TATU Samarqand filiali o‘qituvchilari va talabalarida COVID-19 kasalligi aniqlandi

Kecha 11 aprel kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali 12 apreldan 14 kunlik onlayn (masofaviy) ta’limga o‘tkazilganligi haqida xabar bergandik.

TATU Samarqand filiali axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2021 yilning 9 aprel kuni Samarqand shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi tomonidan olib borilgan tekshiruv chog‘ida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida karantin qoidalariga to‘liq rioya qilinishi muntazam ravishda saqlanib kelinganiga qaramasdan, filial o‘qituvchilari hamda talabalar turar joyidagi talabalarda COVID-19 kasalligi aniqlandi.

Shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limining 2021 yil 10 apreldagi 02/491-sonli xatiga asosan hamda koronavirus infeksiyasi professor-o‘qituvchilar va talabalar orasida keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida TATU Samarqand filialida ta’lim jarayoni joriy yilning 12 aprel sanasidan boshlab 14 kunlik onlayn (masofaviy) ta’limga o‘tkazildi.

Shuningdek, talabalar turar joyida bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan talabalar yotoqxonada 14 kunlik o‘z-o‘zini yakkalash tartibiga olindi, deyiladi axborot xizmati xabarida.