Test sinovlarining to‘rtinchi kuni Samarqandda 5 nafar abituriyent birovning o‘rniga imtihonga kirishga urindi
Avval xabar berganimizdek, ayni kunda viloyatda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, 11 avgust kuni birinchi navbatda qatnashishi kerak bo‘lgan 5460 nafar abituriyentdan 4966 nafari test sinovlarida ishtirok etgan. Ammo 494 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan.
Ikkinchi navbatda abituriyentlarning 5202 nafari test sinovlariga kelgan bo‘lsa, 258 nafari turli sabablarga ko‘ra qatnashmagan.
Birinchi navbatda to‘rt nafar, ikkinchi navbatda bir nafar abituriyent o‘ringa o‘rin kirishga uringani, olti nafar abituriyent tartib-intizomga rioya qilmasdan ta’qiqlangan vositalardan foydalangani tufayli test sinovlaridan chetlatilgan.
Eslatib o‘tamiz: Abituriyentlar imtihon hududiga test sinovi boshlanishidan 1 soat oldin pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishlari lozim.