Temuriylar me’morchiligida minoralar nima maqsadda qurilgan?

Minora - islom arxetekturasida minor (aylana, to‘rtburchak, ko‘pqirra) bo‘lib, undan imom azonga chaqirgan. Minora masjid yoniga qurilgan yoki uning kompozitsiyasiga qo‘shilgan.

Odatda minoralar ichida aylana zinapoyalari bo‘ladi. Masjid bir minorali yoki minorasiz bo‘lishi ham mumkin. Istanbulning Sultonlar masjidida to‘rttadan oltitagacha minoralar bor.

Eng ko‘p minorali inshoot payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ning Madaniyat maqbaralarida. U yerda o‘nta minora bor. Buyuk Ipak yo‘li madaniy, savdo yo‘llarida muhim markazlar hisoblangan shahar va qishloq maskanlarida bunyod etilgan minorasimon inshootlarning ilk ko‘rinishlari saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, dastlab ular karvon yo‘llarini belgilovchi maydoq, shaharlar aholisini tashqi xavfdan ogoh etuvchi kuzatuv minoralari vazifalarini o‘tash uchun qurilgani shubhasizdir.

IX-X asrlardan boshlab bu turdagi inshootlar diniy maqsadlarda qurilgan. Buxoro, Vobkent, Jarqo‘rg‘on, ko‘hna Urganchdagi bu davr minoralarining me’moriy-konstruktiv yechimi yuqorida qayd etilgan vazifalarni bajarishga mos qilingani bundan dalolat beradi.

O‘zbekiston hududida me’moriy majmualardagi guldasta, burjlarning minorasimon shakllarida betakror yechimlar mavjud. Ularning nodir namunalari Markaziy Osiyo me’morchiligining Temuriylar va undan keyingi davr bosqichida yuksak badiiylikka estetik-dekorativ ko‘rinishga ega ekani chet el mutaxassislari tomonidan ham tan olingan. Yuqoriga kichrayib boradigan bir necha bo‘g‘inli minoralar Temuriy inshootlarida o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lgan. Markaziy Osiyo me’morchiligida temuriylar davri me’moriy bezak san’atidagi qirqma koshin qoplamalar bilan bezatilgan katta minoralar mag‘rib va Yaqin Sharq, Xuroson minorasimon inshootlariga qaraganda birmuncha salobatligi bilan farqlanadi. Temuriylar davri me’morchiligida jome masjidlar, ulkan madrasalar va saroylarning me’moriy jihatdan tugal ko‘rinish olishida bu minorasimon binolar muhim vosita bo‘lib keldi. Hatto davrlar mobaynida yuqori qismlar saqlanmagan bo‘lsa-da, Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasidagi burj-minoralar, Amir Temur majmuasi hovlisi burchaklarini belgilovchi minoralar, Bibixonim jome masjidida saqlanib qolgan peshtoq yon guldastalari ham o‘zlarining muqarnasli qoldiqlari bilan nisbatan tugal me’moriy inshootdek tasavvur uyg‘otadi.

Minoralar muqarnaslar bilan ham bezatiladi. Bo‘g‘inlar oralig‘ini belgilovchi muqarnaslar Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi va Bibixonim madrasasida qo‘llanilgan, ular sorkor koshin bo‘laklardan yig‘ilgan muqarnaslarning ayrim turlari keyinchalik Boburiylar me’morchiligida minoralarda marmar elementlarda qaytarilgan.

Asosan yuqoriga torayib boradigan konus, silindrsimon inshootlarda minora quruvchisi, qurilgan joyning mavqeiga qarab arabiy yozuvli belbog‘ qilingan. Madrasaning balandligi, uning hashamidagi bu belbog‘lar ma’lum davrga xos bo‘lgan qoidaga qarab aniqlangan. O‘lcham birligi gazning metrik hisobi o‘zgarib borganini hisobga olganda, minora balandligi qurdirgan shaxsning mavqeiga qarab belgilangan kamarlar soniga bog‘liq degan taxminlar ham bor.

Dilnoza G‘aniyeva,

Registon ansambli gid ekskursovodi.