Tashkilotingizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlarining «Tayanch guruhlari» faoliyat yuritadimi?
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari viloyat hududiy birlashmasi faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida 2018 yil 27 avgustda viloyat hokimining «Viloyatda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosi tahlil etilganda, joylarda tuman (shahar) hokimliklari, tashkilot, korxona, muassasalar rahbarlari tomonidan yetarlicha e’tibor berilmaganligi, ular qoshida «Tayanch guruhlari» faoliyati yo‘lga qo‘yilmaganligi kuzatildi.
Jumladan, Samarqand shahrida joriy yil birinchi yanvar holatiga ko‘ra, shahar aholisining umumiy soni 538,2 ming nafarni tashkil etsa, ularning bor-yo‘g‘i 79064 nafari doimiy ish bilan band. Hokimlik, korxona, tashkilot, o‘quv yurtlari rahbarlari tomonidan hamkorlikda targ‘ibot ishlari talab darajasida olib borilmagan. Bugungi kunda shahar jamiyati a’zolari soni 4050 nafarni, ya’ni umumiy aholi soniga nisbatan atigi 0,07 foizni tashkil etmoqda.
Hududdagi 437 ta davlat, shuningdek 76 dan ortiq xo‘jalik boshqaruvi tashkilotlarining atigi 2 tasida «Tayanch guruhlari» faoliyat ko‘rsatayapti.
Vaholanki, tashkilot, korxona, muassasalarda tashkil etilmagan boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilariga jamiyatlar tomonidan federatsiya a’zoligi pul mablag‘larining 10 foizi miqdorida oylik maosh, a’zolari 500 nafardan ortiq tashkilotlarda alohida shtat birligi, yangi ishchi o‘rni tashkil etish imkoniyati mavjud. Biroq joylardagi hudud rahbarlari, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi, paxtasanoat, qishloqxo‘jalikkimyo kabi bir qancha yirik tuzilma rahbarlari bu imkoniyatlardan unumli foydalanmayapti.
Siz-chi? Tashkilotingizda «Tayanch guruhlari» faoliyati yo‘lga qo‘yilganmi?
Nasiba Jonturayeva.