To‘qayzorlar tabiat durdonasi

To‘qayzorlar daryo suvini taqsimlash, toshqinlarning oldini olish, tuproq eroziyasi va daryo qirg‘oqlari yemirilishining oldini olib, tuproqdagi tuz me’yorini saqlaydi. Ammo xo‘jasizlarcha munosabat Zarafshon bo‘yi to‘qayzorlarini jiddiy inqirozga uchratdi, asosiy maydonlari payhonlanib, qishloq xo‘jalik ekinlari ekiladigan dalalarga aylantirilgan. Shu sababdan qachonlardir mavjud bo‘lgan to‘qayzorlardan uning ayrim fragmentlarigina saqlangan, xolos. 
To‘qayzordagi har bir o‘simlik O‘zbekiston florasining genofondini tashkil etadi. Shu genofondni saqlash maqsadida "Zarafshon", Amudaryoda "Payg‘ambar oroli" va "Baday-to‘qay" qo‘riqxonalari tashkil etilib, o‘simliklari davlat himoyasiga olingan. 
Viloyatimizda "Zarafshon" davlat qo‘riqxonasi joylashgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 2352 gektar. Shundan o‘rmon bilan qoplangan maydonlar – 868, toshloq va taqir yerlar – 310, suv, ariq, botqoqliklar – 284, tabiiy butazor va qamishzorlar – 890 gektarni tashkil qiladi.
Bu qo‘riqxonada haqiqiy to‘qayzorga xos o‘simliklar saqlanib qolgan. To‘qayzorda o‘sadigan o‘simliklarning aksariyat qismidan insoniyat ma’lum maqsadlarda foydalanishi mumkin. Lekin tabiat in’omlarining zaxirasi ham bir kun borib tugaydi. Shu bois undan oqilona foydalanishimiz kerak.    
O‘simliklar tugaydigan va tiklanadigan tabiiy resurslarga kiradi. Biroq keyingi yillardagi insoniyat tomonidan o‘simlik dunyosiga bo‘lgan munosabat ularning tiklanish imkoniyatini borgan sari kamayishiga olib kelmoqda. To‘qayzorlardagi tol va teraklarning haddan ziyod ko‘p, rejasiz kesilishi, chorva mollari yaylovlariga aylantirilishi, tabiiy ofatlar, yong‘inlarning ta’siri yosh tuplarni ham zararlantirdi. Ular o‘sadigan hududlarning keng o‘zlashtirilishi, daryo suvi rejimining o‘zgarishi, so‘nggi yillardagi iqlim o‘zgarishlari va yong‘inlar daraxtlar arealining keskin qisqarishiga sabab bo‘lmoqda. Chakanda, jiyda, zirk, na’matak kabi bebaho dorivor butalar ham keskin kamayib ketdi. Bu butalar dorivor bo‘lish bilan birga, ularning mevasi to‘qayzordagi yovvoyi hayvonlar, qushlar uchun ozuqa hamdir. Bu o‘simliklar zaxirasini qayta tiklash maqsadida to‘qayzorlarning ochilib qolgan joylariga qaytadan ekishimiz lozim. Ular to‘qayzor sharoitida tez o‘sib, o‘sha joyda yana tabiiy muhitni hosil qiladi. Bu to‘qayzor ekotizimini qayta tiklashning eng samarali yo‘li hisoblanadi. Shundagina to‘qayzorlarda o‘sadigan shifobaxsh dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish va uni qayta ishlashni yanada rivojlantirish mumkin. 
To‘qayzorlar ham boshqa tabiat ne’matlar singari umumxalq boyligi hisoblanadi. Uning tabiiyligini saqlash hayvonot va nabotot olamini asrash insoniyat uchun zarur bo‘lgan ekotizim yaratishga xizmat qiladi. 

Toshtemir OSTONAQULOV,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati. 
Abdug‘ani ELMURODOV,
O‘zbekiston Ekologik
harakati viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari.