Tersakka sayyohlar nima uchun borishadi?

Tabiati, noyob o‘simlik dunyosi, havosi, manzaralari bilan tilga tushgan Urgut tumanining Tersak mahallasi Samarqand — Qashqadaryo yo‘lidagi Taxtiqoracha dovoni yaqinida joylashgan. Bir necha yil oldin 200-300 nafar xorijiy sayyoh kelgan bu mahallaga keyingi vaqtlarda yiliga ikki mingtagacha mehmon tashrif buyurmoqda. Talabga yarasha — dastlab bir dona bo‘lgan mehmon uylar soni hozir o‘ttizga yaqin. 

Viloyat sanitariya epidemiologik-osoyishtalik va jamoat salomatligi hamda turizm boshqarmasi hamkorligida ushbu hududga press-tur uyushtirildi. 


Jurnalist va blogerlar, shuningdek, soha mutaxassislari turizm mavzusi boshlanishi munosabati bilan hududdagi uy mehmonxonalari, maktab va bog‘chalarning sanitar holati bilan tanishdi. Ma’lum bo‘lishicha, allaqachon uy-mehmonxonalari va soha mutaxassislari ishtirokida sanitariya masalasida hududda ko‘plab uchrashuv, seminarlar tashkil etilgan. Qishloq ahli sanitariya qoidalaridan bexabar emas. 

- Sanitariya juda muhim, ammo bu oshxona va boshqa sharoitlarni aynan jahon yoki Yevropa standarti bo‘yicha qurish kerak, degani ham emas, – deydi hududda birinchilardan bo‘lib uy-mehmonxona faoliyatini yo‘lga qo‘yib, yaxshigina tajriba orttirgan Qo‘ysin Hasanov.  – Xalqimizda azaldan toza-ozodalik, sanitariya madaniyati yaxshi shakllangan. Biz ana shu madaniyatni unutmagan, aksincha targ‘ib qilgan holda sayyohlarga milliy an’analarimiz, urf-odatlarimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Ochig‘ini aytganda, Fransiyadan kelgan sayyohga bizning tog‘larda Yevropa uslubida qurilgan oshxona emas, balki tandirda non yopish juda qiziq. Biz esa buni tashkil qilib beramiz. Mehmonlar, biz bilan bir uyda turib, bir dasturxondan non-tuz yeyishadi, milliy taomlarimizni birgalikda tayyorlab ko‘rishadi, toqqa yoki soy bo‘ylab sayohat qilishadi.  


Qo‘ysin akaga ko‘ra, bu qishloqqa sayohatga kelib, an’analarga katta qiziqish, uyg‘ongan va oylar davomida shu yerda qolib, o‘zbek tilini, madaniyatini o‘rgangan sayyohlar ham bor. Dastlab bu yerga faqat fransiyalik sayyohlar kelgan bo‘lsa, hozirda Italiya, Germaniya, Belgiya, Daniya, Kanada kabi ko‘plab davlatlardan ham tashriflar soni oshmoqda.

Safar davomida jurnalist va blogerlar Tersak qishlog‘i bo‘ylab tog‘ sayohatida bo‘ldi va ochiq tabiatga tashlab ketilgan plastik idishlarni yig‘ib olish tashabbusini ilgari surishdi.