TIV Buyuk Britaniyadagi o‘zbekistonliklarga murojaat qildi

O‘zbekistonning London shahridagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holat tufayli Buyuk Britaniyaning Ichki ishlar vazirligi rasmiy portalida Birlashgan Qirollik hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolarining vizalarini uzaytirish bo‘yicha yangi qoidalarni joylashtirdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Sayohat cheklovlari tufayli Buyuk Britaniyani tark eta olmayotgan va mamlakatda qolish uchun ruxsatnoma muddatlari tugayotgan O‘zbekiston fuqarolaring vizalari 2020 yil 31 mayga qadar uzaytiriladi.

Buning uchun Buyuk Britaniya Immigratsiya xizmati bilan CIH@homeoffice.gov.uk elektron pochtasi orqali bog‘lanib, o‘zingiz haqingizda zarur ma’lumotlarni (to‘liq ismingiz, fuqaroligingiz, oldingi vizangiz raqami) berishingiz hamda mazkur mamlakatdan hozirda chiqib keta olmayotganingiz sababini qisqacha tushuntirib berishingiz kerak (masalan, chegaralarning yopiqligi). Arizachiga murojaat qabul qilinganligi va vizani uzaytirilganligi haqida tasdiqnoma yuboriladi.

Shuningdek, 31 mayga qadar Buyuk Britaniyani tark etmasdan turib mazkur davlatda uzoq muddatli yashash ruxsatnomasini olish uchun onlayn murojaat etishingiz ham mumkin. Bunday holda hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi o‘zgarmaydi va standart to‘lovni amalga oshirish talab etiladi.