Tarixiy obidalarda taraqqiyot deb fahshni tarqatayotganlar kimlar?

Oktyabr oyida Shahrisabz shahridagi restoranga aylantirilgan, bir necha asrlik "Koba" karvonsaroyida ko‘ngilochar kecha bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Keshnews kanali xabar berdi.
Tadbir tashkilotchilari «Koba» va Shahrisabzning ulug‘vorligi, qadimiyligi, an’anlarini bir pulga olmasdan, strip-plastika, yana ham ochiqroq aytadigan bo‘lsak, yalang‘och qizlar raqsini mehmonlarga namoyish etishdi.
Bunday tadbirlarga yarim yalang‘och qizlar yordamida «fayz» berish Shahrisabz, qolaversa, Qashqadaryo viloyati haqida mehmonlarda yomon taassurot paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmaydimi?
Maqolada viloyat hokimi Z.Ro‘ziyevdan va viloyat hokimining turizmga mas’ul o‘rinbosari, Shahrisabz shahri hokimidan bu tadbir haqida tushuntirish berishlari so‘ralgan.
Qashqadaryo viloyati hokimligining axborot xizmati bergan izohga ko‘ra, restoran ma’muriyatining tadbirda yarim yalang‘och qizlar raqsi namoyish etilishidan xabari bo‘lmagan. Tadbirda biror bir xorijiy mehmon bo‘lmagan. Ushbu tadbirga hokimlikning hech qanday aloqasi yo‘q.
"Koba" karvonsaroyi o‘rnida tashkil etilgan restoran direktorining @keshnews’ga ma’lum qilishicha, bu tadbir yakkabog‘liklar tomonidan shartnoma asosida tashkil etilgan.
Restoran rahbari bunday raqslarning bo‘lishi haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmagan. Ular faqatgina tadbirni tashkil etish uchun restoranni ijaraga berishgan.