TDAU Samarqand filialida ilmiy-innovatsion loyihalarni moliyalashtirish rejalashtirildi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i A.Norboyev yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmga jalb qilish, ularga motivatsiya berish, qiziqishlarini rag‘batlantirish hamda ilmiy-innovatsion loyihalar bilan tanishish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida bo‘ldi.
Uchrashuvda filial olimlari va talaba-yoshlar tomonidan ishlab chiqarilgan, qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, tuproq unumdorligini oshirish, tuproqqa sifatli ishlov berish, yuqori va sifatli hosil yetishtirish, suvdan samarali foydalanish bo‘yicha innovatsion g‘oyalar, jumladan, “Buzoqlarga avtomatlashtirilgan sut berish tizimini joriy etish”, “Oqsilga boy yasmiq ekinini ko‘paytirish”, “Sabzavot va mevali bog‘larni bahorgi sovuqlardan himoyalovchi krioprotektor”, “Shumg‘iyaga qarshi fitomizani ko‘paytirish”, “Yomg‘ir suvlaridan unumli foydalanish”, “Moyli qovoqdan moy ishlab chiqarish” kabi 10 dan ziyod ilmiy-innovatsion va startap loyihalar bilan tanishdi.
Taqdim etilgan ilmiy-innovatsion va startap loyihalar hududning muammolari yechimiga qaratilgan bo‘lib, eng dolzarb deb topilgan ishlanmalarni hududni rivojlantirish mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, filial dotsenti M.Mashrabovning “Oq lyupin (Lupinus albus) - innovatsion ekin”, dotsent Yo.Islomovning “Oraliq va g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish agregati” va katta o‘qituvchi Sh.Murodovning “Uzumlar uchun himoya qopi” mavzularidagi ilmiy loyihalari kelgusida hududni rivojlantirish mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirildi.