"Tarbiyachi" multfilmlar tahlili bilan kim shug‘ullanadi?
Ayni mavzuda bir qator xorijiy mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar, ularning xulosalari xususida mulohaza yuritsak, foydadan xoli bo‘lmas. Misol uchun, AQShning Atlanta kasalliklarning oldini olish va nazorat etish markazi ilmiy guruhining xulosalariga ko‘ra, bolalar uchun ishlanayotgan filmlarda qahramonlar avvalgilarga qaraganda ko‘proq xavfsizlik qoidalarini buzyapti. Masalan, ularda shlemsiz mototsikl haydovchi, qutqaruv jiletisiz kemaga tushadigan, avtoulovni xavfsizlik kamarisiz haydaydigan qahramonlar biz, kattalar e’tiboridan chetda qolayotganiga alohida urg‘u beriladi.
Olimlar 67 ta eng mashhur filmlardagi hodisalarni belgilab chiqdi va ularni alohida bosqichlarga ajratib, taqqoslab o‘rgandi. O‘rganish 3 ta bosqichda amalga oshirildi. Birinchi bosqich 1995-1997, ikkinchisi 1998-2000 yillar oralig‘i va uchinchi bosqich 2003-2007 yillarda ishlangan bolalar filmlarini o‘z ichiga qamrab oladi. 2003-2007 yillarda yaratilgan filmlarda 56 foiz yo‘lovchilar xavfsizlik kamarisiz namoyon bo‘ladi. Ushbu ko‘rsatkich oldingi davrda 37 foiz holatda, 1995-1998 yillardagi kinolarning 27 foizida kuzatiladi. Bu bolalarning qoidalarga rioya qilishi borasida jiddiy muammolar yuzaga kelishiga sabab ekan. Umuman olganda, kinolarda xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya qilish holatlari juda kam.
Bola ko‘pincha filmda nimani ko‘rsa, shunga taqlid qiladi. Agarda uning tasavvuridagi "qahramon" texnika xavfsizligini buzsa, unga o‘qituvchining "Bu ishing to‘g‘ri emas", degan uqtirishi ta’sir etmasligi mumkin.
Qo‘rquv ham ekrandan chiqdi. Bugun vaqtining asosiy qismini televizor qarshisida o‘tkazuvchi bolalar nimani tomosha qilayotgani o‘ta jiddiy mavzu. Chunki ilk tasavvurlar inson hayotining so‘ngiga qadar uning xotirasida saqlanadi. Bugun ertak eshituvchi bolalar juda kam. Endi ular uchun kechqurunlari uxlash oldidan ertak yoki dostonlar tinglash zerikarlidek, go‘yo. Ularning tarbiyachisi televizor va kompyuter bo‘lib qoldi.
Demakki, bolalarning ekrandagi "ustozi" "saboq"lari ahamiyatini o‘rganish bugun juda dolzarb masala. Multfilmlardagi har xil yomon oqibatlarga olib keluvchi sahnalar ancha oldin ham kuzatilgani to‘g‘risida bir necha mulohazalar bor. Bugun deyarli barcha OAVda "ommaviy madaniyat" tahdidi to‘g‘risida jar solinyapti. Bunga sabab nima? "Ommaviy madaniyat"ning o‘zi nima?
Milliy telekanallarimizda axloqsiz va saviya jihatidan past multfilmlarga joy berilmayapti, deyishimiz noo‘rin. Bunday dadil gapirishimga sabab bor, albatta. Masalan, yaqinda mahalliy telekanallarimizdan birida quyonchalar haqida multserial berildi. Har bir qismida go‘yoki, beozor quyonchalar qaysidir dehqon tomorqasiga kirib, o‘g‘irlik qilishadi. Uy egasiga ozor yetkazishadi, o‘sha qahramonlar boshi berk ko‘chaga kirib qolganda katta quyonlar yordamga kelib, "ajabtovur" maslahatlar berishadi. Buning tarbiyaviy ahamiyati qanchalik o‘rinli?
Bolalar olami juda beg‘ubor va ta’sirchan. Bu olamga hech kimning qo‘rqinchli, buzg‘unchi va illatli g‘oyalarni olib kirishga haqqi yo‘q.
Abdusamad RUSTAMOV,
Urgut tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.