Terimchi uchun paxta milliy iftixor emas, daromad manbai

Joriy yilda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 11 ta paxta-to‘qimachilik klasterida 73 ming gektar yerda g‘o‘za parvarishlandi. Bu maydonlardan qariyb 256 ming tonna paxta yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan. Ayni paytda dalalarda yig‘im-terim qizg‘in davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunga qadar qabul manzillariga 210 ming tonnadan ziyod xomashyo topshirilgan. Bu rejaning 82 foizi, demakdir. Hali oktyabr oyi yarim bo‘lmay turib, hech kim paxta terimiga majburiy jalb qilinmay, talaba-yu o‘qituvchilar, shifokorlaru boshqa ishchi xizmatchilar hasharga olib chiqilmasdan, buncha hosilni yig‘ib-terib olishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta.
Xo‘sh, unda paxtani kim teryapti?
– Kim terardi, fermer xo‘jaliklari a’zolari, klasterlar ishchilari, qishloqdagi ishsiz aholi teryapti, – deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Sodiq Hakimov. – Terimchining mehnatidan moddiy manfaatdorligi oshgan – bir kilo paxta uchun kamida 1500 so‘mdan haq olyapti. Terim pullari o‘z vaqtida berilmoqda. Dala boshida issiq ovqat va boshqa sharoit yaratilgan. Bundan tashqari, klaster va fermer xo‘jaliklari ham ularni rag‘batlantirib bormoqda, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari berilmoqda. Fermer yoki mahalla oqsoqoli eshikma-eshik kirib, odamlarni paxtaga chiqinglab, deb yurgan emas. Ishlayman, mavsumda ro‘zg‘or uchun bir-ikki so‘m topaman, degan odamning o‘zi dalaga chiqyapti. Viloyat bo‘yicha ana shunday terimchilardan iborat 1775 ta otryad tashkil qilingan. Bu otryadlarga 131,2 ming nafar terimchi qo‘shilgan va ularning ro‘yxati Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Terim.uz elektron bazasiga kiritildi. Tahlillarga ko‘ra, kecha 106 mingdan ortiq terimchi dalaga chiqqan va ularning har biri o‘rtacha 73 kilogramdan paxta tergan. Narpay tumanida bu ko‘rsatkich 81 kilogramni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, klaster korxonalarining 50 ga yaqin paxta terish mashinalaridan ham unumli foydalanilmoqda. Shu va boshqa omillar yig‘im-terim ishlarining bir maromda kechishi va hosil nest-nobud qilinmay yig‘ishtirib olinishini ta’minlamoqda. Shu kecha-kunduzda dalalardan viloyat bo‘yicha kuniga 7500-7700 tonna paxta terib olinyapti, 10 milliard so‘mdan ortiq terim puli tarqatilmoqda.
O‘tgan hafta dam olish kunlari Payariq, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida bo‘ldik. Hamrohlarimiz bilan bir necha yillar avvalgi holatlarni esladik.
– Dam olish kunlari shahardagi hamma tashkilot xodimlari paxta terishga hasharga chiqardik, – dedi hamkasblarimdan biri. – Lekin bu ko‘pchilik uchun go‘yoki sayohatdek edi. Hech kim jon kuydirib, paxta terganini eslolmayman. Buni rahbarlar ham yaxshi bilardi, lekin terimga chiqqan odamlar soni muhim bo‘lgan ekanmi, shu tadbir uyushtirilardi. Bu odamlarni dalaga olib kelib, olib ketish xarajati ular tergan paxta haqidan ko‘p bo‘lardi.
– Talabalarni aytmaysizmi, qirq-ellik kun o‘qishdan qolib, paxta terardi, – deb suxbatga qo‘shildi yana bir hamrohimiz. – Mana, talabalarsiz ham, hasharchilarsiz ham paxtani yig‘ishtirib olsa bo‘larkan. Shu hasharlar yo‘qolganidan buyon ham million-million tonna paxta terib olinyapti, hosil dalada qolib ketmayapti. Eng hayratlanarlisi, terim oldingidek noyabrgacha davom etmayapti. Oktyabr oyidayoq hosil yig‘ishtirib olinmoqda. Gap ishni tashkil etish, mehnatga yarasha haq to‘lashda ekan-da.
Ana shu suhbatimiz sabab bo‘ldi-yu, viloyat bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi rahbari bilan bog‘lanib, «Paxta yig‘im-terimi davrida voyaga yetmaganlar mehnati yoki majburiy mehnat holatlari uchrayaptimi», deb so‘radim.
– Umuman bunday holat qayd etilmadi, hatto murojaat ham bo‘lgan emas, – deydi davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Jonibek Azimov. – Ishonasizmi, avvallari paxta yig‘im-terimi boshlansa, ana shu mazmundagi murojaatlar ko‘payib ketar, bu holat qonunga zid bo‘lsa-da, fuqarolarga nima deb javob berishni bilmasdik. Paxta – siyosat, degan qarash mavjud edi-da. Endi esa teskarisi, mavsum oldidan barcha fermerlar, klasterlarni majburiy va voyaga yetmaganlar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirdik. O‘zimiz mahallalarga chiqib, odamlarga tushuntirdik. Ular ham bugun o‘z haq-huquqini yaxshi biladi. Majburlab hech kim terimga jalb etolmaydi. Bunga ehtiyoj ham yo‘q, nazarimda. O‘zim ham dam olish kunlari hech kimga aytmay, birovni ogohlantirmay, dalalarga chiqib jarayonni kuzatdim, terimchilar bilan gaplashdim. Qonunga zid harakatlarga guvoh bo‘lmadim, hech kim norozi bo‘lib ham gapirmadi.
Past Darg‘om tumanida boshqa hududlarga qaraganda eng ko‘p – 55 ming 100 tonna paxta xomashyosi yig‘ishtirib olinishi kerak. Buning uchun 16,9 ming gektar yerda g‘o‘za parvarishlangan. Yetishtirilgan hosilni yig‘ib-terib olish uchun 27,9 ming nafardan fermer xo‘jaliklari a’zolari va klasterlar ishchi-xizmatchilari, mahallalar aholisidan iborat 442 ta terim otryadi tashkil qilingan. Klaster mas’ullarining bildirishicha, 10 sentyabrdan boshlangan yig‘im-terimni 25 oktyabrga qadar tugatish choralari ko‘rilgan. Shu kunga qadar tumanda 40 ming 780 tonna (74 foiz) hosil yig‘ishtirib olinibdi, kuniga o‘rtacha 1600 tonnadan ortiq paxta terilmoqda. Mehnatga yarasha rag‘bat – terimchilarga kuniga 2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ tarqatilmoqda. Shuningdek, ilg‘or terimchilarga klaster tomonidan ham sovg‘alar berilyapti.
Ularni ham hech kim paxta dalasiga majburan olib kelmagan, tong saharda chiqib, qorong‘u tushgach, ketasan, demagan. Paxta – boyligimiz, milliy iftixorimiz, degan gap-so‘zlarga ham hojat yo‘q. Fermer, klaster uchun bu so‘zlar, balki ahamiyatlidir, lekin terimchi uchun bugun muhimi mehnatining munosib baholanishi, rag‘batlantirilishida.
G‘olib Hasanov.