Tog‘lar bag‘ridagi mo‘’jaz shahar
Ertalabki soat yettida, sentyabr oyi o‘rtalarida Sarazmda havo anchagina salqin. "Hali Sug‘dga yetib olguncha havo isib ketadi", deyishdi bilgichlar. Haqiqatan ham tog‘li hududlarda havo harorati kunduzgidan keskin farq qilar ekan. Misol uchun, kechasi 2-3 daraja, kunduzi 17-22 daraja iliq.
Sarazmning qadimiyligini isbotlovchi qazilma hamda hududning eramizdan avvalgi VI-II ming yilliklarga tegishli ekani haqidagi dalillarga chegara postidan o‘tgach, 15 daqiqalar yurgandan so‘ng duch kelishingiz mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, bu yerda o‘sha davrga tegishli bo‘lgan turarjoy maskanlari, olov ibodatxonalari, saroy qoldiqlari topilgan. Sarazm qadim-qadimda ruda sanoati markazi hisoblangan ekan. Bu yerda qadim saroy majmuasining topilishi uning o‘tmishi olis-olislarga borib taqalishidan darak beradi.
Tabiiyki, birinchi marta O‘zbekistondan tashqariga chiqayotganim sababli yo‘ldagi har bir manzaraga e’tiborli bo‘lishga harakat qildim. Tog‘li yo‘llar boshlandi. Bu haqda Tojikistonga borib kelganlardan ko‘p eshitganim sababli yo‘llarni tasavvur qilgandim. Ammo tasavvur, eshitganlaring reallikdan farq qilarkan. Juda baland, kulrang, qo‘ng‘ir tusdagi ulkan qumliklarday tasavvur uyg‘otuvchi tog‘lar. Aylanma, spiralsimon yo‘llar. Go‘yo istirohat bog‘idagi allaqanday attraksionda harakatlanayotgandaysan. 10, 30, 50 va hatto 100 kilometr masofani bosib o‘tdik hamki, viqorli tog‘lar tugamaydi. Loyqalanib, mavjlanayotgan Zarafshon daryosi goh o‘ng, goh chap tomoningizda paydo bo‘ladi. Garchi yoshi katta hamrohlarim manazaradan zavqlanib borayotgan bo‘lsa-da, bunday tugamas tog‘lar, balandlik va pastliklarga qarab, o‘zimni ozroq noxush seza boshladim. Haydovchi "Kam qoldi, eng baland joyga ko‘tarildik, ko‘pchilikda bo‘ladi bu holat", deya tinchlantirdi. Haqiqatan ham biroz yo‘l yurganimizdan so‘ng o‘tib ketdi.
DEVAShTICh – PANJAKENT MARKAZIDA
Panjakent markazida sobiq sovet ittifoqi davrida qurilgan binolar ko‘zga tashlanadi. Ammo shu bilan bir qatorda zamonaviy madaniyat va sport inshootlari ham qad rostlagan. Panjakent shahri markazidagi Devashtich haykaliga qiziqib qoldik. Milliy qahramon hisoblanmish Devashtich eramizdan avvalgi 700 yillarda Panjakent hokimi bo‘lgan, Sug‘dning so‘nggi afshin (hukmdor)laridan biri ekan.
Sug‘d markazi Xo‘jandga borgunga qadar bir necha shahr (ya’ni shahar) va nohiyalardan (tuman) o‘tishimizga to‘g‘ri keldi. Shahriston, Istarafshon, Zafarobod kabi. Darvoqe, Shahriston hududida tog‘lar bag‘ridan besh kilometrlik tonnel qurilgan bo‘lib, u Sug‘dga boradigan aylanma yo‘lni bir necha o‘nlab kilometrga qisqartirgan. Eronlik mutaxassislar tomonidan bunyod etilgan tog‘ bag‘ridagi yo‘l uch yil mobaynida qurilgan ekan.
Va nihoyat 290 kilometr yo‘lni bosib o‘tib, Xo‘jand shahriga yetib keldik. Past-baland imoratlar, kabob-somsaxonalar, savdo do‘konlariyu maishiy binolar oralab markazga yaqinlashgan sari keng ko‘chalar, o‘ziga xos uslubda qurilgan imoratlar ko‘zga tashlanadi.
Ko‘chalarda batartib ekilgan gladiolus, atirgullar gullab turibdi. Archadan tashqari chinor, majnuntol va boshqa manzarali daraxtlar shaharga zeb bergan. Ayniqsa, shahar o‘rtasidan oqib o‘tuvchi zumrad rangdagi Sirdaryo suvi shaharda o‘ziga xos iqlim hosil qilgan. Shahar markazidan turib, to‘rt tomonga qarasangiz ham qorga burkanib turgan ulkan qoyalarni ko‘rasiz. Bunday manzara kishiga o‘zgacha zavq beradi.
KO‘ChALARDAGI NOMLAR TOJIK TILIDA
Ko‘chadagi inshootlar nomlarini o‘qib borarkanman, xorij so‘zlarini deyarli uchratmadim. Yirik savdo do‘konlari nomi ham tojik tilida.
Darvoqe, samarqandlik ishbilarmonlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasida sug‘dlik tadbirkorlar ham ishtirok etdi. Tojik tadbirkorlarining korxonalari nomlanishida ham chet tilidagisi kam. Aksariyati o‘z tilida, misol uchun sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi "Bomaza", eshik-romlar yasaydigan yirik korxona "Archa" deb nomlangan, tekstil mahsulotlari brendi "Chavon".
