqiblar rashkiga ko‘krak keray, mayli, qamol bo‘lsam.
Kezib sahroyu vodiylar yetishsam bir visolingga,
Fido jonimni qildim yo‘lingga, mayli, uvol bo‘lsam.
1943