“Temir daftar”dan oilaviy tadbirkorlikka
Ayol ikki yil oldin ham sentyabr yaqinlashsa, yuragini hovuchlab turardi: bolalarimga qanday qilib maktab kiyimi olib beraman?
Uch nafar farzandi maktabga boradi, turmush o‘rtog‘ining ishlagani nimaga ham yetardi. Bugun esa uning kayfiyati boshqacha, maktabga kiyim-kechakni o‘ylab o‘tirgani yo‘q, yanayam zamonaviyroq jihoz olib, ishni kengaytirsam, degan niyatlarda o‘tiribdi.
Yana bir oilaning ahvoli ham shunday edi. Er-xotin poytaxtga borib, pishiriq sexida oddiy ishchi bo‘lib ishlar, topganini qishlog‘iga, uyiga sarflardi. Bir yil bo‘ldi, bugun ular o‘z qishlog‘ida binoyidek sex tashkil qilishgan.
Ishonch va ozgina dalda. Aslida biz uzoq yillar tadbirkorlikni rivojlantirishimiz kerak, deb bong urganimiz bilan bu yo‘ldagi to‘siqlarni kam tilga olardik. Tilga olganimiz bilan ham katta o‘zgarish bo‘lmasdi. Kredit olishdagi to‘siqlardan tortib, elektr energiyasidagi uzilishlar, hujjatlashtirish ishlaridagi sarsongarchiliklar o‘zi shundog‘am yurak hovuchlab ish boshlagan odamga salbiy ta’sir qilar, ishni boshlab olgach ham qator muammolar girdobida qolgan tadbirkor daromadlarini yashirishdan tortib, qator noqonuniy ishlarga qo‘l urardi.
Kam ta’minlangan oila vakillarining tadbirkorlikni boshlashi xayolimizga ham kelmasdi. Manaman degan puldorlar bu sohada o‘z o‘rnini zo‘rg‘a topib yuribdi-yu, puli yo‘qlarga yo‘l bo‘lsin, derdik.
Bugun vaziyat o‘zgarganini odamlar orasida, tuman, mahallalarda bo‘lganingizda yanayam his qilasiz. Bulung‘ur tumanidagi ba’zi mahallalarda bo‘lganimizda tadbirkorlikni boshlagan bir nechta ayollar bir yilgina avval turli daftarlarda ro‘yxatda turgani ma’lum bo‘ldi.
Ko‘rsatadigan tuzuk tadbirkor sanoqli edi
-O‘shanda tumanda xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat yuritardim. Tadbirkor xotin-qizlar bilan tanishishga kelgan mutasaddilarga qaysini ko‘rsatsak, deb o‘ylanib qolardik, to‘g‘risi, - deydi Bulung‘ur tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Nasiba Mamadiyorova. – Birovi ish boshlagan bo‘lsa-da, ammo elektr energiyasidagi uzilishlar tufayli ishga shay qilib tayyorlab qo‘yilgan sexlari huvillab yotar, birovi mahsulotini sotishda qiynalayotgan bo‘lardi. Hozir istagan mahallaga boring, albatta, hech bo‘lmasa, bitta bo‘lsayam, yangi tadbirkorlik ishi bor. Kunning istagan paytimizda borsak, ishlab yotgan bo‘ladi.
Qolaversa, xotin-qizlar muammosini hal etishda vakolatimiz bo‘lsa-da, ammo masalani u yoki bu tashkilotga aytibgina hal etish imkonimiz bor edi. Bu esa hamkor tashkilotlarga qo‘shimcha tashvish bo‘lgani uchun tabiiyki, ijrosi uzoq vaqt cho‘zilardi.
Bugun mana, ko‘rib turganingizdek, garchi moddiy yordam so‘rovchilar soni ortgan bo‘lsa-da, ammo aniq maqsad, biron ish boshlash niyatida murojaat etayotganlar ham ko‘paydi. Chunki odamlar atrofdagilarini, biror natijaga erishgan hamqishloqlarini ko‘ryapti, shundan xulosa chiqaryapti. Imtiyozli kredit olib, kichikroq bo‘lsa-da, ish boshlaganlarning hayotida o‘zgarishlar sodir bo‘layotir. Yaxshisi, bularning hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganingiz ma’qul.
