To‘y, ma’raka , marosimlarni o‘tkazishning chegarasi, me’yori bormi?
Xo‘sh, bunday dahmaza hamda kimo‘zarga qilinayotgan to‘y-rusumlarni tartibga solishning me’yor-mezoni bormi? Bunday illatlardan qachon qutulamiz?
Ushbu savollar bilan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasi a’zosi Mahmud BOBOYoROVga murojaat qildik.
– Bu xalqimiz uchun ham, jamiyatimiz uchun ham og‘riqli nuqta bo‘lib kelmoqda, – deydi M.Boboyorov. – Shu bois to‘ylarni ixcham o‘tkazish masalasi xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida ko‘rib chiqildi va Kengashning to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyasi tuzildi, uning tarkibi tasdiqlandi. Mazkur komissiyaning namunaviy nizomi ishlab chiqildi. Shunday yo‘l tutishni, avvalo, hayotning o‘zi taqozo qilmoqda. O‘ylab ko‘riladigan bo‘lsa, bunday tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad xalqimiz mentaliteti, dunyoqarashi va milliy an’analarga mutlaqo yot bo‘lgan nomaqbul odatlarning o‘ylab topilayotgani va kirib kelayotganligi, o‘z navbatida ularning musobaqaga aylanib borayotganligidir. Masalan, oilaviy tadbirlarni olaylik. Bir qator tadbirlar bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajatlarning chek-chegarasi bo‘lmayapti. Bu esa oqibatda ming-minglab oilalarning nafaqat moliyaviy ahvoliga, balki butun hayotiga, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.
– Bu borada komissiyaning vazifasi nimalardan iborat?
– O‘tkaziladigan to‘y-hasham, marosim, oilaviy tadbirlar va unga doir boshqa tadbirlarni o‘tkazish holati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi, to‘y va marosim egalari bilan belgilangan talablar bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib boradi. Jamoatchilik fikrini inobatga olmaydigan fuqarolarni mahalla fuqarolar yig‘iniga taklif qilib, mahalla va mehnat jamoasida muhokama etish, ta’sirchan chora ko‘rish tizimini yaratadi.
Oilaviy tadbirlarning isrofgarchiliksiz, dabdabasiz o‘tkazilishi ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi, nikohdan o‘tish maqsadida ariza bilan murojaat qilgan yoshlarni o‘qitish, oilaviy hayotga tayyorgarligini oshirish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etiladi. Milliy mentalitetimiz, qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga mos kelmaydigan hamda yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida ta’lim muassasalari, yoshlar ittifoqining hududiy tuzilmalari bilan faol ish olib boriladi.
– Yurtboshimiz ijodkor ziyolilar vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda "Bugun o‘zini ko‘z-ko‘z qilib, kimo‘zarga to‘y qilayotganlar ko‘pchilik bo‘lmasa-da, yo‘q emas. Ular o‘zlarini boshqalardan ustun qo‘yib, kerilib, "hammaning og‘zi ochilib qolsin", qabilida ish tutishlari jamiyatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklayotganligini qanday izohlash mumkin?", degan savolni o‘rtaga qo‘ygandi. Bu borada viloyatimizda ahvol qanday?
– Hali bunday illatlardan qutula olganimiz yo‘q. Shunga qaramay, viloyatimizdagi 1086 ta mahalla fuqarolar yig‘inida mutasaddi vakillarimiz zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Bu borada tushuntirish ishlari olib borilmoqda. O‘z navbatida tavsiya va takliflar bilan chiqyapmiz. Jumladan, shu yilning mart oyida respublika "Mahalla" xayriya jamoat fondi va "Nuroniy" jamg‘armasi faollarining to‘ylar, oilaviy tantanalar va boshqa marosimlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz, dabdabasiz o‘tkazish yuzasidan mamlakatimiz xalqiga murojaati qabul qilindi. Murojaatda Prezidentimizning keng ma’nodagi fikrlari ifoda etilgan. Ya’ni, pul topib, aql topmagan, ma’naviy saviyasi past ayrim kimsalar, ayniqsa, oyog‘i yerdan uzilgan ba’zi mansabdorlar bu borada odob-axloq mezonlarini unutib, jamiyatdagi mavqeini, boyligini ko‘rsatib qo‘yishi kabi xudbin maqsadni ko‘zlayotgani, bunday holatlar yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularda halol mehnatga bepisand munosabat va yengil-yelpi hayot kechirishga urinish, manmanlikka berilishning kuchayishiga sabab bo‘layotganligi aytildi.
To‘g‘ri-da, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajatlar oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuviga olib kelyapti. To‘ychi qarz va g‘am-tashvish botqog‘iga botib qolayotgani ham bor gap. Bir kunlik to‘y deb butun umr yiqqanini sovurish, noz-ne’matlarni isrof qilish, soxta obro‘ orttirishga urinish kimga kerak? Buni o‘zini ko‘z-ko‘z qilayotgan ayrim boyvachchalar tushunib yetishlarini istardik.
