Tarixning o‘qilmagan sahifalari: Mardikorlikka qarshi qo‘zg‘olon nimadan kelib chiqqandi?
Birinchi jahon urushi unda ishtirok etayotgan Rossiya imperiyasini tobora holdan toydirmoqda edi. O‘n minglab askarlar jangda qurbon bo‘ldilar. Rossiya Oliy Bosh qo‘mondonlik shtabi vaziyatdan chiqish uchun harbiy vazirlikdan «armiya ehtiyojlari uchun salmoqli miqdorda kuch ajratishni» talab qildi. Bu kuchni harbiy vazirlik mustamlakalardan to‘plashni o‘yladi. Natijada Rossiya imperatori Nikolay II 1916 yil 25 iyunda Turkiston, Sibir va Kavkazdagi 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan erkaklarni front orqasidagi xizmatlar uchun safarbar qilish to‘g‘risida farmon chiqardi.
Turkiston general-gubernatoriga zudlik bilan farmonni amalga oshirish buyurilib, Sirdaryo viloyati zimmasiga 87 ming, Samarqandga 38 ming, Farg‘ona zimmasiga 50 ming kishi yuborish majburiyati yuklandi. O‘lkada safarbar qilinuvchilarning ro‘yxatlari tuzila boshlandi. Shusiz ham urush va mustamlakachilik zulmi ostida ezilgan xalq bundan qattiq norozi bo‘ladi. Petrograddan ba’zi tabaqadagilar tovon evaziga mardikorlikdan ozod qilinishi mumkinligi to‘g‘risida qo‘shimcha ko‘rsatmalar yetib kelganidan keyin xalq noroziligi qo‘zg‘olonga aylanib ketadi.
G‘alayonlar Xo‘jand shahrida boshlanib, keyin Samarqand viloyatining turli hududlariga, Toshkent, Farg‘ona vodiysi va nihoyat, Jizzaxga yetib kelib, butun Turkistonni qamrab oldi.
Qo‘zg‘olon natijasida minglab odamlar hibsga olinib, ularning yuzdan ortig‘i o‘limga mahkum etilganligi qo‘zg‘olonning ko‘lami qanchalik katta bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Ushbu voqealarga oid muxtasar tadqiqotlar o‘zbekistonlik yirik olimlar H.Ziyoyev, D.Ziyoyeva va boshqalar tomonidan olib borilgan. Oradan shuncha vaqt o‘tishiga qaramay tariximizning ushbu kunlariga taaluqli yangi manbalarga takror va takror duch kelaveramiz.
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy arxivida 1916 yildagi mardikorlikka olishga qarshi g‘alayonlar guvohlari, Rossiyaning sovuq o‘lkalariga mardikorlikka olib ketilgan hamyurtlarimiz, bevosita ushbu voqealar ishtirokchilarining 1916-1917 yildagi Turkiston va Rossiya imperiyasidagi voqea-hodisalar, Peterburgdagi 1917 yilgi fevral inqilobi, oktyabr to‘ntarishlari haqidagi xotiralari saqlanadi. Ushbu esdaliklar 1959 yilda O‘zFA Tarix va arxeologiya institutining katta ilmiy xodimi professor X.Tursunov tomonidan o‘sha vaqtda hayot bo‘lgan qo‘zg‘olon qatnashchilarining xotiralariga tayanib yozib olingan. Oradan 3 yil o‘tib, 1962 yilda olim o‘zi to‘plagan xotiralar jamlanmasini Samarqand muzeyiga taqdim etadi.
Qayd etilgan qo‘zg‘olon ishtirokchilarining 6 nafari Kattaqo‘rg‘on tumani, 3 nafari Oqdaryo tumani, 1 nafari Zomin tumani, 1 nafari Jizzax tumanida istiqomat qilgan bo‘lib, hujjatlarda ular yashab turgan manzillarning ayni vatqdagi nomlanishi bilan birga 1916 yilda qo‘zg‘olon yuz bergan vaqtdagi nomlari ham keltirilgan.
PO‘LATOV MAXMUD XOTIRALARI
Yashash manzili: 1916 yilda Kattaqo‘rg‘on uyezdi, Payshanba volosti, Kadan guzari.
1959 yilda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Girdi qo‘rg‘oni, Frunze ko‘chasi 48-uy.
Yoshi 66 da.
“Men 1916 yildan ilgari yetim edim va “saroy Paxtachi” degan Roziqboyda xizmatkor bo‘lib ishlardim. Dashtda otamdan qolgan 3 tanob yerimiz bor edi. U yerdan biz to‘liq foydalana olmas edik.
