Tijorat banklarida marketing qanchalik muhim?
Mamlakatimizda xususiy sektor rivojini rag‘batlantirish, banklarning investitsiyaviy jozibadorligini, bank xizmatlari ommabopligini va ularning sifatini oshirish uchun bank sektorini tubdan transformatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda. Bunda banklar faoliyati, kredit siyosatiga davlat organlari tomonidan aralashuvlarning oldini olish, tijorat banklarining kapitallashuvi va kredit portfelini doimiy oshirib borish uning sifatini yaxshilash, investitsiyaviy loyihalarni moliyalash hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni kreditlash ko‘lamini yanada oshirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, banklarga xos bo‘lmagan vazifalarni istisno etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishni nazarda tutuvchi dastur loyihasini ishlab chiqish borasida ham ishlar olib borilmoqda.
Shu bois tijorat banklarida marketing siyosatini shakllantirib erkin raqobat muhitini yaratish katta ahamiyat kasb etadi. Chunki marketing bank va mijoz o‘rtasidagi munosabatlarni tubdan o‘zgartirib, bank mijoz uchun qoidasiga asoslanadi. Hozirda banklar mijozlari bilan o‘zaro munosabatlarini jiddiy marketing tahlili asosida amalga oshirmoqda. Bank xizmatlari bozorida raqobat kuchaygani sababli marketingga kengroq e’tibor qaratilmoqda.
Marketing rivojlanishidagi ikki asosiy yo‘nalish bank ishida ixtisoslashuv va universallashuvga moyilliklarni tushunish uchun kalit vazifasini o‘taydi. Birinchidan, bu «bozorning vertikal joyi»ga mo‘ljallangan marketing bo‘lib, uning mohiyati iste’molchilarning berilgan guruhlari bo‘yicha xizmatni yoxud bir-biriga funksional jihatdan yaqin xizmatlar kompleksini sotish yo‘llarini izlashdan iborat. Banklar eski bozorni yoki uning bir qismini tutib qolish o‘rniga o‘z xizmatlari uchun doimo yangi bozorlar topishga intilishadi.
Ikkinchidan, «bozorning gorizontal joyi»ga mo‘ljallangan marketing iste’molchilar ehtiyoj sezishi mumkin bo‘lgan bank xizmatlarining butun kompleksi bo‘yicha ehtiyojlarini qondirishni nazarda tutadi.
Tijorat banklarida marketing faoliyatini kredit berish jarayonida rivojlantirish bank strategiyasining mikro darajasi sifatida baholanadi. Uning qanchalik to‘g‘ri ishlab chiqilishi bank faoliyatini raqobat bozorida ustunligini ta’minlash, ularning mahsulotini sikllik davrini yaxshilash va mijozlar sonini ortishiga olib keladi. Tijorat banklari kredit berish jarayonida marketing faoliyatini rivojlantirishda jahon amaliyotida keng qo‘llanib kelayotgan uchinchi tomonning dasturiy ta’minoti va kompyuter operatsiyalaridan foydalangan holda autsorsing strategiyasini qo‘llashi muhim hisoblanadi. Ushbu strategiyadan 2000 yildan buyon Yevropa davlatlarida keng foydalanilmoqda.
Bundan tashqari, mikromoliyaviy xizmatlar bozorida tijorat banklari marketing faoliyatini rivojlantirish bank mijozlari bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi. Qachonki, bank mijozlarga xizmat ko‘rsatishning samarali tizimini ishlab chiqsagina, uni raqobat bozoridagi faoliyati shunchalik yuqori bo‘ladi.
Jahon amaliyotida mijozlar salohiyatidan kelib chiqqan holda mikrosegmentatsiya qilish keng tarqalgan. Buning asosiy maqsadi - mijozlarga aniq manzilli xizmat ko‘rsatish. Banklarning mijozlarni segmentatsiyalash jarayoni modelida ularning qanchalik ko‘p bo‘lishiga ahamiyat qaratsa, kompaniyalarning kreditni qaytarish garovi shunchalik ko‘p bo‘ladi.
Marketing mavjud mijozlarda yangi ehtiyojlarni vujudga keltirishga yo‘nalgan bo‘lishi lozim. Bunda reklama axboroti, matbuot, radio va televideniyedan keng foydalaniladi. Shu maqsadda mijozni xabardor qilishning telemarketing, internet kabi eng yangi usullaridan ham foydalaniladi. Natijada kredit tashkilotlari xuddi ular filial yoki yangi bo‘linma tuzishda hosil bo‘ladigandek samaraga erishishi mumkin.
Umuman bank xizmatlarini rivojlantirishda marketing faoliyati doirasida mijozlarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish va doimiy mijozlar sonini ko‘paytirish. bank marketingi maqsadlaridan biri yangi mijozlarni doimiy tarzda jalb qilishdir. Aniq amaliyotlarni bajarish uchun bankka murojaat qilayotgan jismoniy va yuridik shaxslar har doim to‘ldiruvchi yoki yondosh xizmatlarning ehtimolli xaridorlari sifatida ishtirok etadilar. Masalan, mijoz bankdan chet el valyutasini olayotgan bo‘lsa, unga xorijga sayohat chog‘ida baxtsiz hodisalardan sug‘urtalanishni taklif etish mumkin. Yangi mahsulotlarni ishlab chiqish va olg‘a surish natijasida bank ko‘taradigan xarajatlarning hajmi ham juda muhimdir. Chunki, bank nihoyatda qimmatli resurslarni tasarruf qiladi, ularni bozorning eng foydali – talab yuqori hamda xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlar nisbatan kamroq bo‘lgan segmentlarida ishlatish lozim. Bank marketingi naqd pulsiz hisob-kitoblarni takomillashtirish va tezlashtirish hisobiga pul muomalasini jadallashtirishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Nafaqat omonatchilar safini kengaytirish balki ularga xizmat ko‘rsatish sifatini doimiy yaxshilashga ham qaratilgan integratsiyalangan marketing tobora afzallik kasb etib bormoqda.
Bank xizmatlarini rivojlantirishda diversifikatsiya strategiyasi va segmentlash strategiyasi marketingning asosiy yo‘nalishlari bo‘lishi lozim. Birinchi strategiya bank mahsulotlarining zamonaviy turlarini yaratish, bank faoliyatining yangi asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalarga ham yoyilishini anglatadi. Ikkinchi strategiya esa taqdim etiladigan xizmatlar bilan ta’minlash darajasini chuqurlashtirish, eng kichik talab turlarini ham aniqlashga yordam beradi.
Hamdam ALLAYoROV,
SamISI marketing kafedrasi assistenti.