Taraqqiyotning asosi fidoyilik va serg‘ayratlikda
bo‘ldi. Odamlar bilan uchrashish, suhbatlashish chog‘ida Yurtboshimiz bizni xalq bilan muloqotga bejiz chorlamayotganligiga yana bir karra ishonch hosil qildik.
Bizni hayratda qoldirgan tomoni – hatto olis qishloqlarda ham tadbirkorlar, tadbirkorlikka qiziquvchi kishilar davlat rahbarining deyarli barcha takliflarini yod olgan, puxta o‘zlashtirgan. Masalan, professor Bekmurod Aliyev bilan Ishtixon tumanidagi Uchkapa qishlog‘ida bo‘lganimizda shu yerlik Abror Rabbimov bilan suhbatlashib qoldik. Bu yosh fermer o‘zining faoliyati va yaqinda tashkil etgan tadbirkorligidagi ibratli ishlari haqida gapirdi.
Havasimizni keltirgan yana bir holat – bu odamlar davlat rahbarining joylarda chiqishini televizor orqali muntazam va ishtiyoq bilan kuzatib borayotganligidir. Bu esa xalqimizning siyosiy va huquqiy saviyasi oshib borayotganini ko‘rsatib turibdi. Demak, ular mamlakat taqdiriga befarq emas.
– Muhtaram Yurtboshimizning Toshkent viloyatiga tashrifini qiziqish bilan kuzatdim, – dedi muloqot chog‘ida Past Darg‘om tumanidagi To‘qboy mahallasida yashovchi Gulbeka Qo‘chqorova. – Shuni anglab yetdimki, biz avvalo, o‘z xonadonimiz, korxonamiz faoliyatining rejasini puxta tuzishimiz, xarajatni kamaytirib, sifat hisobiga daromadni ko‘paytirish haqida o‘ylashimiz kerak ekan.
Xullas, biz Ishtixon, Past Darg‘om, Jomboy tumanlarida 10 dan ortiq mahallada bo‘ldik va hokimliklar yordamida odamlarga 2018 yilda aynan ularning qishlog‘i, mahallasi va tumanida amalga oshiriladigan dastur hamda loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berdik.
Azamat MUXTOROV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
professori.