To‘yi kuni aqldan ozgan qiz yoxud ruhiyatning nozik muammolari haqida suhbat

Aholi orasida psixolog, psixoterapevt, psixiatr vrachlarga ehtiyoj oshyaptimi yoki hanuz bu xizmat bizda borishga uyaladigan soha sifatida qaraladimi?

Psixolog, vrach psixoterapevt har doim ham oilaviy munosabatlar, o‘smirlarning o‘tish davridagi ruhiy buzilish holatlarida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatyaptimi?

Jamiyatga moslasha olmaslik ham ruhiyatga ta’sir ko‘rsatadimi?

Bu savollarga oliy toifali psixoterapevt, gipnolog qanday javob berdi?

Insonning ruhiyati bilan «ishlab» uni sog‘lomlashtirish, o‘ziga ishontirish, katta maqsadlar sari yo‘naltirish, bir qaraganda mo‘’jizaviy voqeliklarni sodir qilish mumkin, deb hisoblovchilar juda ko‘p. Bu bilan shug‘ullanayotgan insonlar ham borligi, ularga ergashuvchilar kam emasligini bilamiz. Lekin inson faqatgina katta voqeliklar uchunmas, oddiy munosabatlarda, yashashda ham ruhiyatining ongosti qismini anglashni va unga ta’sir kuchini ko‘rsatishni istaydi, shunga ehtiyoj sezadi. Ammo shunday paytda aholiga yordam beradigan psixologik markazlar bormi? Agar bor bo‘lsa, ularning faoliyati nechog‘lik? Bu haqda «HYPNOSE MEDIKAL» tibbiy markazi bosh vrachi, oliy toifali psixoterapevt, gipnolog Mohira O‘tayeva bilan suhbatlashdik.

- Nima deb o‘ylaysiz, aholi orasida psixolog, psixoterapevt, psixiatr vrachlarga ehtiyoj oshayaptimi yoki hanuz bu xizmat bizda borishga uyaladigan soha sifatida qaraladimi?

- O‘zim faoliyat yuritadigan maskan misolida aytadigan bo‘lsam, ehtiyoj keskin oshganini kuzatish mumkin. Yaxshi tomoni - murojaat etuvchilar orasida ilgarigiday majburlikdan emas, o‘z vaqtida, ixtiyoriy keluvchilar ko‘paygan. Ayniqsa, ruhiy buzilishlarda xastalikning birlamchi belgilari kuzatilishi bilan murojaat etuvchilar soni ko‘payganini alohida aytib o‘tishni istardim. Bu yaxshi holat.

Oilaviy munosabatlar, o‘smirlarning o‘tish davridagi ruhiy buzilish holatlari, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq turli ko‘rinishdagi nevrotik belgilar va boshqa ko‘plab munosabatlardagi muammolar, inson o‘zini anglashi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan bizning markazimizga murojaatlar soni ham ortgan.

 - Lekin psixolog, vrach psixoterapevt har doim ham ushbu munosabatlarda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatyaptimi? Oddiy maslahatchiga aylanib qolmayaptimi?

- E’tirozingiz o‘rinli, psixolog maslahatchi emas. Psixolog insonga qanday yashashni o‘rgatishi kerak emas. Aksincha, qanday yashayotganini tahlil qilib, insonning o‘ziga anglatib bera olishi juda muhim jarayon. Bu esa psixologdan professionallik talab qiladi. Bizda sohani takomillashtirish uchun, avvalo, aholi orasida bu xizmat turi to‘g‘risida kengroq tushuncha berilishi, ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishi lozim, nazarimda. Qolaversa, ushbu xizmat dunyo miqyosida qimmat xizmatlardan sanaladi. Negaki, bemorga shifokor bir kunda 20-30 daqiqa vaqt ajratsa, psixolog bir kunda soatlab vaqt ajratishi lozim va aksariyat murojaat etuvchilarning muammolarini bitta psixologik suhbat yoki muolaja bilan korreksiya qilib bo‘lmaydi.

- Qabulga kelganlardan qaysi holat sizni larzaga solgan?

