Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tez orada Samarqand shahri ko‘chalari zamonaviy qiyofaga kiradi

Bugungi kunda Samarqand shahridagi yo‘llarda kechayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari ko‘pchilik haydovchi va yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘diryapti. Ammo bu vaqtinchalik holat. Chunki hademay shaharning Rudakiy, Jomiy, Firdavsiy, O‘zbekiston, Bo‘stonsaroy kabi o‘ndan ortiq ko‘chalarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari yakuniga yetadi.

Ayni kunlarda Beruniy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasidan Shohi Zinda majmuasigacha bo‘lgan avtomobil yo‘lini ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda. “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUKga qarashli “JM TECNO” korxonasi tomonidan ko‘chaning 1000 metrdan ziyod qismiga asfalt yotqizildi.

Рудакий кўчаси Самарқанд шаҳрининг энг катта кўчаларидан бири бўлади -  zarnews.uz

- Piyodalar yo‘lagining ikki tarafi 1 kilometrdan ziyod masofada ta’mirlanib, tramvay liniyalari o‘rnatish ishlari ham to‘liq bajarildi, - deydi  xususiy korxona direktori Alisher Kozimov. - Ishchilarimiz 3,25 metrlik piyodalar va veloyo‘laklarga 6129 metr kvadrat hajmdagi beton plitalar teryapti. Maxsus texnikalarimiz yordamida asfalt qoplamalari kesilib, moslashtirilmoqda. 1800 metr irrigatsiya tarmoqlari, ya’ni beton lotoklar yotqizildi. Piyodalar va mashinalar o‘tadigan qismlariga temir quvurlar o‘rnatilmoqda.

 Bo‘stonsaroy ko‘chasidan o‘tgan Chashma arig‘ining ko‘prigi “Toshko‘prikqurilish” MChJ tomonidan mukammal ta’mirlanmoqda. Korxonaning 100 nafardan ortiq muhandis-quruvchilari 20 ta maxsus texnika yordamida uzunligi 5x5 metrlik suv o‘tkazgich, ya’ni kollektor qurishmoqda.

- Mazkur ko‘chani kesib o‘tgan Chashma arig‘iga yangi ko‘prik quriladi, - deydi “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK bosh muhandisi Sobir Abduraimov. - Ushbu yo‘lning ham balandligi 6 metrga ko‘tarilib, deyarli barcha qismlari tenglashtiriladi. Avtomobillar harakatlanadigan qismi 6 qatorli bo‘lib, shu hududda yashovchi aholining avtomobillar oqimiga xalal bermasdan harakatlanishlari uchun ko‘chaning ikki tomonidan mahalla ichiga kiruvchi ichki qo‘shimcha yo‘l ham barpo etish ko‘zda tutilgan.

Ko‘chaning U.Tursunov ko‘chasi kesishmasidan boshlab Chashma arig‘igacha bo‘lgan qismidagi qiyalik 3-4 metrgacha pasaytirildi. Shuningdek, yo‘l yoqasidagi 20 dan ziyod aholi xonadonlari ko‘chirilib, ular o‘rnida mehmonxona, savdo do‘konlari, restoran, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilmoqda.

- Bo‘stonsaroy ko‘chasi ilgari 14 metrni tashkil etgan bo‘lsa, endi faqat avtomobil yo‘lining kengligi 27 metrga boradi, - deydi «New-Tech Samarkand» MChJ mutaxassisi Jamol Rahimov. – Suvoqova tizimi tortilib, 2,20 metr yashil maydon va manzarali daraxtlar ekiladi, 2 metr kenglikda piyoda va veloyo‘laklar qurilgach, ko‘chaning jami kengligi 45 metrga yetadi. Loyiha bo‘yicha dekabr oyida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan mazkur ob’yektda korxonaning 20 dan ziyod ishchilari va maxsus texnikalari mehnat qilmoqda.

 

Shaharning Firdavsiy ko‘chasidan So‘lim shaharchasigacha bo‘lgan 9 kilometrlik masofada ham qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. “Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish” DUK tomonidan hozirgacha 1 kilometr masofada tuproq ishlari bajarilib, tosh to‘kib tekislandi. Ko‘chaning umumiy kengligi 18 metrga yetkazilib, avtomashinalar uchun 4 qatorli yo‘l bo‘ladi.

- Ko‘chaning 500 metr qismining ikki yoniga beton lotoklar, tungi yoritish chiroqlari asoslari o‘rnatildi, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Orif Hotamov. - 50 ga yaqin xonadonga tabiiy gaz, aloqa va elektr energiyasi tarmoqlari tortildi. Yo‘lning ikki chetiga manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekildi. 5 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlarini olib borish rejalashtirilgan ko‘cha bosqichma bosqich foydalanishga topshiriladi.

Yuqorida ish jarayoni qizg‘in kechayotgan yo‘llar joriy yil yakuniga qadar zamonaviy ko‘chalarga aylanib, aholi uchun yanada qulayliklar yaratadi.

Dilmurod To‘xtayev.