TIV: Xitoy hukumati Uxandan xorij fuqarolarini evakuatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqmayapti

O‘zbekistonning Pekin shahridagi Elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020 yil 27 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Pekin shahrida akkreditatsiya qilingan chet el diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari uchun brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Brifingda quyidagilar ta’kidlandi:

– Xotirjamlik saqlanishi zarur. Sarosimaga tushish virusning o‘zidan ham kuchliroq tahdid bo‘lishi mumkin. Xitoy bugungacha vujudga kelgan barcha keng ko‘lamli epidemiyalarni bartaraf etgan, koronavirusni ham yengadi;

– Koronavirusni davolab bo‘ladi. Xitoy barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Agar Xitoy o‘z oldiga biror maqsad qo‘ysa, albatta unga erishadi;

– Xitoy chet el fuqarolarining o‘z hududidagi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha xalqaro majburiyatlarni bajaradi. Vazirlik va idoralar, shuningdek, provinsiya va shaharlarning rasmiy idoralari chet el diplomatik missiyalariga ularning Uxan shahri va Xitoyning boshqa shaharlarida muammoga duch kelgan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida har qanday ko‘makni ko‘rsatishga tayyor. Hozirda Uxan shahri mamlakatning boshqa shaharlariga qaraganda xavfsizroq. Chunki u yerga eng yaxshi mutaxassislar, eng ilg‘or qurilma va texnologiyalar safarbar qilingan.

Chet el diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillarining savollariga javob bera turib, Xitoy tomoni mamlakat Hukumati hozirda chet el fuqarolarini Uxan shahridan evakuatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqmayotganini e’lon qildi.