TOJIKISTONDA KOMMUNISTIK PARTIYa HAMON FAOLIYaT YuRITADI
Ehtimol, bu tasodifdir. Ammo Xo‘jandda sobiq ittifoq davriga oid, o‘sha davrda ko‘p qo‘llanilgan qizil rangga tez-tez duch keldim. Mehmonlar uchun to‘shaladigan qizil to‘shama, madaniyat saroyidagi qizil rangdagi o‘tirg‘ichlar. Tojikistonda sobiq ittifoq tuzumidan meros qolgan partiya, ya’ni kommunistik partiya faoliyat yuritar ekan.
– Tojikistonda ayni paytda yettita partiya faoliyat yuritadi. Viloyatimizda partiyamiz a’zolari soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi, – deydi Tojikiston Respublikasi kommunistik partiyasining Sug‘d viloyati qo‘mitasi birinchi kotibi Qurbonjon Mirzayeva. – Faoliyatimizni uzoq yillardan beri to‘xtatganimiz yo‘q. Buning uchun hukumat ham yetarli shart-sharoit yaratayotganidan minnatdormiz. Yaqinda komsomol tuzilmasini tiklash taklifi bilan chiqqanmiz.
MAHALLA TUZILMASI TOJIKISTONDA HAM FAOLIYaT KO‘RSATARKAN
– Chorchiroq mahallasida xotin-qizlar bilan ish olib boraman, – deydi Gavhar Abdullayeva. – Asosiy faoliyatimiz xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini olib borish, ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot ishlaridir.
GAZ FAQAT BALLONDA, "SVET VIP"
Darvoqe, sug‘dliklar bilan suhbat jarayonida bilishimizcha, keyingi to‘rt-besh yil davomida bu yerda elektr energiyasi muammo bo‘lmayotgan ekan. Ammo tabiiy gazdan foydalanish imkoniyati yo‘q. Hatto shahar aholisi ham zarur bo‘lganda gaz ballonlari ishlatishiga to‘g‘ri kelarkan. Shuning uchun aholi asosan elektr energiyasidan foydalanadi.
Urf-odat, an’analari xalqimizga juda o‘xshash bo‘lgan tojik oshxonasi ham deyarli o‘zimiznikiday. Yaxshi tomoni – to‘y-tomoshalar, mehmonlar uchun yoziladigan dasturxonlarda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. To‘y-hashamlarda kenja guruchidan tayyorlangan osh so‘nggi taom sifatida tortilar ekan. Noni juda mazali, O‘zbekistondagi vodiy nonlariga o‘xshab ketadi. Shapoti nomli nonining diametri 60-70 santimetr chiqadi. Juda yupqa va yengil, kattaligiga qaramay, tandirda yopilar ekan.
SAMARQANDLIKLAR MENI QARINDOShIDAY KUTIB OLIShDI
Aholi bilan rus tilida suhbatlashishimizga to‘g‘ri keldi. O‘zbekistondan kelganimizni bilganlar juda iliq muomalada bo‘lishdi.
– Panjakentda savdo do‘konim bor, – deydi Behro‘z ismli yigit. – Shuning uchun tez-tez Samarqandga borib, u yerdan pishloq, kolbasa kabi oziq-ovqat mahsulotlari olib kelaman. Sifati yaxshi, narxi ham ma’qul bo‘ldi bizga.
– Yo‘llar ochilgach, birinchi navbatda shaxsiy avtomashinamda Samarqandga bordim, – deydi Xisrav ismli kishi. – Odamlarning mehmondo‘stligidan juda ta’sirlandim. Bu shaharda qarindoshim ham, do‘stim ham yo‘q edi. Ammo ko‘chalarda mashinam raqami Tojikistonniki ekanini bilgan odamlar qo‘l silkib, ko‘rishib qo‘yadi, signal chalib, o‘z quvonchini bildiradi. Telefon uchun sim-karta olmoqchi edim, bu haqda samarqandlik bir boladan maslahat so‘ragandim, u darhol o‘zi olib kelib berdi. Hatto puliniyam olmadi. Juda ta’sirlandim, to‘g‘risi. Shundan so‘ng Toshkentga o‘tdim. Poytaxt meni barcha shaharlardan ko‘ra ko‘proq maftun qildi.
Ha, kim bilan suhbatlashmang, yo‘llarning ochilgani, do‘stlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilgani haqida iliq munosabat bildiradi. Rus tilida qiynalib so‘zlashganlarga "tojiki gapzadan giret" deganimizda, ko‘zlari chaqnab, yanada bemalol o‘z fikrlarini bildira boshlashdi. Haqiqatan ham so‘raydigan, so‘zlaydigan gaplarimiz tugay demasdi. Ammo vaqt degan uchqur ot bu suhbatlarni biroz qisqartirdi. Kech tushib qoldi. Binolardagi turli ranglarda tovlanuvchi chiroqlar, favvoralar kechki Xo‘jandga o‘zgacha zeb berib turibdi. Qadim va maftunkor Xo‘jand bilan xayrlasharkanmiz, "xayr" so‘zini ishlatgimiz kelmadi. Ko‘rishguncha, tog‘lar bag‘ridagi mo‘’jaz shahar!
Gulruh MO‘MINOVA.