Tinch okeanda 40 kun: Tami Eshkraft uzoq vaqt ummonda qanday qilib jon saqlagan edi?

Ko‘ngilsiz voqealar bizni har joyda kutib turgan bo‘lishi mumkin. Hayotda boshqalarga qaraganda ekstremal sport turlari bilan shug‘ullanuvchilar ko‘proq xavf ostida bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi, biroq shaxsiy mahorat va doimiy mashg‘ulotlar tufayli ular tabiatdagi qarama-qarshiliklar bilan yuzma-yuz turib, muvaffaqiyatli chiqish imkoniyatiga ega. Lekin ba’zida bu ham yetarli emas, hodisa 1983 yilda ikki yaxtachi bilan sodir bo‘ldi.

Amerikalik qiz Tami Eshkraft bolaligidan yelkanli qayiq sportiga qiziqardi. Aynan shu yerda u britaniyalik Richard Sharp bilan tanishdi. Ular sevishib, oila qurmoqchi bo‘lishdi. Tirikchilik qilish uchun ba’zida pul evaziga egalarining kichikroq sayohat kemalarini bir joydan boshqa joyga o‘tkazib berishardi. 1983 yilda ular “Hazana” nomli kemani Taiti portidan San-Diyego shahriga o‘tkazib berish buyurtmasini oldi. 30 kun davom etishi kerak bo‘lgan safar hech qanday murakkabliklarsiz o‘tishi kerak edi, negaki, juftlik bunday qatnovlarni bir necha bor amalga oshirib turgan. Afsuski, rejalar fojiali tarzda barbod bo‘ldi.

Yo‘lning o‘rtalariga kelib ular to‘rtinchi toifadagi bo‘ronga duch kelishdi. Richard shturvalda turib uzoq vaqt davomida imkon qadar yaxtani barqaror holatda saqlashga harakat qildi. U Tamini ba’zi asboblarni tekshirish uchun (balki uning hayotini xavf ostiga qo‘ymaslik uchundir) kemaning mexanizmlar o‘rnatiladigan va yuk ortiladigan ostki qismi – tryumga yubordi. Afsuski, shu payt yaxta ag‘darildi, Richard tom ma’noda qutqaruv nimchasidan uloqtirildi, Tami Eshkraft esa boshi bilan qattiq borib urildi.

Tami halokatdan bir kun o‘tib qorong‘ulikda, boshi og‘rigan, yuzlari qonga botgan holda o‘ziga keldi. Yaqindagina birgalikda hayot rejalarini muhokama qilgan bo‘lajak eri vafot etganini aniq tushungan ayol darhol o‘zini qo‘lga olishga harakat qildi.

Ag‘darilgan yaxtaning dvigateli ham, radiosi ham ishdan chiqqan, kema machtasi singan faqat navigator asbobi buzilmagan ekan. Oziq-ovqat zaxiralari ham oz miqdorda qolgandi. Nima bo‘lsa ham omon qolish kerak! Dastlab kemani kuchli to‘lqinlar va butun yukni yaxtaning bir tomoniga o‘tkazish orqali burib olishga erishildi. Yaxta qoldiqlaridan soatiga 2 tugun tezlikda suzib o‘tishga imkon beradigan “vaqtinchalik” machta va parus yasadi. Tami navigatsiya asbobidan qanday foydalanishni bilardi, shuning uchun u yo‘nalishni rejalashtira boshladi. Ikki kishiga mo‘ljallab olgan zaxiradan endi bir kishi ovqatlanishi kerak, bundan tashqari ovlangan baliq ovqatlanishning xilma-xil bo‘lishiga qo‘l kelardi. Shudring va yomg‘ir suvini yig‘ish uchun qurilgan chodir ham yaxshi fikr edi. Shunga qaramay Tami o‘z “sayohat”i oxirida 40 funt (18 kg) vaznini yo‘qotdi.

Eng qiyini masalaning psixologik tomoni edi. Sevgilisini yo‘qotish azobi, shuningdek har qanday xato hamma narsani yana o‘lim xavfi ostiga qo‘yishi mumkinligini tushunish unga bamaylixotir suzishga yo‘l qo‘ymasdi. Tami Eshkraft doim hushyor turib, masalani oxiriga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.

Rasmiy ravishda cho‘kkan deb tan olingan “Hazana” halokatga uchraganidan 40 kun o‘tib, Gavayi portiga kirib bordi. Tami Eshkraft ochlik, surunkali depressiya va boshqa sog‘liq muammolariga qaramay omon qoldi.

Qizig‘i, u yelkanli qayiq sportini tashlamadi. Hatto kichik yelkanli kema kapitani litsenziyasini oldi. O‘z sayohati haqida u  «Red sku in morning» (“Tongdagi alvon samo” – tahr.) kitobini yozdi.

Falokatdan 10 yil o‘tgach, fojiali hikoyaning qahramoni turmushga chiqdi, ikki farzandning onasi bo‘ldi. Hozirda oila Vashingtondagi San-Xuan orolida yashaydi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.