Telefonni aslida kim yaratgan?

“Vatson, meni eshityapsizmi, - dedi Bell. - Agar eshitayotgan bo‘lsangiz derazaga kelib shlyapangizni silkiting!”. 1876 yil 10 mart kuni aytilgan bu jumla telefonda yangragan birinchi ibora bo‘lib qoldi.

Hali 200 yilcha muqaddam odamlar telefon nimaligini tasavvur xam etisha olmasdi. Ilgari masofaga xabar uzatishda tutun, hushtak, bong, nog‘ora, qo‘ng‘iroq chalishdan, uzoqroqqa xabar berishda oraliq manzillar, choparlardan foydalanilgan.

XVII asr boshlarida italyan Jovaini Porta so‘zlashuv karnayini loyihalashtirgan. Ammo uning o‘ylagani amalga oshmagan.1837 yilda Samuel Morze tomonidan telegraf harflarini kashf etilishi axborot uzatish texnologiyasining cho‘qqisi hisoblangan. Sim orqali so‘zlashuv imkoniyati paydo bo‘lgach, aqlbovar qilmas shov-shuv ko‘tarilgan. Telefonni kashf etilishi jahon miqyosida hayratomuz voqea edi. Tabiiyki, bu bir qancha qarama-qarshi fikrlarni paydo bo‘lishiga olib keldi. 1850 yillar boshida italyan, vrach Antonio Meuchchi go‘yoki elektr toki odamlar salomatligiga ijobiy ta’sir etishini aniqlaydi va generator yaratib, xususiy amaliyot xona ochadi.

Bir kuni Meuchchi mijoz labiga sim ulaydi va o‘zi naridagi generator o‘rnatilgan xonaga o‘tadi. Vrach qurilmani ishga tushirganida mijozni xuddi oldida o‘tirgandek aniq entikkanini eshitadi. Meuchchi tabiblikni tashlab, qurilmasida tajriba o‘tkazishga kirishadi. 1870 yilda u apparat chizmasini yaratadi va uni “Teletrofon” deb ataydi. Apparat “Bell karnayi”ga juda o‘xshardi.

1871 yilda italyan o‘z ixtirosini patentlashga qaror qildi. Ammo bunga muvaffaq bo‘lolmadi. Mish-mishlarga qaraganda, o‘sha Aleksandr Bell ishlayotgan “Western Union” kompaniyasi buyurtmasiga ko‘ra ixtiro o‘g‘irlanganmish... Biroq, mish-mish o‘z yo‘liga, unga ishonish-ishonmaslik har kimning o‘z ishi.

1860 yilda maktab o‘qituvchisi, nemis fizigi va ixtirochisi Iogann Filipp Reys galvanik tok vositasida ovoz va musiqani 100 metr masofaga uzatadigan qurilma yaratadi va uni birinchi marta “Telefon” deb ataydi. Ammo u o‘z apparatiga patent olishga erisha olmadi, unga Bell, Edison va Grey e’tibor qaratishdi. Va 1876 yil 7 martda amerikalik Bell “Telegraf modelini takomillashtirib, unga patent oldi.

Gap shundaki, telefon yaratish Bell tomonidan umuman rejalashtirilmagan. Uning maqsadi telegrafni takomillashtirish edi. U bir vaqtning o‘zida 5 ta telegrammani uzatishga erishishga intilgandi. Ish jarayonida turli chastotali plastinka yaratildi. Ulardan biri kutilmaganda ishdan chiqdi. Bellning yordamchisi Jon Vatson jahl bilan so‘kina boshladi. O‘sha paytda uzoqroqdagi xonada qabul apparati yonida bo‘lgan Bell apparatda uning ovozini eshitdi... O‘sha voqeadan boshlab birinchi telefon yaratilishi tarixi boshlanadi. Unda qo‘ng‘iroq yo‘q edi. Buni keyinroq Bell yordamchisi, o‘sha Jon Vatson ixtiro qildi. Mikrofonni esa Tomas Edison takomillashtirdi.

Bell rasmiy ravishda “Telefon otasi” sifatida tan olindi. U haddan tashqari boyib ketdi, uning patenti o‘sha paytda dunyoda eng daromadli bo‘lgandi. Ammo  kechikib bo‘lsa-da haqiqat qaror topdi: kutilmaganda 2002 yilda AQSh kongressi telefonni yaratgan Bell emas, Antonio Meuchchi ekanligini tan oldi va telefon ixtiro qilingan aniq vaqt 1860 yil ekani qayd etildi.

O‘z vaqtida patent olishga uringanida Antonio Meuchchi keksayib, o‘ta qashshoqlashib qolgandi. “Western Union” kompaniyasi uning chizmalari va ishlanmalarini sotib olmoqchi edi, biroq olim o‘zi patent olishni xohlardi, ammo buning uddasidan chiqa olmadi. Aleksandr Bellning telefon ixtirochisi sifatida tan olinishi Meuchchini karaxt qilib qo‘ydi. U Bell bilan hatto sudlashdi, biroq yutqazdi. 1887 yilda sudlashib patentni qo‘lga kiritishga bo‘lgan urinishi yana zoye ketdi, yutqazdi. U qashshoqlikda, nom-nishonsiz o‘lib ketdi. 2002 yilda tarixiy xaqiqatni qaror topishi telefonni ixtiro qilgan Antonio Meuchchi dahosiga ehtirom bo‘ldi. Biroq buni faqat Italiya tantana qildi, jahondagi boshqa mamlakatlar esa sukut saqlashdi. Ular telefon ixtirochisi “Bellga, faqat unga tegishli” degan fikrdan voz kechishni istashmadi.

Rus tilidan T.Shomurodov tarjimasi.