Telefondagi madaniyat
O‘tgan asrning 80-yillari ishga yangi kelgan kunlarim edi. Xonamda bir muhim maqola ustida ishlayotsam, telefon jiringlab qoldi. Go‘shakni ko‘tardim. Hali "Allo, eshitaman" deb ulgurmasimdan erkak kishining na salom, na alik, na o‘zini tanishtirish bor, tomdan tarasha tushgandek "Kimsan?" degan dag‘al ovozi eshitildi. "O‘zing kimsan?" deyishga majbur bo‘ldim. "Men sendan so‘rayapman, kimsan?" dag‘dag‘ali ovoz keldi yana narigi tomondan. "O‘zing kimsan?" dedim men g‘ashim kelib. Bunday muomala nafsoniyatimga tegdi. Go‘shak "taq" etib joyiga qo‘yildi. Fikrim to‘zg‘ib, yozayotgan maqolam ham chala qoldi. "Qanaqa odam bu o‘zi, qayerdan, nega do‘q uradi, unga nima kerak?". Kayfiyatim buzildi. Oradan ikki daqiqa o‘tmasdan telefon yana jiringladi. O‘zimni bosib, go‘shakni oldim.
– Allo, men falon boshqarmadan, falonchiyevman. Mas’ul kotib kerak edi, – degan xushmuomala, muloyim ovoz eshitildi go‘shakdan.
– Menman, eshitaman, – dedim men ham muloyimlik bilan salom-alik, tanishuvdan keyin. So‘ngra ma’lumotni yozib oldim. Hali asabimni buzib, dag‘dag‘a qilgan shu ovoz edi, tanidim. Adi-badi aytishganimizni yuziga solmadim. Men nufuzli idoraning oyog‘i yerdan uzilgan xodimi xatosini anglab olganidan xursand bo‘ldim.
Tafsiloti biroz cho‘zilib ketgan bu voqeani misol qilib keltirganim boisi shuki, telefonda so‘zlashish madaniyatiga amal qilishni hech qachon unutmasligimiz kerak. Telefonda so‘zlashuvni achchiq ichak kabi cho‘zish, uzoq vaqt ezmalanish, bekorchilikdan zerikib, birovlar oldida aytib bo‘lmaydigan oldi-qochdi gaplardan valaqlashib o‘tirish o‘ta madaniyatsizlikdir. So‘zlashuv qisqa, lo‘nda, tushunarli bo‘lib, vaqtni ortiqcha cho‘zmasligi, boshqalarga xalaqit bermasligi zurur.
Hozirda, ayniqsa, o‘smir yoshlarda telefon xuruji avj olgan. Ularning qo‘lidan telefon tushmaydi. Butun fikru xayoli telefonda so‘zlashish, SMS yuborish, internetda nimanidir tomosha qilish, quloqchinda musiqa eshitish bilan band. Ko‘zi ochiq, ammo xayoli telefon bilan band bunday o‘smir yigit-qizlarni mashina urib ketgan hodisalar uchraydi.
Yo‘lovchi tashiydigan "Damas"ga chiqdik. O‘rindiqlar to‘lgach, mashina yo‘lga tushdi. Shu payt orqa o‘rindiqda o‘tirgan qizning – talaba bo‘lsa kerak, telefoni jiringladi. Darhol ulab, qulog‘iga tutdi.
– Voy, Shahi, bormisan? – Qiz shang‘illab, har xil gaplarni so‘zlasha ketdi. Shahi degani Shahnozami, Shohidami, kim bilsin, dugonasimi? Yo‘lovchilar qizning farosatsizligidan bezovtalanib, birov ochiqcha, birov o‘g‘rincha norozi ohangda qarab qo‘ydi. Lekin qizning xijolat chekib, "Hozir yo‘ldaman, uchrashganda gaplashamiz", degan andisha xayoliga ham kelmasdi.
– Uyali telefonlar urf bo‘lgan hozirgi davrda hammaga undan foydalanishni o‘rgatish qiyin, albatta, – deydi psixologlar. – Lekin bu aloqa vositasi odamlarga katta qulaylik yaratish bilan birga, undan ermak sifatida foydalanayotgan shaxslar, ayniqsa, yosh bolalar salomatligiga katta tahdid tug‘dirayotganini olimlar, psixologlar tashvish bilan gapirmoqdalar. Aloqa vositasidan taralayotgan infraqizil nurlanish inson bosh miyasi hujayralarini shikastlar ekan. Ayniqsa, yosh bolalarning uyali telefon bilan ovunishi xavfli. Bunday bolalar qaysar, voqelikka befarq bo‘lib qolishadi. Uyqusizlik, bezovtalik, ishtahasizlik, tez toliqish kabi ruhiy iskanjaga giriftor bo‘lisharkan.
Tog‘aymurod
ShOMURODOV.