- Bilasizmi, har bir bemor bilan individual ishlash faoliyatimizning asosiy mezonlaridan. Har birini chuqur o‘rganish, agar zarur bo‘lsa, bolalikda qolib ketgan, ongosti zonasida yashiringan qo‘rquvlarini, garchi, unutib yubordim, deya o‘ylasa-da, turli qattiq stress holatlarining o‘nlab yillardan keyingi ta’sirlarini aniqlash lozim. Bizda, ayniqsa, ota-onalarning farzand bilan munosabatlarida muammolar juda ko‘p. Otalar ham, onalar ham aksariyat holda o‘z farzandi bilan muloqot qilishni bilmaydi. U ulg‘aysa-da, unga yosh boladek, faqat buyruq ohangida muomala qilishga o‘rganib qolgan. Bir necha yil oldin bir kelinchakni qabulimga olib kelishdi. Ruhiy jihatdan hech qanday nuqsoni bo‘lmagan qiz to‘y kuni kuyov uyiga borgach, keskin o‘zgarib qoladi. G‘alati qiliqlar qilib, hech kim bilan gaplashmay qo‘yadi. Shu qiz bilan ancha ishlashimizga to‘g‘ri keldi. Bunday holga tushishiga sabab bo‘lgan asl vaziyatni bilishga harakat qildik. Ota-onasi, yaqinlari bilan suhbat jarayonida aniqlanishicha, qiz hali turmush qurishga tayyor bo‘lmagan. Bir necha marta onasiga «Men qanday qilib birovning uyiga boraman?» deya yig‘lagan. Bizning tasavvurimizcha, hamma qizlar turmushga chiqadi va boshqa jarayonlarni ham vaqti bilan qabul qilib, ko‘nikib ketadi. Vaholanki, har bir inson individual. Ba’zi insonlarning ruhiyati har qanday yangilikni osonlikcha qabul qilmaydi va natijada o‘zini zo‘riqtirib qo‘yadi.

Bu esa ruhiy holatida buzilish ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Aytmoqchimanki, ota-onalar o‘z farzandlarini bolaligidanoq qanday fe’l-atvorga ega ekanligini tushunib, shunga qarab muomala qilishlari lozim. Bolaligida ro‘y bergan voqeliklar, turli hodisalarning barchasi insonning ongostida saqlanib qoladi. Qayerdadir, bir kuni kelib o‘zini namoyon qilishi mumkin.

- Jamiyatga moslasha olmaslik ham ruhiyatga ta’sir ko‘rsatadimi?

- Yaqinda qabulimga bir ayol keldi, u katta mablag‘ sarflab, Isroil davlatiga ishlashga ketgan. U yerda bir oy ham tura olmay qaytib kelgan va uzoq vaqt klinikamizda muolaja olishiga to‘g‘ri keldi. Gap shundaki, u boshqa davlatga borishga, u yerdagi tartib-qoidalarga rioya qilishga, yaqinlaridan uzoqda bo‘lishga ruhan tayyor bo‘lmagan. Uning uchun noma’lum jamiyat, muhit ruhiyatiga ta’sir o‘tkazib, qancha mablag‘ni havoga sovurishini bilsa-da, qaytib kelishga majbur bo‘lgan. Shuning uchun, umuman uyidan chiqmagan, deylik, biror joyda ishlamagan kishilar xorijga chiqishdan oldin ham psixolog ko‘rigidan o‘tishi turli ko‘ngilsizliklarning oldini oladi deb uylayman.

Savolingizdagi yana bir ishorani tushundim. Aslida rivojlangan, rivojlanayotgan davlatlarda istiqomat qiluvchilar orasida ham o‘zi yashayotgan jamiyatga nisbatan turli darajadagi ichki isyonlar bo‘lib turadi. Shuningdek, rivojlangan davlatlardagi suitsid holati rivojlanayotgan davlatlardagi bu kabi holatlar sabablari turlicha. Ammo ularda ham suitsid holatlarini kam deb bo‘lmaydi.

- Ruhiy kasalliklarni davolashda bugun qanday usullar qo‘llanilyapti?

- Keyingi yillarda psixoterapiya yo‘nalishida xususiy klinikalar ochishga ruxsat berilishi soha rivoji bilan birga bemorlarning darddan forig‘ bo‘lishi statistikasiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Nega deganda, odatda xalqimiz ruhiy kasallik bilan og‘rigan bemorni oila a’zolari ham ro‘yxatga olinadigan davlat shifoxonasiga ko‘p holatlarda olib borishni istamaydi. 34 yillik tajribamdan aytishim mumkinki, bunday holatda ular bemorni uyida yashirishga harakat qiladi. Yashirishning hech iloji qolmagandagina shifokorga murojaat qilishadi. Afsuski, bunday paytda uning holatini ijobiy tomonga o‘zgartirish juda qiyin bo‘ladi. Xususiy klinikalarning ochilishi bunday «to‘siq»larni olib tashladi va istagan kishi «ro‘yxatga tushib qolishdan» qo‘rqmay murojaat qila boshladi. Kasallik tuzalish ko‘rsatkichi oshdi. Bunda albatta, zamonaviy davo yo‘llari, dori vositalarining qo‘llanilishi, yangicha yondashuv mexanizmlari ham yordam bermoqda.

- Psixologik markazlar yetarlimi, nima deb o‘ylaysiz?

- Nazarimda, ularni ko‘paytirish kerak. Nafaqat oilaviy munosabatlarda, balki insonlar orasidagi barcha munosabatlarda, yanayam muhimi, insonni, o‘zini anglab olishida psixologlarning o‘rni bugun juda muhim. Ish uslublari yangilanishi, aholining turli qatlamlari orasida o‘ziga xos uslubda ishlash mexanizmlarini joriy etish kerak bo‘ladi.

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.