Telejurnalistlar o‘zbek adabiy tili me’yorlariga rioya qilayaptimi?
Aytish joizki, islohotlar keng tus olmayotgan, ammo ijrosi barcha uchun birdek muhim bo‘lgan muammolar ham yo‘q emas. Jumladan, bular davlat tilida ish yuritish, yangi alifboni to‘liq joriy etish, ta’lim tizimi, matbuot, radio, televideniye va boshqa ma’naviy-ma’rifiy sohalarda o‘zbek adabiy tilining nuqsonsiz qo‘llanishiga erishishdir.
Davlat tili haqida qonun qabul qilinganiga bir kam o‘ttiz yil, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida qonun qabul qilinganiga esa 25 yil to‘ldi. Ammo hali-hanuz ish yuritish yangi alifbo tugul to‘liq ravishda davlat tiliga o‘tkazilmagan korxona va muassasalar mavjud. Maktablar, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida ta’lim tizimi, bir qator oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv adabiyotlari va o‘quv-uslubiy majmualar yangi alifboga o‘tkazildi. Biroq ish yuritish hali ham eski alifboda davom ettirilyapti.
Davlat tili va yangi alifboga o‘tishni paysalga solayotgan yoki istamayotgan mas’ullarda o‘zbek adabiy tiliga, milliy davlatchiligimizga nisbatan hurmat, mehr-oqibat yetishmayotganligini ochiq aytish kerak. Hatto ayrim vatandoshlarimiz eski alifbo va boshqa davlat tilida ish yuritish o‘zlari uchun oson ekanligini ta’kidlashdan hech uyalmaydi ham, istihola ham qilishmaydi.
Ta’lim-tarbiyani adabiy tilsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bugungi kunda o‘zbek adabiy tilining qonun-qoidalariga barcha sohalarda ham yetarlicha amal qilinmayotgani sir emas. Biz hatto rasmiy doiralarda ham o‘zbek adabiy tilida gapirish o‘rniga ma’lum bir hududgagina tushunarli bo‘lgan o‘z shevamizda muloqot qilishga odatlanib qolyapmiz. Xo‘sh, mana shu muammoning yechimini topish mumkinmi? Buning uchun nima qilishimiz kerak? Bizningcha, o‘zbek adabiy tilini chuqurroq bilib olishni, eng avvalo, oiladan boshlashimiz kerak. Bolaning tili chiqayotgan vaqtdan boshlab o‘zbek adabiy tilida gapirishni o‘rgatishimiz zarur. Oiladagilarning bolalar oldida o‘zbek adabiy tilida chiroyli gapirishi ularga ijobiy ta’sir etadi. Barchaning o‘zbek adabiy tilida yoqimli, ta’sirchan, aniq va ravon gapira olishi televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarida xizmat qilayotgan jurnalistlar, suxandonlarning bu boradagi beminnat xizmatlariga bog‘liq.
Bugungi kunda "ZO'R TV", "MY 5", "SEVIMLI" va boshqa bir qator telekanallarda faoliyat yuritayotgan xodimlar, teleboshlovchilarning o‘zbek adabiy tiliga rioya qilmayotganligini ko‘ryapmiz. O‘zbek adabiy tilini mukammal o‘zlashtirmaganliklari ko‘rinib qolmoqda. Qolaversa, san’atkor, shoir, yozuvchi, sportchi va turli soha vakillari adabiy til me’yorlarini unutib qo‘yishyapti. Ularning tilga bo‘lgan bunday beparvoligi, shevaparastligi teletomoshabinlarning, ayniqsa, yosh avlodning o‘zbek adabiy tilini shevalardan farqlamaslikka, o‘zlari yoqtirgan shaxslarga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishlariga olib kelmoqda.
O‘zbek adabiy tilini rivojlantirish uchun til tarbiyasini oiladan boshlash zarurligiga to‘xtaldik. Bu borada faqat oilaviy tarbiyaning o‘zi kamlik qiladi. Shu bois ushbu masalaga bog‘cha, maktab, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarida ham e’tibor qaratish talab etiladi. Oliy ta’lim muassasalarini bitirib chiqayotgan yoshlarning yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarida og‘zaki va yozma savodxonligiga e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, o‘qituvchilarning dars berish mahorati o‘rganilganda, o‘zbek adabiy tilida to‘g‘ri, ravon, mantiqli, jozibador, ta’sirchan gapira olishlariga ham ahamiyat berilsa, ayni muddao bo‘lardi.
O‘zbek adabiy tilining ham yozma, ham og‘zaki shakllarining zarur qonun-qoidalarga rioya qilishga doir hammabop ma’lumotnomalar, uslubiy qo‘llanmalar yaratish, ularni ta’lim tizimi, nashriyot hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan bog‘liq barcha muassasalar, radio va televideniyega yetkazish kerak.
Ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan ma’naviyat soatlarida o‘zbek adabiy tili qoidalariga rioya qilish, ona tilimizga bo‘lgan mehr-muhabbatni yanada oshirish, sheva va boshqa tillarga xos so‘zlarni noo‘rin qo‘llamaslikka doir targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish ham yaxshi samara beradi.
Muassasalar, tashkilotlar, korxonalarda ish qog‘ozlarini yuritishda ularning yangi alifbo va imloda tayyorlanishini talab qilish, shaharlar, qo‘rg‘onlar va qishloqlarda barcha ko‘cha yozuvlari, reklama va e’lonlar, shiorlar, peshtoq yozuvlari, geografik ob’yektlarning nomlari davlat tilida, yangi alifboda chiqarilishini doimiy nazorat qilish yo‘lga qo‘yilsa, ko‘zlangan maqsadga, albatta, erishiladi. Abdulla Avloniy aytganidek, "Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til va adabiyotidur", degan so‘zlarni unutmasligimiz lozim.
Mardon BOLTAYeV,
SamDU dotsenti.