Tarix qatidagi haqiqat: Buxoro amirligi qanday tugatilgan edi? (2-qism)
(Maqolaning boshlanishini quyidagi havola orqali o‘qishingiz mumkin)
Shunday qilib, Buxoroda hali “inqilob” boshlanmasdan turib, Toshkentda RKP (b) MK va RSFSR hukumatining vakolatli organlari bevosita rahbarligida “inqilob” g‘alaba qozongandan keyin o‘rnatiladigan yangi tuzum va davlat shakli qanday bo‘lishi kerakligi aniqlab olindi. Gap endi faqat da’vat qilinishi lozim bo‘lgan “inqilob”ning o‘zini amalga oshirishda qolgan edi. Bu jarayonlarda Buxoro Kommunistik partiyasi va inqilobchi “Yosh buxoroliklar” partiyasi rahbarlari o‘rtasida keskin tortishuvlar va jiddiy munozaralar bo‘lgan bo‘lsa ham ular Rossiya bolsheviklari fikrini qabul qilishdi va harbiy yordam so‘raldi.
1920 yil 21 avgustda Turkiston fronti qo‘mondoni M.Frunze va Turkiston fronti harbiy inqilobiy kengashi a’zosi Yu.Ibrohimov RSFSR Harbiy ishlar xalq komissari L.Trotskiy nomiga telegramma yo‘llab, Buxoroni bosib olishga hamma narsa tayyor ekanligini ma’lum qilganida, bolsheviklarning rahbarlaridan biri I.Stalin bu telegrammaga “o‘rtoq Frunze retseptiga ko‘ra zudlik bilan harakat qiling”, deb rezolyusiya qo‘ygan. Bu jumlaning ostiga esa V.I.Lenin va N.Buxarin “roziman” deb qo‘l qo‘yishgan.
1920 yil 16-18 avgustda Chorjo‘yda Buxoro kommunistlarining 4-s’yezdi bo‘lib, unda amirga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Bolsheviklarning makkorona rejalari amalga osha boshlagan. Tarixda “yalpi qo‘zg‘olon” deb atalgan harakat 1920 yil 23 avgustda kommunist Beshim Sardor boshchiligidagi yollanma turkman otliqlarining Chorjo‘y yaqinidagi Saqor Bozor qishlog‘ini ishg‘ol qilishi bilan boshlandi. Beshim Sardor va Yangi Chorjo‘y kommunistlari darhol Eski Chorjo‘yni ishg‘ol qilganlar, yuzdan ortiq amaldorlar qamoqqa olingan. Chorjo‘y bekligi xazinasi qo‘lga kiritilib, bu boyliklar darhol Chorjo‘y revkomi va yangi hukumat qo‘liga o‘tgan. Bolsheviklar bilan bo‘lgan avvalgi kelishuvga ko‘ra shu kuni Chorjo‘y revkomi “Butunbuxoro xalqi nomidan” Turkiston fronti qo‘mondonligiga harbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Vaholanki, Buxoro xalqi kommunistlar s’yezdi qaroridan ham, Beshim Sardor isyonidan ham bexabar edi. Xullas, Buxoro taqdiri qizil qo‘shin ixtiyoriga topshirildi.
M.Frunze “yordam” so‘rash to‘g‘risidagi murojaatni olgach, Turkiston fronti qo‘shinlarini to‘rtta zarbdor guruh (Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Chorjo‘y va Kogon)ga ajratadi. Samarqand guruhi 29-30 avgustda Shahrisabz-Kitob yo‘nalishi bo‘ylab harakat qilib, Qarshi va G‘uzorni egallashi, Kattaqo‘rg‘on guruhi esa shu kunlari Xatirchi, Ziyovuddin va Karmanani olishi, Chorjo‘y guruhi Eski Chorjo‘yni egallab, Amudaryoning Afg‘oniston bilan chegaralarini nazorat qilishi, Forob va Qorako‘lni bosib olib, qo‘shimcha buyruqni kutib turishi lozim edi. Asosiy vazifa Kogon guruhi zimmasiga yuklandi. U Eski Buxoro shahrini bosib olishi, amir Olimxonni asirga tushirishi va Arki oliydagi xazinani egallashi kerak edi.
