Tarbiya pedagogikasi – yangi davrning ma’naviy ehtiyoji

 

Yaqinda davlatimiz rahbari maktab ta’limi sifati va pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdilar. Ushbu tadbirda Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish taklifi ham muhokama qilingani faqatgina soha xodimlarida emas, balki keng jamoatchilik, xalqimiz orasida ham katta qiziqish uyg‘otdi.

Ushbu yangilangan institutga uch xalqa “mahalla-ota-ona-maktab” hamkorligini kuchaytirish, tarbiyaga doir adabiyotlar yaratish, jadid bobolarimizning tarbiyaviy g‘oyalarini ilmiy tadqiq etish vazifalarini qo‘yish barobarida 5 ta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy kengash faoliyati hamda magistratura va doktorantura bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish kabi muhim vazifalar topshirildi.

Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etishning tarixiy ahamiyati nimada va u qanday maqsadga qaratilgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, tarbiya – bugun jamiyatimizga suv va havodek zarur bo‘lgan, farovon turmushimizni ta’minlashning eng ishonchli yo‘li va kafolatidir. “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” degan iboraning o‘zi buni yaqqol tasdiqlab turibdi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida “tarbiya” degan tushunchaga “aniq maqsadli hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama kamol toptirishga, ularning ongini, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va dunyoqarashini shakllantirishga qaratilgan tizimli jarayon”, deb ta’rif berilganligi ko‘p narsani anglatadi. Ayniqsa, bugungi yangilanish davrida tarbiya jarayoni mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning o‘zagini tashkil etadigan, uning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni va istiqbolini belgilab beradigan omil sifatida tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgani ham ayni haqiqatdir.

Xalqimiz orasida, badiiy va ilmiy adabiyotlarda “Insoniyat tarixi – g‘oyalar tarixi”, “Bashariyat tarixi – ma’naviyat tarixi” degan iboralar bor. Aslida “Insoniyat tarixi – tarbiya tarixi” degan ibora haqiqatga yaqin, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki odamzot paydo bo‘libdiki, tarbiya degan tushuncha bor. Aniqroq aytsak, “inson” va “tarbiya” degan tushunchalar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq atamalardir.

Aslida, “ta’lim” bilan “tarbiya” o‘zaro aloqadorlikda, uzviy bog‘liqlikda va o‘zaro ta’sirda bo‘lgan, bir-birini taqozo etadigan, bir-birini to‘ldirib va boyitib boradigan tushunchalardir. Shu bois, davlatimiz siyosatida barkamol avlod tarbiyasini ta’limni rivojlantirish jarayonlari bilan uzviy aloqadorlikda olib borish ustuvor ahamiyatga egadir.

Yurtimizda tashkil etilajak Tarbiya pedagogikasi milliy instituti faoliyatida ana shu masala ustuvor ahamiyat kasb etishi tabiiy, albatta. Eng avvalo, maktablarda tarbiya fanini o‘qitishning sifati va natijadorligini oshirish faqatgina maktabgacha va maktab ta’limi yoki oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining emas, aynan mana shu oliygohning ham faoliyati mazmuniga aylansa, tarbiyadan ko‘zlangan maqsadlarga erishish imkoniyatlari oshadi.

Hozirgi kunda tarbiya fanini o‘qitish borasida qanday jarayon kuzatilyapti, ushbu fanning ilmiy va o‘quv-metodik ta’minoti, fanning istiqbollari qanday? Shu kabi masalalarni o‘rganish, ilmiy tadqiq etish, ushbu fanni o‘qitishning eng qulay, zamonaviy pedagogikaga asoslangan yechimlarini topish va amaliyotga joriy etish yangi milliy institut faoliyatida muhim yo‘nalish bo‘lib qolishiga mutaxassis pedagoglar katta umid bog‘lamoqdalar.

Hukumatimiz 2019 yil 31 dekabrda Uzluksiz  ma’naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilgan edi. Ushbu hujjat asosida tarbiya fani, uni o‘qitishga doir konsepsiya tasdiqlanib, unda yosh avlod tarbiyasi bilan bog‘liq ishlarni yangi, zamonaviy bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim vazifalar, maqsad va yo‘nalishlar belgilab berildi. Ushbu konsepsiyada belgilangan tadbirlar yoshlarimizni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, iste’dodini ro‘yobga chiqarish, ularni yurt taraqqiyoti maqsadlariga yo‘naltirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashgaxizmat qiladi.

