TDAU Samarqand filialida 3 ta ixtisoslik bo‘yicha tayanch doktorantlar qabul qilindi

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali bugungi kungacha 6 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan o‘quv va ilmiy sohada hamkorlikni o‘rnatgan.

Professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilarning xalqaro reytinglarda ko‘rsatkichlarini oshirib borish maqsadida Google scholar, Research Gate, Scopus/Wos bazalarida profillari shakllantirildi. Ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish, Extension center, o‘qitish kurslari va xo‘jalik shartnomalari hisobidan 241 mln. so‘m mablag‘ filialning rivojlantirish fondiga tushirilib, bu mablag‘lar filialda ilmiy-innovatsion faoliyatning rivojlanishiga yo‘naltirilmoqda.

Bu haqda viloyat Matbuot uyida tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

- Filialda talabalarga rivojlangan xorijiy mamlakatlar universitetlarida faoliyat yuritayotgan 6 nafar xorijdagi vatandoshlar dars berib kelmoqda, - dedi filial direktori Shavkat Hasanov. - Ular Germaniyaning IAMO (O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish) ITI, Humbolt va Kassel universitetlarining professor-o‘qituvchilaridir. Filial professor-o‘qituvchilari xorijiy nufuzli universitetlarda o‘qitish malakasini oshirish bo‘yicha bir qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan o‘quv yili mobaynida besh nafar professor-o‘qituvchi Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar va Hirosaki universitetlari hamda Hindiston, Turkiya va Rossiya Federatsiyasi institutlarida malaka oshirib qaytdi.

Filialda ilmiy salohiyatni muntazam oshirib borish maqsadida mutaxassislik kafedralari qoshida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha «Doktorantlar maktabi»da ilmiy seminarlar kursi tashkil etilgan. Ushbu maktab tadqiqotchilar va magistrantlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishlari uchun ilmiy tajriba maydoni bo‘lib xizmat qiladi. 2022 yildan boshlab filialda Oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti ochilib, 3 ta ixtisoslik bo‘yicha tayanch doktorantlar qabul qilindi. 2021-2022 o‘quv yilida 3 ta tadqiqotchi dissertatsiya himoya qilib, PhD ilmiy darajasini oldi.

Sohada “Aqlli qishloq xo‘jaligi”ni joriy etish maqsadida 6,5 gektar mevali bog‘ barpo etildi va masofadan boshqariluvchi tomchilatib sug‘orish tizimi ishga tushirildi. Shu bilan birga, AQShning Valmont irrigation korxonasi homiyligida 10 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish tizimini o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda.

Aytish mumkinki, bajarilayotgan loyiha ijrochilarining 55 foizi talabalardir. Bu ularning ilmga rag‘batini oshiribgina qolmay, hozirdanoq nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitib borishlarini ta’minlaydi.