1920 yil 25 avgustda qo‘mondon M.Frunze Turkiston fronti qo‘shinlariga “qo‘zg‘olon ko‘targan Buxoro mehnatkashlariga yordam ko‘rsatish to‘g‘risida” buyruq berdi. Zarbdor guruhlarning ko‘pchiligiga dastlabki marralarni egallash va 29 avgustga o‘tar kechasi faol harakatlarni boshlash buyurildi. Bosqinchi qizil armiya tomonidan poytaxt Buxoro shahriga hujum ham 29 avgustga o‘tar kechasi boshlandi. Hal qiluvchi janglar Buxoroyi sharif darvozalari yaqinida ro‘y berdi. Bu voqealarning bevosita shohidi quyidagicha yozgan edi: “Shahar markazi yer bilan yakson qilindi. Jang davomida ko‘plab samolyotlar va zambaraklar ishga solindi. Minglab snaryadlar va bombalar Eski Buxoro ustiga yog‘dirildi. Shahar himoyachilaridan tashqari ko‘plab begunoh keksalar, ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Yuzlab aholi uy-joylari, me’morchilik va tarixiy obidalar yer bilan yakson bo‘ldi. Registon yondirildi”.
Eski Buxoro shahri 29 avgustdan boshlab ham havodan, ham yerdan qattiq bombardimon qilingan. 1-2 sentyabr kunlari Buxoroning Qarshi darvozasigacha kelgan temir yo‘lda turgan bronepoyezd hamda Samarqand, Shayx Jalol, Namozgoh darvozalari yaqinida joylashtirilgan to‘plardan shaharga 12 mingta snaryad tashlangan, 12 ta harbiy aeroplan esa shahar ustida 3 kun mobaynida bomba yog‘dirgan. Bir necha yuz ming dona patron sarflangan. Shaharning Qarshi va Samarqand darvozalari tagiga 800 kilogramm dan ortiq porox ko‘milib portlatilgan. Qulab tushgan darvozalardan qizil askarlar shaharga bostirib kirganlar. Muqaddas Buxoroyi sharifda qaqshatqich ko‘cha janglari boshlanib ketgan.
Amir Olimxon shahar obidalari va aholini omon saqlash maqsadida poytaxt Buxoro shahrini tashlab chiqib ketgan. Qizil qo‘shin aeroplanlari uni qidirib topish bahonasida Buxoro shahridan tashqari shahar atrofidagi qishloqlarni, tarixiy obidalardan Sitorai Mohi Xosani bombardimon qilgan. Shafqatsiz o‘q yomg‘irlari va bombardimon natijasida shahar obidalarining 3/5 qismi vayron etilib, minglab begunoh odamlar nobud bo‘lgan.
Shunday qilib, 1920 yil 2 sentyabrda Buxoroda amirlik tuzumi qizil askarlar tomonidan qurol kuchi bilan ag‘darib tashlangan. O‘sha kuni qizil askarlar Buxoro hukmdorlarining qarorgohi – Ark (Arki oliy)ni egallab, uning ustiga o‘z bayroqlarini tiklagan. Qizil armiyaning Buxorodagi bosqiniga boshchilik qilgan M.Frunze Moskvaga –V.I.Leninga telegramma yo‘llab, Eski Buxoro qal’asi qo‘lga kiritilganligi hamda “Buxoro mustabidlari va qora guruhlarining oxirgi tayanchi tugatilgan”ligini “zo‘r mamnuniyat” bilan ta’kidlagan.
Buxoro shahrini bosib olgan qizil askarlar Arkdagi amir xazinasini, Buxoro qozikaloni, qushbegisi va boshqa saroy amaldorlarining butun boyliklarini talon-toroj qilganlar. Xususan, Turkiston fronti qo‘mondoni M.Frunze, Buxoro qo‘shin gruppasining boshlig‘i I.Belov, ko‘plab qizil armiya komandirlari va oddiy jangchilar katta boylikni o‘zlashtirganlar. M.Frunze va Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi inqilobchi “Yosh buxoroliklar” partiyasi rahbarlari vayron qilingan va talangan Buxoroyi sharifga qizil askarlar hamrohligida kirib kelishgan.
Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darib tashlangach, o‘sha paytda jahondagi eng katta xazinalardan biri hisoblangan amirlikning butun xazinasi ikki eshelonda (har bir eshelonda 20 ta qizil vagon bo‘lgan) Moskvaga jo‘natilgan. Ba’zi manbalarga qaraganda, Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi BXSR rahbarlari xazinaning bir qismini bolsheviklar talon-torojidan asrab qolishga muvaffaq bo‘lishgan. Ular bu xazinadan keyinchalik Buxoroda respub¬lika tuzumi asoslarini qaror toptirishda, buxorolik talabalarni Germaniya, Turkiya va boshqa mamlakatlarda o‘qitishda foydalanishgan. Oltin (quyma oltin va tilla tangalar), qimmatbaho tosh¬lar va nodir buyumlardan iborat bu xazinaning umumiy qiymati o‘sha paytdagi narx bilan 77 million tilla so‘m (bugungi bahoda taxminan 80 milliard dollar)ni tashkil qiladi. Bu boyliklardan 1920 yili iqtisodiy nochor sovet Rossiyasi o‘z manfaatlari yo‘lida foydalangan. Tilla tangalar va qimmatbaho toshlarning bir qismini o‘marganligi uchun M.Frunze 1920 yil kuzida Moskvada ma’lum muddat uy qamog‘ida ushlab turilgan va “o‘rtoq Frunze ishi” ochilgan.
Buxoro amirligi xazinasining tarixi va taqdiri, xazinaning sovet Rossiyasi tomonidan o‘zlashtirilishi xusu¬si¬da ayrim tarixiy asarlarda so‘z bora¬di.
Sayyid Mansur Olimiy (Amir Said Olimxonning o‘g‘li, 1931 yil Afg‘onistonda tug‘ilgan) tomonidan yozilgan “Buxoro Turkiston beshigi” asarida qizil armiyaning Buxoroga bosqini va amirning Buxoro taqdiri hal qilinayotgan fursatdagi tadbiri quyidagicha yoritilgan: “Tungi soat ikki yarimda Frunze lashkarlari Buxoroga hujum boshladi. O‘n ikki aeroplan Buxoroni kecha-kunduz bombardimon qildi. Natijada 50 mingdan ortiq erkak va ayol, bolalar halok bo‘ldi, uylar, masjidlar, madrasalar, tijoratxonalar vayron etildi. Amir tomonidan hozirlab qo‘yilgan jang anjomlari, zaxiralari vayron etilib, kommunistlar tarafidan yondirib yuborildi.
Amir Olimxon to‘rt kunlik jang¬lardan so‘ng Buxoro aholisi jonini saqlab qolish maqsadida hamda dushmanlarga qarshi jang qilish uchun o‘z kuchining zaifligini anglab, kurashni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Shanba kuni Sitorai Mohi Xosa bog‘ini tark etib, payshanba kuni Afg‘oniston elchisi Abdushukurxon, Toshkentdagi elchi Muhammad Aslamxon Sayg‘oni mirish¬kor, afg‘on lashkari qozisi hamda 25 ming Buxoro va afg‘on sarbozlari ishtirokida G‘ijduvon orqali Vatandan chiqib ketdi”.
O‘sha davr voqealarining bevosita shohidi bo‘lgan mahalliy tarixchi Muhammad Ali Baljuvoniy o‘zining “Tarixi nofeiy” (“Foydali tarix”) asarida qizil askarlar tomonidan qilingan Buxoro bosqini oqibatlarini quyidagicha tasvirlaydi: “Buxoroni bosib olish natijasida 34 ta guzar, 3 mingdan ortiq do‘kon, 20 ta saroy, 29 ta masjid yonib xarob bo‘ldi. Minorai Kalonga ham zarar yetib, Olimxon va Mir Arab madrasalari qisman yonib ketdi… Hazrati Imom darvozasidan Guzari Nazargacha, Kofirobod, O‘g‘lon darvozasi, Masjidi Kalon, Zindondan To‘qumdo‘ziy hammomigacha, minora ostidan to So‘zangaron dahasi, Gulbozor, Lattafurushlar rastasi, Registondan to Puli Oshiqonning boshigacha batamom yonib ketdi. Qarshi darvozasi ham yonib bitdi. Shaharda uch mingga yaqin hovli yonib kul bo‘ldi. Buxoro shahri qariyb 20 kun yongandi. Buxoroning shu darajada xarob bo‘lganini hech bir tarix ko‘rmagan edi”. Buxoroliklar bu kunlarni “kichik qiyomat” deb atashgan.
tarix fanlari doktori, professor.