Hukumatning 2020 yil 6 iyundagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2020-2021 o‘quv yilidan umumta’lim maktablarida “Odobnoma”, “Vatan tuyg‘usi”, “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” hamda “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini birlashtirgan holda yagona “Tarbiya” fani 1-9-sinflarda joriy etildi. So‘ngra, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab 10-11-sinflarda ushbu fan bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilishi belgilab qo‘yildi. Oliy ta’lim muassasalarida ham tarbiya fanidan dars beruvchi bo‘lajak pedagoglar uchun bo‘lajak 30 soatlik hajmda ushbu fanni o‘qitish metodikasi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Umumta’lim maktablarida tarbiya fanidan kimlar dars berishi mumkin, degan savol ham o‘zining javobini topdi: ushbu vazifa boshlang‘ich, ya’ni 1–4-sinflarda boshlang‘ich sinflar rahbarlari, 5-11-sinflarda esa avvalgi Vatan tuyg‘usi, Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari, shuningdek, tarix, ona tili va adabiyotdan dars beruvchi o‘qituvchilarga yuklatildi.

Ba’zilar pedagogikani bola haqidagi fan deb tushunadilar. To‘g‘ri, “pedagogika” degan so‘zning ma’nosi “bola yetaklayman” degani bo‘lsa-da, ushbu fan eng avvalo inson haqidagi, uning tarbiyasi haqidagi fandir. Fransuz adibi Antuan Sent-Ekzyuperi bejiz “Tarbiya ta’limdan ustun turadi. Insonni tarbiya voyaga yetkazadi”, deb aytmagan. Shu ma’noda “tarbiya pedagogikasi” degan ibora chuqur falsafiy mazmunga ega bo‘lgan tushunchadir.

Tarbiya pedagogikasi, avvalo, o‘quvchi yoshlarning bilim olishga, mehnatga bo‘lgan qiziqishini kuchaytiradi. Shuning barobarida o‘quvchida muloqot madaniyati, kommunikativlik fazilatlari, aqliy salohiyat shakllanib boradi,  bilimi va o‘zligini namoyon etish xususiyatlari kuchayadi. O‘quvchi yoshlarda e’tiqod va hayotiy pozitsiya shakllanadi - qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik, mardonavorlik va mustahkam iroda ko‘nikmalari tarkib topadi. Unda o‘z-o‘ziga tanqidiy baho barish, kamchilik va nuqsonlarni bartaraf qilishga intilish, ijtimoiy normalarga mos xulq-atvorni egallash ko‘nikmalari shakllanadi. O‘quvchida insoniylik, mehr-oqibat, o‘zgalarni hurmat qilish kabi fazilatlarni shakllantirishiga zamin tayyorlanadi. Unda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, bag‘rikenglik xususiyatlari qaror topadi.

Aslida tarbiya fani o‘qituvchisini tarbiya pedagogikasini targ‘ib qiluvchi mutaxassis deb tushunish mumkin. U pedagogik mahorat bilan bir qatorda ma’naviy va mafkuraviy yetuklik, kasbiga sadoqat, uni hayotining mazmuni deb bilish, vatanparvarlik, g‘ururlilik, ilmga moyillik, bilimdonlik, tashkilotchilik, xushmuomalalik, kommunikativlik kabi shaxsiy sifatlarga ega bo‘lishi lozim.

Bugungi o‘qituvchi o‘z bilim va tajribasini tinmay oshirib borishi, butun hayoti davomida o‘quvchi bo‘lib qolishi kerak. Ozgina bilim olish uchun ham ko‘p o‘qish kerak. “Men kam bilaman, lekin bilganlarimni juda yaxshi bilaman”, degan ekan bir donishmand. O‘qituvchi bo‘lish yuksak sharafga muyassar bo‘lish demakdir. Hamma ham o‘qituvchi bo‘la olmaydi. O‘qituvchilikdan ham xayrli ish, xayrli kasb dunyoda yo‘q.

Sharqu G‘arbning ulug‘ donishmandlari hikmatlarida aytilganki, yuksak g‘oyaviy maqsadlarga asoslanmasdan turib komil insonni tarbiyalash mumkin emas. Biz yangi davrni, yangi O‘zbekistonni barpo etmoqchimiz. Yangi O‘zbekiston, eng avvalo, ma’rifatli jamiyat degani. Bunday jamiyatga ma’rifatli insonlargina xos. Bugun tarbiya pedagogikasi xalqimizni ma’rifatli jamiyat sari yetaklaydigan yo‘lchi yulduz – mayoq bo‘lishi lozim.  

Zayniddin Boltayev,

Komil Haydarov,

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti professorlari.