“Test markaziga ishga o‘tgan” ayol tanishlarini chuv tushirdi

Xalqimizda bir maqol bor: “Sinalmagan otning sirtidan o‘tma”, deyishgan. Soddadil, ko‘nglida kiri yo‘q, ammo o‘z kuchiga ishonmay ikkilanayotgan kishilar firibgarlar qo‘liga tushib qolsa, ota-bobolarimiz donoligiga yana bir bor tan beradi, deb yozmoqda “Adolat sari” gazetasi. 

Nodira asli Toshkent shahridan. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Anzirat samarqandlik. Ular ikki-uch yil avval shifoxonada davolanayotganda tanishib qolishgan edi. Shundan beri telefonda gaplashib turishardi.

Bir kuni Nodira dugonalari bilan Samarqandga ziyoratga keldi. Shu payt Nodira Anziratnikiga ham bordi. Gap orasida Anzirat tanishining qizi Gavhar bir necha yildan beri o‘qishga kirolmayotgani haqida gapirgandi, Nodira qulay fursatni boy bergisi kelmadi.

- Tanishingizga men yordam qilishim mumkin. Hozir test markaziga ishga o‘tdim, - dedi.

Uning gaplariga ishongan Anzirat “o‘zlaring gaplashib olinglar” deb, Gavharning telefon nomerini berdi.

Nodira qiz bilan gaplashib, yordam qilishini bildirdi.

- Xarajati qancha bo‘ladi, - deb so‘radi Gavhar.

- Boshqalarni 3.000-4.000 dollar bilan kiritayapman. Siz Anziratning tanishi bo‘lganingiz uchun 1.500 dollar bering. Ishni boshlash uchun yarmini oldindan berasiz. Ha, yana senga o‘xshab imtihondan yiqilganlar bo‘lsa, ularga ham aytaver.

- Men uydagilar bilan gaplashib ko‘ray, keyin natijasini aytaman, - dedi Gavhar.

Nodiraning oshig‘i olchi bo‘ladigan bo‘ldi. Gavhardan tashqari SamDUning mehnat fakultetiga kirolmagan Mashhura va shu universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga hujjat topshirib yetarli ball to‘plolmagan Vaziralar ham Nodira orqali niyatlariga yetishiga ishondi.

Nodira bu qizlarning onalari bilan yuzma-yuz gaplashib oldi.

- O‘zim test markazida ishlayman. Hamma javob varaqlari bizning qo‘limizdan o‘tadi. To‘g‘ri javob bo‘lgan varaqlar bilan almashtirib qo‘yaman. Oliygohga kirmoqchi bo‘lganlardan topsangiz, sizlarniki tekinga tushadi, - dedi.

- Oldin biznikilarni o‘qishga kirgizib qo‘ying. Sizga ishonaylik. Keyin qancha odam desangiz topib beramiz, - dedi ayollardan biri.

Nodira Gavhardan 500, Mashhuradan 850 va Vaziradan qizi Sh.Nomozovani o‘qishga kirgizib qo‘yish evaziga 490 dollari, pasport nusxalari hamda DTM raqamlarini oldi. Tez kunlarda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib ketdi. 

Nodira avvaliga erta-indin hal bo‘ladi, deb aldab yurdi. So‘ng “paxta sezoni” o‘tsin dedi. Xullas, ortga surishdan nariga o‘tmadi.

Uning gaplariga ishonib, farzandimizni qachon o‘qishga chaqirarkan deb kutib o‘tirganlarning toqati toq bo‘ldi. Hech qachon ko‘rmagan, bilmagan bir kishiga ishonib, unga pul tutgan ayollar qattiq pushaymon bo‘ldi. Nodira chuv tushirib ketgan ayollar bo‘lib o‘tgan voqealar haqida tegishli joyga murojaat qilishdi.

Oxir-oqibat Nodira barcha zararni to‘liq qoplab berdi.

Sud Nodiraga nisbatan tegishli jazo tayinladi.