Bizning volost boshlig‘imiz Mulla Xudoyberdi Roziqov degan katta yer egasi bo‘lib, uning 50-60 tanob yeri, tegirmoni bor edi. Ukalari va butun avlodi yirik savdogarlardan edi.
Bizning volost mirzoyimiz Mirzo Sodiq degan kishi edi. Bizning do‘mimiz Rashid degan katta yer egasi bo‘lib, uning 10-20 tanob yeri bor, savdogarchilik bilan shug‘ullanar edi.
Ular Samarqand, Toshkent shaharlariga qatnab, kovush va mahsi bilan savdogarchilik qilar edi. Qozimiz qozi Abdujalilboy degan katta yer egasi edi.
Yerli hokimlar halqni xo‘rlab, zulm ostida ezar edi. Shu davrda men yosh edim. Bizning hozirgi O‘zbekistonni Turkiston der edilar.
Xuddi shu vaqtda Nikolay hukumati Germaniya bilan 1914 yildan boshlab urushyapti degan gaplarni biz eshitib yurar edik. Shu vaqtlarda Samarqand gubernatori (Nikitov bo‘lsa kerak) kelar emish, degan mish-mish gaplar tarqaldi.
Shunda yerli hukumat boshliqlari uni kutish uchun yo‘llarga suv sepib, gilamlar solib, domla, qozi, so‘filar kutgani chiqishdi. Shunda biz ham tomosha qilgani chiqdik. Shundan keyin Nikolay mardikorlikka odam olar emish, degan gap tarqaldi. So‘ngra bizning qishloqdagi xalqni takyaga (hozirgi park o‘rniga) to‘plab “biz har uch xonadondan bir kishini, ikki-uch bolasi bor kishining bitta bolasini mardikorlikka olamiz” dedi. Bu gapga javoban xalq qiy-chuv qilib, to‘polon ko‘tarib, “biz mardikorga odam bermaymiz, bizning bolalar bormaydi” dedi.
Shundan keyin mingdan ortiq xalq g‘alayon qila boshladi. Shunda volostnoy va mirzo qorilar sekin qochib ketdilar. Ellikboshilar xalq orasiga kirib, xalqni tinchita boshladi. Xalq tinchimadi, bizning qishloqdagi halqlardan ko‘pi kambag‘al va o‘rta dehqonlar ahvolini bilish uchun Kattaqo‘rg‘on markaziga ketdilar.
Bizning qishloq aholisi Kattaqo‘rg‘onga borganda, u yerda katta g‘alayon bo‘lganini ko‘rishdi. Ular ham meni bilishimcha qo‘zg‘olonga qo‘shilgan edi. Qo‘zg‘olonchilarga qarata hokim askarlari o‘q ota boshlaganlar, shunda xalq tarqala boshlagan, deb eshitganman.
Lekin men o‘zim qo‘shilmaganman. So‘ngra bizning qishloqda mardikorlik ro‘yxati tuzila boshladi. Unda asosan kambag‘al qishloq bolalarini, yetimlarni ro‘yxatga olganlar. Shular orasida men, Oston Tursunov, Shukur Parmanov kabi do‘stlarim bor edi.
Buni eshitib, bizning qishloqdagi ko‘p kishilar dashtlarga va Xatirchiga (Buxoro amirligi hududi) qochganlar. Bizni esa ko‘chalardan ushlab kelib, madrasa hujrasiga qamadilar. Bizni qo‘riqlash uchun bir necha kishi keldi. Shu madrasa xonasida 3 sutka o‘tirdik. So‘ngra bizni aravalarga solib, qarovul qo‘yib, Kattaqo‘rg‘onga kazarmaga olib borib tushirdi.
Biz u yerda uch kun turdik, so‘ngra bizni poyezdga soldi. Bizning Payshanbadan 600 ga yaqin kishi mardikorlikka olingan edi. Biz bilan eshelonga 1040 kishi ortildi. Eshelon mingboshisi Xalil Xoliqov degan kishi bo‘lib, uning mirzosi Jumaboy degan kishi edi.
Bizning eshelonda men yuzboshilarga tilmoch edim, chunki men birozgina rus tilini bilar edim. Shunda bizni Toshkent orqali Moskva tomon olib ketishdi.
Bizni Penzaga olib borib, hammamizga kuchli ukol qildi, ayrim odamlar ukolga chiday olmay o‘lib ham ketdi.
