“Terma” nima?

Baxshilar kuylaydigan qiziq-qiziq termalarni ko‘p eshitganmiz. Biroq “terma” so‘zi, uning ma’nosi haqida-chi?

Xalq baxshilari tinglovchilar o‘rtasida yirik hajmdagi dostonlarning ijrosini boshlashdan oldin o‘ziga xos tarzda mashq qilib oladilar. Ular ovozini charxlash uchun she’riy parchalardan tuzilgan qo‘shiq aytadi. Qo‘shiqlarda baxshining hayoti, turmushda ro‘y berayotgan voqealar, ba’zan kulgili hodisalar, dostonlarning eng qiziq o‘rnidan lavhalar va baxshining tinglovchilarga murojaati aks etadi. Bunday ijrolarning muddati cheklanmagan bo‘ladi. Ba’zan qisqa, ba’zan esa uzoq vaqt davomida baxshi “nima aytay?” mazmunidagi savol bilan atrofidagilarning e’tiborini o‘ziga tortadi. Ana shu she’riy parchalar “terma” atamasi bilan yuritiladi.

Termalar 10-12 satrdan 150-200, ba’zan undan ham ortiq misralargacha bo‘lishi mumkin. Baxshi mezbonning uni kutib olishi, tinglovchilarning dastlabki muomala va munosabatlaridan ilhomlanib, vaziyat taqozosi bilan yo‘l-yo‘lakay terma to‘qib ketishi ham mumkin. Lekin baxshining ana shu termani aytayotib, keyingi aytadigan dostonining rejasini tuzib olayotganini hech kim payqamaydi.

Termalarning eng ko‘p tarqalgan turi bu “Nima aytay?” hisoblanadi. Lekin ba’zan termalarda shoir hayotiga oid juda nozik lavhalar ham muhrlanib qolganiga amin bo‘lamiz. Professor Hodi Zarif bergan ma’lumotlarga qaraganda, Jumanbulbul o‘g‘li Ergashni maktabdor O‘tamurodning qizi Ziynatoyga uylantirgan. Ammo baxshi yashaydigan hudud an’anasiga ko‘ra, kelin to‘ydan keyin ikkinchi to‘y o‘tgandan keyingina kuyovnikiga kelar ekan. Afsuski, birinchi to‘ydan keyin Jumanbulbul vafot etadi. Ergashning esa keyingi to‘yga mablag‘i yetmaydi. Chunki otasidan qolgan arzimas bor-yo‘q narsalarni ham qarz evaziga olib ketishadi:

Bo‘lib-bo‘lib olib ketdi haqini,

Biz bilmaymiz haqi bor yo yo‘g‘ini,

Zoti yo olismi, bizga yaqini,

Bariga haq berib turgan kunlarim.

Xotin qoldi otasining uyida,

Men bilmayman ne gaplar bor o‘yida,

Ko‘p va’dalar bo‘lgan edi to‘yida,

Uyalib, borolmay yurgan kunlarim.

Demak, termalar baxshilar hayotining o‘ziga xos solnomasi sifatida yaratiladi.

Shuningdek, termalarni doston va hayotiy voqealarni bir-biriga bog‘lovchi ko‘prik deb atasak ham xato bo‘lmaydi.

Feruza RAHMONQULOVA.