TDAU Samarqand filiali loyihasi: Yangi shudgorlash agregati yonilg‘i sarfini 68 foizga, yerni tayyorlash vaqtini 60 foizga kamaytiradi

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali olimlari shu yil 15 dan ziyod ilmiy va startap loyihalar bilan tanlovlarda ishtirok etdi. Hozirda 1,3 mlrd. so‘mlik 2 ta loyiha ijrosi ta’minlanayotgan bo‘lsa, 2,4 mlrd. so‘mlik bitta loyiha Ilmiy-texnik kengash muhokamasidan muvaffaqiyatli o‘tib, moliyalashtirish bochqichida.

- 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan “O‘simliklar himoyasi va avtomatik sug‘orish tizimiga asoslangan tuproqlar monitoringda ilg‘or raqamli texnologiyalardan foydalanish” loyihasiga ko‘ra, filial “Axborot maslahat markazi” yerlarining 6 gektar maydonida mevali bog‘lar tashkil etiladi, - dedi direktorning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Eshonqulov. - Bog‘da avtomatlashtirilgan tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilib, masofadan boshqarish imkonini beruvchi ilova ishlab chiqiladi. Ilova orqali nafaqat sug‘orish tizimini boshqarish, balki maxsus zondlar orqali tuproq namligi kabi bir qancha ma’lumotlar muntazam ilova bazasida ko‘rish imkonini beradigan tuproq monitoringi yuritiladi.

Shuningdek, “Takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmani loyihalash va tijoratlashtirishga tayyorlash” loyihasi doirasida taklif etilayotgan agregat yordamida shudgorlashga kam xarajat sarflanadi.

Agar Samarqand viloyatida hozirgi kunda jami 30 ming gektar yerga takroriy ekin ekishni inobatga olsak, yonilg‘iga 1 410 000 litr, ya’ni 9 165 000 000 so‘m sarflanadi. Taklif etilayotgan agregat yordamida esa yonilg‘i sarfi 450 000 litr, ya’ni 2 925 000 000 so‘m sarflanadi. Demak, yonilg‘i sarfi 68 foizga kamayadi. Yerni tayyorlash uchun ketadigan vaqt sarfini 60 foizga kamaytirishga erishiladi.

Yuqoridagi ilmiy loyihalar bilan birga filialda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, respublikamizdagi 4 ta oliy ta’lim muassasalari hamda yevropalik hamkor universitetlar bilan birgalikda 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekistonda Bioiqtisodiyotni barqaror rivojlantirish yangi magistratura dasturi (“BioEcUz”)” doirasida xalqaro loyihalar ham bajarilmoqda.

Xurshida Ernazarova.