So‘ngra bizni “Stariy Moskva” degan yerga olib borib, tushirdi. Biz borib tushgan yer – Orexova Zuyevadagi zavodda hammani Drezmadagi zavod, Shurova degan zavod, Podolskdagi “Zinger” zavodlariga bo‘lib yuborib, shu zavod egalari qo‘liga topshirishdi. Meni shunda Xasan va Qiyotli Yo‘ldosh degan kishilar bilan avval Orexova Zuyevadagi zavodda ishlatib, keyin Dreznadagi fabrikaga olib ketishdi.
Biz u yerda yuk tashidik va har xil og‘ir ishlarni qildik. Bizning yarmimiz kraska zavodida torf kovlab chiqarar edik. Bularni bilishimning sababi shuki men ikki yoqda tilmoch edim.
Biz shu yerda 9 oylarcha ishladik. Bu yerga bizning zavodga yaqin yerdagi Morozov zavodidan Legche ismli bir rus kishi kelib-ketib yurar edi. Biz u bilan do‘stlashdik.
Kunlarning birida mening tilmochligimni bilib “zavtra rabotat ne nado” dedi. Shunda biz undan “nima uchun ishga chiqmaymiz, nimani bahona qilamiz?” deb so‘radik. Shu kunlarda bizning nonimiz birdan qora bo‘lib qolgan edi. Legche ismli rus “nonni qora bo‘lib qolganligini bahona qilishingiz kerak” dedi.
Biz ertasiga 104 kishi ish tashladik. Zavod kattalari bizning oldimizga kelib do‘q qilishdi, lekin biz ishga chiqmadik.
Shunda qurolli nazoratchilar ham kelib bizni majbur qilib ko‘rishdi, biribir chiqmadik. Bizning ish tashlashimiz 3 kun davom etdi. 3 kundan keyin Moskvadan 2 ta rus chollar keldi. Ular bizdan nima sababdan ish tashlaganimizni so‘radi. Biz ularga go‘sht yemasligimizni va qora nonni bahona qildik.
Ular bizdan o‘z yerlaringizda nima yer edingiz deb so‘radi. Biz ularga o‘zimizda saqlanib qolgan mayiz, yong‘oq, shirmoy nonlarni ko‘rsatdik. Shundan so‘ng zavod rahbarlari go‘sht va oq undan bo‘lgan non berishga qaror qilishdi. Biz ishga chiqdik.
Oradan 10 kun o‘tgach, bizning umumiy jo‘ramiz Legche bir paketni qo‘limga tutqazib, 30 tiyin pul olib ketdi. Ketar oldidan paketni hech kimga ko‘rsatmasligimizni tayinladi. Bilsak unda 4 sahifali kitobcha bor ekan.
Uning ichida “Doloy Nikolay, svobodniy Rossiya” degan so‘zlar ko‘p edi. Paket ichida kichkina qizil bayroq rasmi bo‘lib, unga ham “Svobodniy Rossiya” deb yozilgan ekan.
Shundan ikki kun keyin Drezna, Zuyeva, Morozovdagi hamma ishchilar bayroq ko‘tarib, “Doloy-doloy” degan so‘zlarni aytib ko‘chaga chiqishdi.
Ular ko‘chada ko‘ringan hukumat amaldorlarini ushlab vagonga qamar edilar. Shundan keyin biz Moskvaga keldik.
Moskvada ham xuddi shunday g‘alayonlar bo‘lib, odamlar bayroq ko‘tarib ko‘chada yurar edi. Shu davrda bizga ovqat bermay qo‘yishdi. Ruslarning bir “proporщik” degan kattasini ushlab olib, biz musulmonlarga taom berishini yoki ortga-uyimizga yuborishini talab qildik. Shunda bizni tatarlar madrasasiga joylashtirishdi.
Oradan ko‘p o‘tmay bizni yurtimizga qaytarish uchun komissiya tuzilib, qaytara boshlashdi. Biz hamma musulmonlar poyezdga chiqib, Samarqand tomon kela boshladik. Biz kelayotganda ayrim ruslar “o‘z yeringizga borganda o‘z hokimlaringizga qarshi kurashib, rabochiy organizatsiya tuzinglar, xalqni o‘zingizga qaratinglar” dedi.
Biz kelgandan keyin bizni mardikorlikka olib borib kelgan ming boshi Xalil Xoliqovni “rabochiy organizatsiya”ga boshliq qilib sayladik. Hozirgi bolnitsa o‘rniga idora qildik. Shunda boylar bizga qarshi chiqdi. Shunda eski volostnoy va pristunlar qochib ketdi”.
16 aprel 1959 yil.
(Davomi bor)
nashrga tayyorlovchi: Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov.