TDAU Samarqand filiali talabalarni turar joy bilan ta’minlash uchun shtab tashkil etdi
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida o‘quv yili boshlanishi bilan talabalar tomonidan turar joy masalasida murojaatlar ko‘payishi kutilgan edi. Shu bois filialda talabalarni yotoq joy bilan ta’minlash bo‘yicha shtab tashkil etildi. Mazkur shtab tomonidan talabalar ijarada qayerda yashaydi, kimnikida turadi, yashash sharoiti qanday, darsdan keyin nima ish bilan mashg‘ul bo‘ladi kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.
O‘quv yili boshlanishidan oldin filialga yaqin Dahbed, Bozorjoy va Navoiy mahallalari bilan hamkorlikda hududga kelishi kutilayotgan talabalarni turar joy bilan ta’minlashga kelishib olindi. Bunda talabalarga ijara narxlarini sun’iy ravishda oshirmaslik, dars tayyorlashi uchun yetarli shart-sharoit yaratish masalasi ham o‘rganildi.
Filialda ijara uchun berilgan uy-joylar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi yaratildi. Natijada 98 ta xonadon ro‘yxati shakllantirildi va bu xonadonlarda jami 445 nafar talaba uchun joylar hozirlandi.
Hozirgi kunda filialga turar joy so‘rab murojaat qilgan talabalar ijara xonadonlarga joylashtirilmoqda. Boshqa hududlardan kelib, yashash joyi bo‘yicha murojaat qilayotgan talabalarning 80 foizi ijara asosida xonadonlarga joylashtirildi.
Ijara asosida joy bilan ta’minlangan talabalarning xonadonga moslashish holatlari o‘qituvchilar tomonidan nazoratga olindi.
Ma’lumot uchun, TDAU Samarqand filialida bugungi kunda talabalar turar joyi mavjud emasligi bois o‘quv binosi yotoqxona sifatida qayta rekonstruksiya qilinmoqda.
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali axborot xizmati.