Telegram ijtimoiy tarmog‘i bepul Stories joylash imkoniyatini taqdim etdi

Endilikda yurtimiz Telegram ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari Premium obunasisiz ham tarmoqda bepul Stories e’lon qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Telegram asoschisi Pavel Durov avvalroq o‘z telegram kanalida bu funksiyaning ishga tushishi messenjer tarixidagi yangi bosqich bo‘lishi va ijtimoiy tarmoq tashkil etilganining o‘n yilligiga (2013 yil 14 avgust) to‘g‘ri kelishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek, u ijtimoiy tarmoqni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi - “xabar almashish” va “barcha ijtimoiy tarmoqlarda innovatsiyalarga yetakchilik qilish"dan iborat bo‘lishini bildirgan.

Stories larni e’lon qilish imkoniyati dastavval iyul oyida pullik obuna egalariga taqdim etilgan bo‘lib, boshqa foydalanuvchilar ularni ko‘rishlari va turli stikerlar yordamida munosabat bildirishlari mumkin edi.

Bu kabi funksiyalar Facebook, Instagram kabi boshqa ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon yangilik bo‘lmasa ham yurtdoshlarimiz tomonidan faol qiziqish bilan kutib olindi.

Telegram Stories nima?

Bu 6 soatdan 48 soatgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida e’lon qilinishi mumkin bo‘lgan vaqtinchalik postlar formati bo‘lib, shu muddatdan so‘ng ular yo‘qoladi.

Storiesda smartfon galereyasidagi yoki shaxsiy kompyuter papkalaridagi fotosurat va videolarni e’lon qilish mumkin. Ilovada video va fotosuratlarga tushirish imkoni mavjud.

Ikki tomonlama kamera formati ham mavjud bo‘lib, old va orqa kameralar bilan suratga olish mumkin. Rasm chizish, uni stiker va emojilar bilan bezash, matn yozish, shuningdek, sozlamalarda kontrast, ekspozitsiya, yorug‘lik va hokazolarni sozlash mumkin.

Ekran sozlamalari esa e’lon qilinayotgan stories auditoriyasini belgilash, namoyish vaqtini o‘rnatish kabi imkoniyatlarni taklif etadi.