Tilanchimi yoki talonchi?
– Nima desam ekan, – peshonasini tirishtirdi yigit. – Masalan, biron-bir mahsulotni bir joydan ikkinchi joyga olib borib sotish va shundan ko‘riladigan foyda biznes deyiladi.
– Shaxsiy tomorqangizda yetishtirgan poliz va sabzavot mahsulotlarini bozorga olib chiqib sotsangiz va shundan ko‘riladigan foyda ham biznes deyiladi, – deya gap qo‘shdi yana bir kishi.
– Bu savdogarlik emasmi? – dedi otaxon.
– Savdogarlik degan tushuncha asta-sekin iste’moldan chiqib, o‘rniga biznes degan termin kirib keldi, – dedi haligi kishi. – Shuningdek, biror tadbirkorga, davlatga va o‘zingizga foyda keltirsangiz, bu ham biznes deyiladi.
Xullas, gap bilan bo‘lib, bekatga yetib kelganimizni ham sezmay qolibman. Avtobusimiz Siyob dehqon bozori biqinida to‘xtab, yo‘lovchilarni tushirdi. Yo‘l o‘tkazgich – taxtako‘prikdan avtobekatga qarab yurdim. Ko‘prikdan tushgan edim hamki, bashang kiyingan, soqoliyu sallasi o‘ziga nihoyatda yarashgan, ikki yanog‘i qip-qizil anorday, yetmish besh-sakson yoshlardagi nuroniy kishiga ro‘para bo‘ldim. Qariyaning nur yog‘ilib turgan chehrasiga hurmat bilan boqib, qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, salom berdim.
– O‘g‘lim, – dedi chol yap-yangi yaktagining bir tomonini ochib, – Surxondaryodanman. Hazrati Nur (Nurota)dan ziyoratdan kelyapman. Buni qarangki, manavi bozorda pulimni oldirib qo‘ydim. Bir so‘miniyam qoldirmasdan hammasini olib qo‘yishibdi.
Darhaqiqat, yaktakning ichki cho‘ntagi kesilgan edi. Cholga rahmim kelib, biroz pul berdim.
– Yana bir-ikki kishidan olsangiz, bemalol uyingizga yetib olasiz, – dedim-da, qishloqqa ketdim.
Oradan bir hafta o‘tib, odatdagiday qishlog‘imga otlandim. Avtobekatda yana o‘sha chol yonimga keldi.
– O‘g‘lim… – uning gapi og‘zida qoldi.
– Haliyam ketolmadingizmi?
Chol mening yuzimga yalt etib bir qaradi-da, nari ketdi.
Men har hafta qishloqqa borishni kanda qilmagan bo‘lsam ham haligi ismini bilmagan cholni qayta uchratmadim.
…Ammo navbatdagi ketishimda Chelakdan biror chaqirim o‘tganimizdan keyin avtobus ilkis to‘xtadi. Bir kishi derazadan qarab:
– Noinsof, bolalaring, nevaralaring toparman-tutarman bo‘lsa, yeyar-icharidan zoriqqan joying bo‘lmasa. Nimang yetmaydi sen ablahga.
Men ham beixtiyor derazadan tashqariga qaradim. Men ismini bilmagan haligi chol yelkasiga yelim xalta tashlab ketib borardi.
– Bu odamni bultur bir ma’rakada ham izza qilishdi. Ammo qaytmadi. Shu ishni kasb qilib, biznesga aylantirib olgan, – dedi yana boshqasi.
Qarang, bu ham biznes emish. Biznesning yana bir necha turi borki, bularning ba’zilarini ko‘rib, ko‘rmaganga olamiz. Biror korxona boshlig‘ini yoxud oliy va o‘rta maxsus bilim yurti, davlat tashkiloti yoki biror mahalla oqsoqolini egallab turgan lavozimidan olishsa bormi, bu ishdan olingan rahbar uchun go‘yo motamga aylanadi. U qadrdon jamoasidan, jonajon mahalladoshlaridan uzoqlashgani uchun yig‘laydimi? Insof bilan aytganda, yo‘q! U yerda uning o‘ziga xos biznesi bor edi. Bu xildagi bizneschilar ayniqsa, o‘quv yurtlariga qabul mavsumida yanada urchib ketadi.
O‘z-o‘zidan savol paydo bo‘ladi – bu "biznesmen"larning haligi firibgar choldan, xiyobon va bozorlarda tilanchilik qilayotganlardan qayeri kam? Biron-bir nufuzli tashkilotni o‘ziga otameros qilib olgan poraxo‘r rahbarning-chi?
Ularni tilanchi deymizmi yoxud talonchi?!
O‘rinboy NORMATOV,
jurnalist.
O‘rinboy Normatov (Yodgor) Ishtixon tumanining Qirqay qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini bitirib, yigirma yil Samarqand pedagogika kollejida faoliyat ko‘rsatdi. Pedagogik faoliyat olib borish barobarida badiiy ijod bilan shug‘ullandi, gazeta va jurnallarga maqolalar yozdi. Ijodga, jurnalistikaga yaqinligi tufayli 1996-2004 yillarda "Zarafshon" gazetasida ishladi. O‘zining dolzarb maqolalari, publitsistik chiqishlari bilan mushtariylar e’tiboriga tushdi.
"Aziz yurt o‘g‘loni", "Hayotnoma" nomli kitoblari chop etildi. "Qumga sanchilgan pichoq" qissasi nashr etildi. Otaxon ijodkor ayni paytda ham jo‘shqin ijod bilan shug‘ullanmoqda. Har gal tahririyatga yangi hikoyami, hajviya yoki qatra olib kelib, uni avvalo, "Zarafshon" o‘quvchilari e’tiboriga havola etadi.
Darvoqe, faxriy hamkasbimiz yaqinda 70 yoshga to‘ldi. O‘rinboy akani ushbu qutlug‘ yosh bilan tabriklab, mustahkam sog‘liq, ijodiga baraka tilaymiz.