Tojikistonda ham AQSh dollarining rasmiy kursi birdaniga ko‘tarilib ketdi

Agar 19 avgust kuni bir dollar uchun banklar 9 somoni 43 diram bergan bo‘lsa, 20 avgust kuni ertalab 9 somoni 70 diramga chiqdi, deb yozmoqda O‘zA.

Tojikiston Milliy banki 20 avgust kuni ertalab o‘z bayonotida dollar rasmiy kursining ko‘tarilishi sabablarini tushuntirdi. Xabarlarga ko‘ra, Amerika valyutasining rasmiy va “qora bozor”dagi kursida katta farq bo‘lgani bois ham shu qarorga kelindi.

Milliy bank ma’lumotiga ko‘ra, mana shu farq tufayli aholi valyuta ayirboshlashda banklarga murojaat qilmasdi.

“Mazkur vaziyatni hal qilish maqsadida ayrim qo‘shimcha choralar ko‘rilishi taqozo qilindi. Jumladan, kurs bosimini pasaytirish va amaldagi valyuta tahdidlarini, shuningdek rasmiy va norasmiy kurs o‘rtasidagi 2 foizlik farqni ta’minlash maqsadida AQSh dollarining rasmiy kursini bir vaqtning o‘zida korrektirovka qilishga qaror qilindi”, - deya xabar beradi bosh moliyaviy regulyator.

Milliy bank o‘z bayonotida tasdiqlashicha, mamlakatda dollar taqchilligi sezilmoqda. Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, shu kabi vaziyat “manfaatdor tomonlarga” somonini devalvatsiyalash jarayonining tezlashishiga xizmat qiladi.

Milliy bankning xabar qilishicha, mamlakatda rasmiy va norasmiy kurs o‘rtasidagi tafovut belgilangan me’yordan ozgina ko‘proq - 2,8 foizga yetadi. Tojikistondagi bir nechta tijorat banklarining, jumladan “Esxata” va “Spitamen” banklari veb-saytlarida Amerika dollarining somoniga nisbatan yangi kursi – 9,70 deya ko‘rsatilgan.