Tibbiy ko‘rik kasallikni barvaqt aniqlashda yordam beradi

Filialning 21 nafar mammolog, radiolog, onkolog, endokrinolog, onkojarroh va boshqa yetakchi shifokor-mutaxassislari to‘rt guruhga bo‘linib, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida, Oqmachit va Ravonak, Quyi Arabxona mahallalarida joylashgan qishloq oilaviy poliklinikalarida 500 dan ortiq aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. 50 nafar fuqaroda saraton oldi kasalliklari, shuningdek, kasallikka shubha qilinganlar aniqlandi. 

– Ko‘rik jarayonida dispanser nazoratida turgan bemorlar to‘liq tekshiruvdan o‘tdi, – deydi mammolog shifokor Baxtiyor Sulaymonov. – Bemorlarga qo‘yilgan tashxis natijalari to‘g‘riligini ham qaytadan sinchiklab o‘rgandik. Natijada saraton oldi kasalligi, ayniqsa, ayollarda ko‘p uchraydigan sut bezi, bachadon bo‘yni hamda oshqozon saratoni kabi xastaliklar aniqlandi.
Mutaxassis-shifokorlar besh nafar bemor xonadoniga borib, ular holidan xabar oldi. 

– Ancha vaqtdan beri boshimda og‘riqli toshmalar paydo bo‘lib, bezovta qilib kelardi, – deydi tumandagi Sulfakabutak mahallasida yashovchi U.Asrorova. – Tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tibbiy ko‘rik o‘tkazilishini eshitib, shifokorlarga murojaat qildim. Mutaxassislar kasallikka aniq tashxis qo‘yishdi. Dardim og‘ir emasligi va tez orada kasallikdan forig‘ bo‘lishimni aytishdi. Bepul davolanish uchun shifoxonaga yo‘llanma   berishdi. 
Kasallik belgilari aniqlangan fuqarolarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilib, samarali davolash maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filialiga yo‘llanmalar berildi. 

Dilmurod TO‘XTAYeV.