– To‘ylarimiz milliy qadriyat hisoblanadi. O‘zbekning to‘yi hech kimnikiga o‘xshamaydi. Eng milliy, nozik jihatlarimiz aynan to‘ylarimizda namoyon bo‘ladi. Shunday ekan, to‘ylarimiz hozir ham, bundan keyin ham an’analarimizga zid kelmasligi kerak. Amalda qanday bo‘lyapti? Men nikoh to‘ylarini nazarda tutyapman.
– To‘g‘ri, kelin bilan kuyovni el oldiga chiqarib, to‘y qilish shakllangan. Lekin kelinlarimiz va yoshlarimizning to‘y liboslari hali-hamon o‘zgarmayotganligi – milliy liboslar o‘rniga yevropacha bo‘layotganligini afsus bilan aytmoqchiman. Bunga o‘zimiz – sizu biz aybdormiz.
Ko‘cha-ko‘yda, o‘zaro suhbatlarda aytamiz, lekin o‘zimizga kelganda rioya qilmaymiz. "Ha, yoshlar orzusi-da", deb qo‘ya qolamiz.
To‘y davomida kelin-kuyovning "vals"ga tushishi, bir-biriga tort yedirishi, kuyovjo‘ralarning beo‘xshov harakatlari, ayrim to‘ylarda yosh yigit-qizlarning kelin-kuyovni tabriklash bahonasida ular yoniga borib, spirtli ichimliklar iste’mol qilishayotganini ko‘rib, ko‘rmaslikka olamiz.
To‘y oldidan bir to‘da qizlarni chorlab, dugonalar talbonini o‘tkazish rusumi paydo bo‘lganligini qanday izohlash mumkin? Talbon-chaqiruv to‘ydan keyin bo‘lmaydimi? Hali oilaviy iqtisodi shaxsiy mashina sotib olish darajasiga yetmasa-da, nikohdan o‘tish tadbiriga qo‘sha-qo‘sha, uzun chet el mashinalari xizmatidan foydalanish esa har qanday odam yelkasiga ko‘tarib bo‘lmas yuk bo‘lib tushayotganini har bir kishi anglashini xohlardik.
– Turli ma’raka va marosimlar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishning chek-chegarasi, me’yori bormi?
– Bunday tadbirlarning o‘lchami, chegarasi belgilanmagan. Biroq ota-bobolarimiz rasm-rusumlariga amal qiladigan bo‘lsak, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan har qanday ma’raka va marosim ortiqcha dabdababozlikdan qochib, avvalo, o‘sha xonadonda ixcham tarzda o‘tkazilgani ma’qul. Ayrim kishilar bunday marosimlarni kafe, bar yoki katta restoranlarda o‘tkazishni xush ko‘radi. Bu islom aqidalariga ham, hozirgi tartibga ham to‘g‘ri kelmaydi.
– Xulosa o‘rnida nima deya olasiz?
– To‘y-tomoshalar, boshqa turdagi tantana va marosimlar xalqimizning ma’naviyatini belgilovchi omillar hisoblanadi. To‘ylarimiz qanchalik kamchiqim, ortiqcha xarajatsiz o‘tsa, o‘zimizga foyda. Ammo hali bu borada ko‘zlangan maqsadga erishish uchun odamlarimizning fikrini o‘zgartirish talab etiladi. Men komissiya a’zosi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida xalqimizga yana bir bor o‘z takliflarimni bildirmoqchiman.
To‘y egalari tomonidan milliy urf-odat va an’analarni mensimaslik, shuhratparastlik, isrofgarchilik holatlariga yo‘l qo‘yilayotgan xatti-harakatlarni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yaylik. Oilaviy tadbirlarning ortiqcha sarf-xarajatga sabab bo‘luvchi yangi turlari o‘ylab topilishining oldini olaylik. Buning uchun ijtimoiy adolatni ta’minlash, oilalar o‘rtasida keskin tabaqalanishning oldini olib, sog‘lom oilaviy munosabatlarni shakllantirish, aholi o‘rtasida shukronalik tuyg‘ularini kuchaytiraylik. Oilaviy tadbirlar o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish eng maqbul yo‘ldir. Har bir mahallada ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz bor. Ular bosh bo‘lib, to‘ylarni ixcham, kamchiqim, oddiy tarzda o‘tkazish bo‘yicha kengash-maslahatlar qilib tursalar, maqsadga erishgan bo‘lardik.
Go‘zal va ixcham o‘tgan to‘y-ma’rakalarimizga nima yetsin.
Suhbatdosh:
A.ISKANDAROV.