Tojikistonda 14 nafar mahbus nondan zaharlanib, vafot etgan

Tojikiston janubida 14 nafar mahbus nondan zaharlanib hayotdan ko‘z yumgan, deb xabar bermoqda  RIA Novosti.

Ma’lum bo‘lishicha, uchta mashinada 120 nafar mahkum erkak va sakkiz nafar ayol jazo muddatini o‘tash uchun Xo‘jand va Istaravshon shaharlaridan mamlakat janubidagi Nurek shahriga olib ketilayotgan bo‘lgan. Belgilangan me’yorlarga muvofiq, avtomashinalar yo‘lda olti marta to‘xtatilgan.

Dushanbega yaqinlashgach, mahbuslardan biri 16 kishiga uchta nonni tarqatadi. Yarim soatdan keyin nonni iste’mol qilgan mahbuslarda ko‘ngil aynish, bosh aylanishi holatlari kuzatilgan va ular hushini yo‘qotgan.

Shifokorlar faqat ikkita mahbusning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ushbu holat yuzasidan maxsus tergov guruhi tuzilib, Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, sud ekspertizasi ham tayinlangan.