Tojikiston Afg‘oniston tomonidan jangarilar kirib kelishiga qarshi zarur choralarni qo‘rmoqda

Tojikiston hukumati Afg‘oniston tomonidan jangarilar kirib kelishiga qarshi barcha zaruriy chora-tadbirlarni qo‘llamoqda, chegara hududlar nazoratga olingan. Bu haqda 27 iyul kuni Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin RIA Novosti nashriga so‘zlab berdi.
“Tojikiston-Afg‘oniston chegarasi hududidagi vaziyat notinch bo‘lib qolmoqda. Sababi, so‘nggi vaqtlarda chegaradosh hududdagi Afg‘oniston Qurolli kuchlari davlat postlariga jangarilar tomonidan ko‘plab hujumlar uyushtirilmoqda. Ammo biz Afg‘onistondan Tojikistonga jangarilar kirib kelishiga qarshi barcha zaruriy chora-tadbirlarni qo‘llayapmiz”, dedi Muhriddin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston Afg‘oniston xavfsizlik idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi va chegaradagi vaziyat bo‘yicha tezkor axborot almashuvi amalga oshirilmoqda.
Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlardagi vaziyat keskinlashgani sababli Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Xavfsizlik kengashi a’zolariga Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlariga Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlardagi xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rish haqida topshiriq berdi.