Tibbiyotdagi firibgarlar

Britaniya jarrohi Malkolm Pirs tibbiyot tarixiga pixini yorgan firibgar sifatida kirdi.

U aqlga sig‘maydigan operatsiya o‘tkazdi. Homilali embrionni bir ayoldan olib, ikkinchi ayol bachadoniga o‘tkazibdi va sog‘lom bola tug‘ilgan emish.

Jarrohning bu «yutug‘i» ilmiy jurnalda bosilgan, konferensiyada muhokama qilingan. Keyin ma’lum bo‘lishicha, vijdonsiz jarroh qalbaki mijoz yaratib, o‘zining uydirmasini o‘ylab topgan ekan.

«Afsuski, bu tibbiyotdagi yagona firibgarlik emas, - deydi nufuzli ekspertlar guruhi. – Tibbiyot «tovlamachi, firibgar, qalloblar bilan to‘lib toshgan».

«Daily Mail»ning yozishicha, har yili tibbiy tadqiqotlar haqida e’lon qilinadigan maqolalarning 2 milliontasidan har bir beshinchisi yo soxtalashtirilgan yoki o‘g‘irlangan. Bunday yolg‘on axborotlar, ayniqsa vrachlarning tadqiqotlari mukofotlanadigan mamlakatlarda avj olgan. Bu, jumladan, Misr, Eron, Hindiston va Xitoyda ko‘p kuzatiladi.

***

Amerikaliklar xavotirda

AQShda boshboshdoqlik avjiga chiqmoqda. San-Fransiskoning yuzlab aholisi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun politsiyaga ishonmay, xususiy qo‘riqchilar yollashmoqda.

AQShning eng osoyishta shahrida daydilar, mashinalar eshigini buzib avtomobillarni olib qochuvchi va xonadonlarga bostirib kirgan talonchilarni orqasidan quvishga tushgan xususiy qurollangan patrullarni ko‘rish mumkin. Shu yilning yanvaridan hozirgacha eshikni buzib xonadonlarni tunab ketgan 6 mingta hodisa qayd etilgan. San-Fransisko meri ushbu bosqinchilar haqida xabar berganlarga 100 ming dollar mukofot berilishini e’lon qildi.

Mayda o‘g‘irlik ayniqsa avj olgan. Kastro rayonida eng katta supermarket tovar o‘g‘rilari dastidan ish soatini chegaralashga majbur bo‘ldi.

T.Shomurodov tayyorladi.