Opa bilan tumandagi Mingchinor mahallasiga bordik.
Ishlagan tishlaydi
To‘rt ming aholi istiqomat qiladigan bu mahalla yaqindagina obod mahallaga aylangan. Mahalladagi yuzlab kishi ish bilan band bo‘lgan 68 turdagi xizmat ko‘rsatish shoxobchalari mahalla binosi atrofida joylashgan, imtiyozlar berilgani tufayli ularning soni kundan-kun ko‘paymoqda.
- Avvaliga tuman bandlik bo‘limi bilan hamkorlikda mahalla qoshida tikuvchilik, pishiriq pishirish, sartaroshlik kabi yo‘nalishlarda monomarkazning bo‘limlarini tashkil qildik, - deydi “Mingchinor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Saodat Allayorova. – Qiziquvchilar soni ortdi. Qo‘lidan tikish kelib qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga tikuv mashinkalari berdik, o‘z ishini boshlab oldi. Boshqa soha bo‘yicha ham qiziqqanlarga yordam ko‘rsatdik. Bugun bir paytlardagidan farqli o‘laroq ishlayman, deganga yordam berishning imkoni bor. Afsuski, hammayam ishlayman, demaskan-da. Ba’zilar qo‘shnimga tikuv mashinkasi beribsan, menga qani, deb janjal qilib keladigan bo‘ldi. O‘sha asbobni bersangiz, ikki kun o‘tmay, sotib yuboradi.
Bir misol aytay. Ish topib bering, degan 20 nafarcha xotin-qizlarni jamladim. Samarqanddagi 8-mart korxonasiga ishga olib bordim, har kuni avtobusda korxona o‘z ulovida ishchilarini olib borib, qaytarib keladigan bo‘ldi. Natijasi nima bo‘ldi, bilasizmi? Uch nafarigina ishlashga rozi bo‘lib qoldi. Vaholanki, ish unchalik murakkab emas, maoshiyam ishiga qarab, vaqt o‘tgan sayin ko‘tarilib boradigan tartibda edi.
Boshqa hududlarni bilmadim-u, ammo bizning mahallada ishlayman, degani ro‘zg‘orini uddalab ketyapti. Ishlagan – tishlasin, boshqa qoida yo‘q.
Kattagina guzar rostdan ham tuman markazidan qolishmaydigan tarzdagi tartib va aholiga qulay tarzda qurilgan. Bu yerda sartaroshxonadan tortib, bir nechta tikuvchilik sexlari, hammom, deraza romlari ishlab chiqaruvchi korxona, karavotu eshiklar yasaydigan hunarmandlar, oshxonalaru, turli savdo nuqtalari, bolalar maydonchasi bir-biriga mutanosib tarzda qurilib, faoliyat ko‘rsatmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Mingchinor viloyatga namuna bo‘lgulik darajadagi aholiga xizmat ko‘rsatuvchi hududga aylanibdi.
Oddiy ishchi edik, korxona egasiga aylandik
- Bundan bir necha yil avval mahallada “Temir daftar”da ro‘yxatda turardik, - deydi Farida Begaliyeva. - Turmush o‘rtog‘im ikkalamiz Toshkentdagi pishiriq sexlarida ishlab, zo‘rg‘a kun kechirdik. Bilasiz, oddiy ishchi bo‘lib ishlab, kun kechirish osonmas. Harna ro‘zg‘orimiz o‘tib turibdi-ku, deb ishladik. Harakat qilsang, rizqsiz qolmas ekansan. Qishloqqa kelgan kunlarimizda mahallamizdagilar biron ish bilan shug‘ullanasizlarmi, imtiyozli kredit olishingiz mumkin, deb qoldi. Bir necha yil pishiriq sexida ishlaganimiz uchun bu ishning hadisini olganmiz. O‘zimizni qishloqda boshlab ko‘rsak-chi, deb o‘yladik. Tavakkal deya imtiyozli kredit olishga rozi bo‘ldik. Yetmaganiga qarz-qavola qilib, katta pech, xamir qorgich kabi uskunalarni sotib oldik. Oilaviy korxona tashkil etib, avval uch-to‘rt xil turdagi pishiriqlarni pishirib, savdoga olib chiqdik. Mijozlarga ma’qul kelgach, soni ko‘paydi. Buyurtmaga qarab, turli shirinlik, bayram tortlari, patir va boshqa mahsulotlar ham tayyorlaymiz. Kuz oylaridan boshlab buyurtma ko‘p bo‘lgani uchun o‘n nafarga yaqin mahalla qizlari ham shu yerda ishlaydi, yozda o‘zimiz eplaymiz. Hozir hatto qo‘shni Jizzax viloyatidan ham mijozlarimiz ko‘p.
