Tarixning o‘qilmagan sahifalari: Mardikorlikka qarshi qo‘zg‘olon nimadan kelib chiqqandi?
(Davomi. Boshlanishi)
Yarlaqob Beknazarov - 1916 yilda Jizzax uyezdi Jom volosti Chuqurtoq qishlog‘ida yashagan. 1959 yilda Zomin rayoni Zomin sovxozi 4-bo‘limda yashaydi. Baxshi, 71 yoshda.
Mardikorlikka olish haqida podsho farmoyishini mingboshi, ellikboshi, starshinalar ma’qullab, ro‘yxatga kirishdilar. Xalq bunga norozi bo‘lib, to‘da-to‘da qo‘zg‘aldi. Bizning Chuqurtoq qishlog‘idan 500 chog‘li kishi qo‘zg‘olon ko‘tarib, starshina Mulla Mahkamboyning uyiga bostirib bordi. Qo‘zg‘olonga kambag‘al dehqon, so‘zga usta Turdibek Xudoynazarov bosh bo‘ldi. Mulla Mahkamboy uyining mehmonxonasida ekan. Uning uyiga 50 chog‘li odam bostirib kirdi. Men derazada qarab turdim. Turdibek Xudoynazarov starshinaga qarab shunday dedi: “Sen starshina bo‘lib xalq bilan kelishib ish qilasanmi yoki nuqul kambag‘allarni mardikorlik ro‘yxatiga bitasanmi?”
Mulla Mahkamboy shunday javob qildi: “Yo‘q, Mulla Turdibek! Agar hamma shaharlar mardikor bersa biz bermay turolmaymiz, bermaydigan bo‘lsangiz maslahat qilurmiz”.
Shunda Turdibek “sen allaqachon ro‘yxatni tuzgansan, uni bizga ber” dedi. Starshina “ro‘yxat menda yo‘q” dedi. Turdibek “biz seni o‘ldirgani, ro‘yxatni esa olgani keldik. Sen ro‘yxatni Jom volosti mingboshisiga bergansan, hozir biz seni volostnoy oldiga olib boramiz, sen ro‘yxatni olib berasan” dedi. Xalq starshinani o‘rab olib, “yur-yur” degancha sudrab uyidan olib chiqdi.
Shu 500 chamali kishi bo‘lib, starshinani qurshab, Jomga tomon jo‘nadik. Qo‘ng‘irboy qishlog‘iga yetishimizga oz qolgan ediki, birdan oldimizga ot choptirib, Mulla Yusuf Qozi va Abdurahmon xatanak – starshinaning qarindoshlari chiqib qoldi. Ular xalqni to‘sib, turtib starshina Mulla Mahkamboyni qutqarmoqchi edi. Shunda xalq starshinani olomon qilib, bir zumda o‘ldirdi. So‘ngra Mulla Yusuf Qozini o‘ldirmoqchi bo‘lib yopishdilar. U qochdi, baribir uni tutib hovuzga tashlashdi. Faqat qarindoshlari hovliqib kelib qolishdi va xalqqa yolvorib o‘limdan saqlab qolishdi. Uning o‘lmay qolgani bizning boshimizga ming baloni yog‘dirdi.
Xaloyiq xay-haylab Jomga yo‘l tutdik. Bizdan qochib qutulgan Abdurahmon xatanak Zominga borib, pristun (uchastka pristavi)ga xabar qilgan ekan. Pristun odamlari bilan Jomga mingboshi Mulla Fozil oldiga kelgan ekan. Jomni hamma tomondan xalq o‘rab oldi. Bir tomondan bizning qishloq bo‘lsa, boshqa tomondan Qirq qishloqliklar o‘rab olishgan edi. Qirqliklar ham o‘z ellikboshilarini o‘ldirgan ekan.
Shu payt ahvoli tang bo‘lgan Mulla Fozil mingboshi va pristun otga minib qurshovdan chiqishga urindi. To‘pponchalaridan o‘q otib, Zomin tomonga qochishdi. Ortidan quvlagan olomon uni Zominga yetmasdan tutib olib qatl qilishdi. Pristunni esa Zominda qo‘lga olishganini keyin eshitdim. Bu voqeadan keyin ko‘p kishilar qamaldi. Biz ko‘pchilik bo‘lib toqqa qochdik. Faqat omon-omon bo‘lgach uyga qaytdik. Biz qishloqqa qaytgach qo‘zg‘olonchilardan omon qolgan Mulla Yusuf Qozi meni va 9 ta hamrohimni “starshinani o‘ldirishda va meni kaltaklashda qatnashgan”, deb ko‘p so‘roq qildirdi.
Yarlaqob BEKNAZAROV. 1959 yil 21 aprel.
(Davomi bor)