Iqtisodchi: "Taraqqiyot strategiyasi ijrosini ta’minlashda Yaponiya tajribasidan foydalanish lozim"
"Iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash orqali kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni — 1,6 baravar va 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming AQSh dollaridan oshirish hamda «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kiramiz". Bu – Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqarilgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti strategiyasida belgilangan.
Bunday taraqqiyotga erishishga barcha asoslarimiz bor. Bizda mehnat, tabiiy resurslarimiz yetarli. Faqat ulardan samarali va maqsadga muvofiq ravishda foydalanish lozim. Bunda biz Yaponiya tajribasidan foydalansak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki Yaponiya butunlay xonavayron bo‘lish bilan birga qisqa vaqtda dunyodagi yetakchi davlatlar safiga, ya’ni AQSh va Xitoydan keyin 3-o‘ringa chiqib olgan. Bunga qanday erishilganligini o‘rganish va undan amaliyotda foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushida Yaponiya juda katta talafot ko‘rib, butunlay xonavayron bo‘ldi. Chunki AQSh harbiy havo kuchlari 1945 yil 6 va 9 avgust kunlari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shahriga yadroviy hujum uyushtirdi. SSSRning quruqlikdagi harbiy harakatlari Yaponiyani 1945 yil 2 sentyabrda so‘zsiz taslim qildi. Buning oqibatida o‘sha kunning o‘zida 180 ming kishi portlash qurboni bo‘ldi. Atom bombasining tashlanishi Yaponiyaga misli ko‘rilmagan darajada zarar yetkazdi. Radiatsiya tarqalishi oqibatida urushning salbiy ta’siri yanada kuchayib, o‘lim holati kundan-kunga oshib bordi. Besh yil ichida Yaponiyada qurbonlar soni 200 mingga yetdi. Yaponiya o‘ta xarob ahvolga tushib qolgan edi.
Urushdan so‘ng Yaponiyada juda katta islohotlar amalga oshirildi. Ular o‘nglanishni qishloq xo‘jaligidan boshladi. 1946 yilda Yaponiyada agrar islohotlar amalga oshirildi. Bunda asosiy e’tibor yerlarni egalik qilishga qaratildi. Hukumat pomeshchiklardan 5 million 800 ming gektar yerni sotib olib, mayda dehqonlarga arzonga sota boshladi. Natijada yer islohoti amalga oshirilib, dehqonlar foydasiga yerlar qayta taqsimlandi. Natijada, aholi o‘zlari yetishtirgan mahsulotga o‘zlari egalik qila boshladi. Shu yo‘l bilan mulkdorlar sinfi shakllandi. Bunday yer islohoti haqiqiy inqilob sifatida baholandi. Shu tariqa mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasi jadal rivojlandi, mamlakatda o‘g‘it ishlab chiqarish jadallashdi, yerga ishlov berishda texnikaga talab ortdi. Aholi ehtiyojini qondirish uchun iqtisodiyotning ham ehtiyoji oshib bordi.
Yaponiya endi siyosiy jihatdan o‘nglanib, o‘zining qonuniy yo‘nalishini belgilab olishga ahd qildi va 1947 yilda mamlakat parlamenti yangi Konstitutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, Yaponiyada Konstitutsion monarxiya tuzumi o‘rnatildi. Imperator amalda real hokimiyatdan mahrum etilib, faqatgina millatning birlik ramzi sifatida saqlab qolindi. Bosh vazirni imperator tayinlaydigan bo‘ldi. Ammo uning nomzodini parlament tasdiqlashi zarurligi belgilab qo‘yildi Shunday qilib, ushbu kunchiqar mamlakatda konstitutsiyaviy davlat shakllantirildi.
Endi barcha ichki va tashqi imkoniyatlardan foydalangan holda Yaponiya o‘zining taraqqiyotini ta’minlashga kirishdi. Shu tariqa1953 yilda AQSh-Yaponiya o‘rtasida tuzilgan “Do‘stlik, savdo va dengiz kemalari qatnovi to‘g‘risida”gi bitim imzolandi. Mazkur hujjat ikkala davlat fuqarolariga bir-birining hududida erkin harakatlanish huquqini berdi. Bu ikkala davlatga ham manfaatli bo‘ldi. Chunki, amerikalik magnatlar Yaponiya bozoriga o‘z sarmoyalarini olib kira boshladi. Yaponiya buning hisobiga rivojlanish yo‘liga tushib oldi.
Yaponiyaning yuksalishi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lib qolmadi. Mamlakatda sanoatni tiklash uchun ham barcha zarur choralar ko‘rildi. Birinchi galda, AQSh Yaponiyadan urush zararlarini qoplash uchun mag‘lub davlatdan olinadigan tovon puli olishni bekor qildi. Bu Yaponiyaning yuksalishiga zarur bo‘lgan ancha mablag‘ning tejalishiga olib keldi.
Ikkinchidan, ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida shartnoma tuziladigan bo‘ldi. Bunda ish beruvchi korxona, xodimini to nafaqaga chiqquncha ish bilan ta’minlashi, xodim esa shu yillar mobaynida korxona uchun sidqidildan mehnat qilish majburiyatini oladigan bo‘ldi. Bu holat ish beruvchini ham, ishlovchini ham bir-biriga sadoqat bilan xizmat qilish ruhiyatini yaratishga asos bo‘ldi.
Uchinchidan, yapon xalqi xorijiy mamlakatlarning yutuqlarini o‘rganib, o‘z hayotiga tatbiq etishga kirishdi. Bir qancha davlatlar bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatdi, harbiy xarajatlarni kamaytirdi. Yaponiyada bu xarajatlarning hissasi yillik ijtimoiy mahsulot qiymatining atigi bir foizini tashkil etardi, xolos. Bunday tadbirlar butun kapital mablag‘ining juda katta qismini ishlab chiqarishga yo‘naltirishga imkon berdi.
To‘rtinchidan, Yaponiyada ta’limga juda katta ahamiyat berildi. Xususan, boshlang‘ich sinflarga toki oltinchi sinfgacha asosan "Axloq tomon yo‘l" dasturi ostida dars o‘tildi, bunda o‘quvchilar asosiy e’tiborni axloq va kishilar bilan muomalani chuqur o‘rganishga qaratdi. Buning natijasida yapon xalqi o‘zaro muloqotda hamisha bir-biri bilan past ohangda, turli ta’malarsiz gaplashadigan odatga ega bo‘ldi.
Beshinchidan, yaponlar boy bo‘lishiga qaramasdan xizmatkorlar mehnatidan foydalanmaydi. Demak, mos ravishda xizmatkorlar ham bo‘lmagan. Maktablarda ham o‘quvchilari ustozlari bilan birga har kuni 25 daqiqa sinfxonalarni tozalash bilan shug‘ullangan. Shu yo‘l bilan bolalarning biri qandaydir jihatidan ustun, ikkinchisi past emas, balki tenglik ruhiyatini singdirib borgan.
Oltinchidan, Yaponiyada intizom juda kuchli. Unga nisbatan ma’muriyatning talabidan ko‘ra har bir xodimning talabi ham kuchli. Masalan, poyezdning kechikish o‘lchami yilga hisoblaganda 7 soniya. Ko‘rinib turibdiki, Yaponiyada vaqt juda qadrli. Shu tariqa Yaponiyada intellektual salohiyatli, bilimdon, o‘ta madaniyatli avlod shakllangan, xalq mamlakatning tom ma’nodagi oltin fondi sifatida baholanadi.
Yettinchidan, sanoat korxonalaridagi jihozlar vaqti-vaqti bilan almashtirilib turiladi. Jumladan, sanoat korxonalarida barcha eskirgan jihozlar 1950 yilda yana almashtirildi. Bu islohot 1960 yilda o‘rta va mayda korxonalarga ham joriy etilib, bu yerda ham modernizatsiya qilindi. Yana bir muhim jihati, Yaponiyada tabiiy boyliklar kam. Shu tufayli xom ashyo va materiallarni xorijdan import qilib olib, ular qayta ishlanib, tayyor mahsulot sifatida eksport qilinadi.
Sakkizinchidan, Yaponiyada iqtisodiyotning rivojlanishida asosiy omillardan biri ko‘ptarmoqli sohalarning vujudga kelishi bo‘ldi. Bularning hammasi kapitalni tez aylantirishga olib kelish bilan birga tarmoqlarning ham kengayib borishiga sabab bo‘ldi. Birgina kemasozlik korxonalari keyinchalik mashinasozlik, kimyo jihozlari, turbinalar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga moslashtirildi. Shu tariqa ishlab chiqarishning o‘zida ham tarmoqlar muttasil kengayib bordi.
To‘qqizinchidan, mamlakatda eng muhim sanoat tarmoqlari bo‘lgan atom energiyasi, og‘ir sanoat, raketasozlik va boshqa sohalarga kapital qo‘yish muvofiqlashtirildi. Ko‘plab sanoat korxonalari yangi joylarga davlat hisobidan ko‘chirildi. Birida iste’molchilar manfaatiga moslashtirilgan bo‘lsa, yana bir yo‘nalishi xom ashyo va materiallarga yaqinlashtirildi.
O‘ninchidan, boshqa rivojlangan mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yilib, ulardan ilg‘or texnika va texnologiyalar to‘g‘risida litsenziyalar sotib olishdan juda keng foydalanildi. Mamlakatning o‘zida ilmiy-texnik izlanishlarga juda katta mablag‘lar yo‘naltirildi.
O‘n birinchidan, chiqindilardan ham samarali foydalanib, bir sohadan chiqqan chiqindini boshqa sohaga yo‘naltirildi. Ko‘plab chiqindini qayta ishlovchi korxonalar barpo etilib, juda sifatli mahsulotlar chiqarish imkoniyatlari ham qo‘lga kiritildi. Bu sohada ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarning ham asosiy qismi chet mamlakatlarga eksport qilindi.
Ayrim olimlar ta’kidlaganlaridek, yuqoridagi omillar “Yaponiya iqtisodiyotining gurkirab rivojlanishi uchun zamin yaratdi. 1950 yilga kelib sanoat ishlab chiqarish urushdan oldingi darajaga yetdi. 1951-1970 yillarda mamlakat iqtisodiyotining yillik o‘sishi o‘rtacha 14,6 foizni tashkil etdi. 1960 yilga kelib Yaponiya sanoatining yillik o‘sishi 20 foizni tashkil qildi. Bunday o‘sish hali hech bir davlatda kuzatilmagan edi. Bu iqtisodiy rivojlanish tarixda “Yapon mo‘’jizasi” deb nomlandi. Shunday qilib, Yaponiya o‘zining qisqagina tarixida xonavayron holatdan gurkurab rivojlangan mamlakatga aylandi.
Bugungi kunda Yaponiya robotlar ishlab chiqarish va foydalanish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turibdi. Avtomobillarni ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda. Mazk ur mamlakatning juda ko‘p qirralari borki, ulardan butun dunyo o‘rganib o‘zlariga tadbiq qilsa arziydi. Agar bunday muvoffaqiyatlarning zamiriga diqqat bilan qaraydigan bo‘lsak, yapon xalqining vatanparvarligi, intellektual salohiyatining yuqoriligi, ma’naviyatining yuksakligi evaziga korrupsiya elementlarining ojizligi, deyarli yo‘qligini sabab qilib keltirish mumkin.
Ushbu muvaffaqiyat omillarini o‘zimizda ham joriy qilish mumkin. Bu albatta buyruq va boshqa ma’muriy yo‘llar bilan bo‘lmaydi, butun xalqimiz o‘zini daxldor sifatida his qilib, shaxsiy mas’uliyatini oshirsagina erishish mumkin.
Mamayunus Pardayev,
SamISI professori, iqtisod fanlari doktori.
Ozoda Pardayeva,
TDIU Samarqand filiali kafedra mudiri.