Bu yil “Temir daftar”dan chiqdik. O‘zimiz uchma-uch kun ko‘rardik, endilikda qaynimni uylantirdik, uy-joyimizni yaxshilashga harakat qilyapmiz, qarzlardan qutulyapmiz.
Sentyabr kelsa, yuragim zirillardi...
Qovun qovundan rang oladi, deganlaridek, Mingchinorga yaqin Gulzor mahallasi ham yaqin kunlarda yirik guzarga aylanish arafasida. Bu yerda ham aholi uchun bir nechta xizmat ko‘rsatish turlari tashkil etish rejalashtirilgan. Ba’zilari allaqachon o‘z ishini boshlagan ham.
- Boshqa mahalladan shu yerga kelib, u hovlidan bu hovlida ijarada yashab yurgandik, - deydi Feruza Dovurova. – Mahalladagilar baraka topsin, vaqtincha yashab turishga bo‘lsa-da, joy topib berishdi. Toshkentda tikuv sexida ishlab kelganim uchun tikish-bichishdan xabarim bor. Tikuv mashinkasiyam berishdi. Hozir mahalla yonidagi binolardan birida ish boshladik. Uch farzandim, turmush o‘rtog‘im bilan harakat qilyapmiz. Shukur, “Ayollar daftari”dan katta tadbirkor bo‘lib chiqib ketishni maqsad qilganman.
Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Zilola Xolnazarova ham o‘tgan yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi. Bugun u o‘tgan yili unga berilgan tikuv mashinkasi yoniga o‘z hisobidan yana bitta mashinka, overlog kabi asboblarni sotib olib, dugonasi bilan tikuv sexi ochib, ish boshlab yuborgan.
- To‘g‘risini aytsam, hatto o‘tgan yili ham sentyabr kelsa, yurakni hovuchlab turardim, - deya gapirib beradi Zilola biz bilan suhbatda. – Axir, uch nafar o‘g‘limizga maktab kiyimlariyu jihozlarini olishga qiynalib qolardik-da. Bu yil bu qiyinchiliklarni yengib o‘tdik. Hozircha katta miqyosdagi buyurtmalarga ehtiyojimiz yo‘q, qishloq ahlining kiyim-kechaklarini tikib berishgagina ulguryapmiz. Keyinchalik yirik buyurtmalar olib ishlaydigan tadbirkorlarday ish yuritishni maqsad qilganmiz.
Alohida yerimiz bo‘lmagani uchun mol qilishga ham qurbimiz yetmasdi, uning ozuqasiga pul qayoqda edi, deysiz. Turmush o‘rtog‘im gilam sexida ishlaydi, maoshi ham katta emas. Yoniga qo‘shilganim uchun ro‘zg‘orimizda ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Hozir mol-hol ham qildik. Muhimi – sentyabr kelsa, yuragimiz zirillamaydigan bo‘ldi, shukur. “Ayollar daftari”da ham emasman endi.
Ha, bugun ko‘pchilikning ongiga singib qolganday, “Ayollar daftari”da turish qandaydir mo‘’jiza yoki osmondan keladigan mukofot emas. Ishlamoqchi, o‘zini tiklab olmoqchi bo‘lganlarga sharoit, imkoniyat, zina vazifasini o‘tab beradi, xolos. Bir umr pul bilan ta’minlab turishni reja qilmagan ushbu “daftar”. Nogironligi bo‘lgan oilalarga esa yordamdir.
Gulruh MO‘MINOVA, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi a’zosi.