Til sofligiga har birimiz mas’ulmiz
Har bir millat o‘z ona tilining taraqqiyoti haqida qayg‘urmasa, u til bora-bora iste’moldan chiqib ketadi, ya’ni uning o‘rnini boshqa tillar egallaydi. Shuning uchun ham har bir millat o‘z ona tilini qadrlashi, uning rivojiga hissa qo‘shishi lozim. 2019 yil 21 oktyabr kuni davlatimiz rahbari “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdi. Unga binoan, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning tarixiy o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21 oktyabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.
Bayram arafasida viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali TEMIROV bilan tilimizning yutuq va kamchiliklari haqida suhbatlashdik.
- Avvallari tilimizga ruscha so‘zlar kirib kelgan bo‘lsa, endilikda inglizcha so‘zlar iste’molda ishlatilyapti. Masalan, press-konferensiya (matbuot anjumani), feyk xabar (yolg‘on xabar), ekspert (mutaxassis), link (havola) kabi so‘zlar barcha ommaviy axborot vositalarida qo‘llanilyapti. Ushbu so‘zlarning o‘zbek tilida muqobili bo‘lgani holda inglizcha so‘zlarni tilimizga kirib kelayotganiga qanday qaraysiz?
- Bilasizmi, tarixdan ma’lumki, tillar doimo o‘zaro aloqada bo‘ladi va shu aloqa orqali bir-birining lug‘at tarkibini boyitib boradi. Biroq, bunda ham ma’lum me’yor bo‘lishi kerak. Agar kirib kelayotgan yangi so‘zning tilimizda muqobili bo‘lmasa, uni qabul qilish tabiiy hol deb qaralishi kerak. Ammo press-konferensiya, feyk xabar, ekspert, link kabilarning tilimizda matbuot anjumani, yolg‘on xabar, soxta xabar, mutaxassis, havola, ilova kabi ular o‘rnida qo‘llana oladigan muqobillarini ishlatish mumkin bo‘lgani holda boshqa tildagisini qo‘llash, menimcha, noto‘g‘ri. O‘zbek tili dunyodagi eng ko‘p shevali til. Bu tilda so‘zlovchilar ham kam emas, dunyo bo‘yicha 50 milliondan ko‘proqmiz. Shunday ekan, tilimizga kirib kelayotgan har qanday yangi so‘z yoki iborani Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti huzuridagi maxsus komissiya o‘rganib chiqishi, muqobilini topishi, muqobili topilmasa, uning iste’molga kiritilishi bo‘yicha xulosa berishi kerak, deb o‘ylayman.
- Ko‘chalarda joy nomlari hali ham ajnabiy tilda yozilganiga guvoh bo‘lyapmiz. Nazarimda, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari amalda sezilarli ishlamayotgandek...
- Bu masalada mutlaqo haqsiz. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, joy – geografik ob’yektlar (ko‘chalar, xiyobonlar, restoranlar, oshxonalar, qahvaxonalar, kichik korxonalar, do‘kon va boshqalar)ga nom qo‘yishda ko‘proq tadbirkorlarning ta’bi bilan ish ko‘rilayotganga o‘xshaydi. To‘g‘ri, tadbirkor o‘zi ochayotgan ob’yektiga nom tanlash huquqiga ega. Biroq tanlangan nom o‘zbek xalqi mentalitetiga mos bo‘lishi, tariximizga, ma’naviyatimizga, qadriyatlarimizga tayanilgan holda tanlanishi maqsadga muvofiqdir. Ayrim tadbirkorlar xaridor yoki mijozlarni o‘ziga jalb qiladi, deb o‘ylashi to‘g‘ri emas. Aksincha, chet eldan kelgan sayyohlar ko‘proq milliy nomlangan joylarga intiladi, mahalliy sayyohlar ham bunday yemakxona va savdo majmualaridan uzoqroq bo‘lishga harakat qiladi. Joy nomlari tanlashda tadbirkorlarda tashabbuskorlik yetishmayotgan ekan, hokimliklar ularga yaqindan yordam berishi, zamon talabini tushuntirishi kerak.
- Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga 28 yildan buyon imillab o‘tyapmiz. Bu holat katta yoshlilarning kirill yozuvida, yosh va o‘rta yoshlilarning lotin yozuvidan foydalanishiga sabab bo‘ldi. Faqat ta’lim tizimi to‘liq lotin yozuviga o‘tdi, biroq boshqa sohalar hamon kirill yozuvidan foydalanmoqda. Birgina yozuvni o‘zgartirish shuncha vaqtni talab etsa, kirill yozuvida qolgan yaxshi emasmi?
- Bu juda murakkab masala. Kirill alifbosining taqdiri 1992 yil sentyabr oyida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bilan uzil-kesil hal etilgan. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun o‘z vaqtida va to‘g‘ri qabul qilingan edi. Alifboga mos imlo qoidalari ham ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Biroq 1995 yil may oyida bu qonunga kiritilgan tuzatish va qo‘shimchalar tufayli uni amalga to‘liq tatbiq etish susayib ketdi. Bu alifbodagi o‘zgarishlar savodxonligimizning oshishiga xizmat qilishi kerak edi. Afsuski, bunday bo‘lib chiqmadi. Shuning uchun ham “Davlat tili haqida” hamda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunlarning hayotga to‘liq tatbiq etilishi muddatlari bir necha bor uzaytirilib, natijada ularning oxiri ko‘rinmay qoldi. 2019 yilga kelib Prezidentimiz bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib, bir necha qaror va farmonlarga imzo chekdi. Hozir barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, o‘rta umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kollejlar, oliy ta’lim muassasalari, ko‘pgina muassasa, tashkilot va korxonalarda ta’lim-tarbiya, ish qog‘ozlari yuritish davlat tiliga va yangi alifboga o‘tkazilgan. Ba’zilarida davlat tiliga va yangi alifboga o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 10 fevralida Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-sonli qarori qabul qilindi. Unda 21 banddan iborat “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. 2023 yil 1 yanvardan boshlab tashkiliy-huquqiy sohasidan qat’iy nazar barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyoti to‘liq joriy etiladi.
