TIV Sankt-Peterburgda o‘zbek migrantlarining ish tashlashi yuzasidan bayonot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi kompaniyalardan birida ishlaydigan migrantlar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolarining ish tashlashda ishtirok etganlari to‘g‘risida ma’lumot tarqalgani munosabati bilan 2020 yil 28 yanvar kuni Bosh konsulxonada ushbu kompaniya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Aniqlanishicha, voqea 27 yanvar kuni mehnatga haq to‘lash shartlari noto‘g‘ri sharhlangani sababli kelib chiqqan. Qayd etilishicha, 2020 yil 1 yanvarga qadar ishga kirgan chet el fuqarolariga 11 oy ishlaganlaridan so‘ng bir oylik ish haqi miqdorida mukofot puli to‘lab beriladi. Ish hajmining kamayishi munosabati bilan mehnat shartnomasini 2020 yil 1 yanvardan keyin imzolagan ishchilarga mazkur tartib tatbiq etilmaydi.
28 yanvar kuni kompaniya vakillari brigada va bo‘linmalar rahbarlari bilan uchrashib, vaziyatni tushuntirishgan. Nizo bartaraf etilgan hamda barcha ishchilar o‘z vazifalariga qaytgan.