- Sizningcha, o‘zbek tilining sofligini saqlab qolish uchun kurashish kerakmi yoki shunchaki til taraqqiyoti deb hisoblash to‘g‘rimi?
- O‘zbek tilining sofligini saqlab qolish uchun albatta kurashish kerak. Bu kurash osonlikcha bo‘lmaydi. Buyuk bobomiz Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlari tomonidan yuzlab shevalar ichidan tanlab olingan va adabiy til darajasiga ko‘tarilgan, ko‘plar o‘rganishni, gapirishni havas qiladigan ona tilimizni ichki va tashqi tajovuzlardan himoya qilishimiz, uning sofligi uchun har birimiz mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Har birimiz o‘z nutqimizda imkon qadar o‘zbek tilining grammatik, morfologik, fonetik qonuniyatlariga rioya qilishimiz, o‘zbek tilida qo‘llaniladigan serjilo so‘zlar va iboralarni ishlatishimiz, ular yordamida go‘zal ifodalar yaratishimiz, ta’sirchan, rang-barang nutq irod qila olishimiz lozim. Ana shunda tilimiz ham, nutqimiz ham taraqqiy etadi, mukammallik sari yuz tutadi.
- Hokimliklar qoshida hokimning til masalasi bo‘yicha maslahatchilari shtati joriy qilinganiga 2 yil bo‘ldi. Shu davr ichida maslahatchilar tomonidan qanday ishlar qilindi?
- Viloyatdagi tuman (shahar) hokimlarining maslahatchilari tomonidan davlat tili haqidagi qonun va uning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar viloyat teleradio kanallarida, ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositlarida keng yoritilib borilmoqda. “TIL – MILLAT KO‘ZGUSI” nomli axborot-ijtimoiy tarmog‘i tashkil etilgan bo‘lib, unda davlat tili haqida chiqarilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, viloyatda olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari, o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari, davlat tilida ish yuritish bilan bog‘liq materiallar, joy nomlari haqida ma’lumotlar muntazam berib borilmoqda.
Viloyat bo‘yicha joriy yilning 9 oyi davomida viloyat, shahar va tuman hokimlarining maslahatchilari tomonidan shu sohada qabul qilingan farmonlar va qarorlar ijrosi yuzasidan joylarda 300 ga yaqin targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Viloyatdagi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilgan tashqi reklama vositalarining davlat tiliga mos kelmaydigan jihatlarini tartibga keltirish borasida 2 yil davomida olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida bugungi kunda 15 mingga yaqin tashqi reklama vositalari tartibga keltirildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Geografik obektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi yuzasidan ham muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan: Narpay tumanida nomi qonun talablariga zid bo‘lgan 16 ta aholi punkti, nomi mahalliy hujjatlarda bor-u, davlat reyestr bazasida bo‘lmagan 949 ta ko‘cha, 2 ta ziyoratgoh, 96 ta qabriston nomlari, Jomboy tumanida 225 ta ko‘cha nomlari, Nurobod tumanida 1 ta yangi aholi punkti, nomi qonun talablariga zid bo‘lgan 99 ta ko‘cha nomlari ekspertizadan o‘tkazilib, xalq deputatlari viloyat shahar/tuman Kengashlari qarorlari bilan tasdiqlandi va davlat reyesti ba’zasiga kiritildi. Urgut tumanida 13 ta yangi mahallalar tashkil etilib, ularga nom berildi. Bundan tashqari, Nurobod tumanida 39 ta qabriston, 4 ta ziyoratgoh, 1 ta istirohat bog‘i, Samarqand shahrida 1 ta yangi mahalla nomi, nomsiz va nomi qonun talablariga zid bo‘lgan 130 ta ko‘cha, Kattaqo‘rg‘on shahrida nomsiz 68 ta ko‘cha, Toyloq tumanida nomsiz 49 ta ko‘cha, 18 ta qabriston, Oqdaryo tumanida nomsiz 10 ta ko‘cha, Ishtixon tumanida nomi mahalliy hujjatlarda bor-u, davlat reyestr bazasida bo‘lmagan 632 ta ko‘cha, Qo‘shrabot tumanida nomsiz 33 ta ko‘cha, Urgut tumanida nomsiz 10 ta ko‘cha, Bulung‘ur tumanida nomi qonun talablariga zid bo‘lgan 1 ta mahalla, 4 ta aholi punkti, nomi mahalliy hujjatlarda bor-u, davlat reyestr bazasida bo‘lmagan 484 ta ko‘cha, 36 ta qabriston, 2 ta maydon, 4 ta ziyoratgoh, Kattaqo‘rg‘on tumanida nomi qonun talablariga zid bo‘lgan 6 ta mahalla, nomi mahalliy hujjatlarda bor-u, davlat reyestr bazasida bo‘lmagan 134 ta qabriston, 452 ta ko‘cha, Payariq tumanida 1390 ta ko‘cha, 39 ta qabriston nomlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligining ijobiy ekspertiza xulosalari olindi.
Lekin bu ishlar bilan hali maqtana olmaymiz, qilgan ishlarimizdan qilmagan ishlarimiz ko‘p. Oldimizda qilinadigan ishlar anchagina. Bu borada barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishimiz lozim.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.