Tomorqangizga to‘qsonbosti usulda ekin ekdingizmi?

Qadimdan tajribali bobodehqonlarimiz to‘qsonbosti usulida ekin ekishgan. Bu avvalo, yerni almashlab ekish, qolaversa, ziroatchilikni rivojlantirishda juda samarali hisoblanadi. Ushbu tajriba bugun ham dehqonlarimiz tomonidan qo‘llanilyapti.

Prezidentimizning joriy yil 24 avgustda viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshiriqlari va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoniga asosan, bu yil viloyatda 42 ming gektar maydonda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekish belgilangan. Bu tadbir, avvalo, viloyat aholisini bahor oylarida ertagi sabzavot mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash hamda ertagi eksportbop mahsulotlar yetishtirish, eksport hajmini oshirishga qaratilgan. Yana bir afzal jihati, kamxarj va kam suvdan foydalangan holda mahsulot yetishtirish hisoblanadi. Shu bois tumanlardagi fermer xo‘jaliklarining 1962 gektar ochiq yer maydoni, 4011 gektar bog‘-tok qator orasi, 31821 gektar aholi tomorqasi va 4206 gektar dehqon xo‘jaliklari maydonlarida to‘qsonbosti usulida ekinlar ekish davom etmoqda.

Tanlangan yer maydonlarida piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, karam, osh lavlagi, ko‘katlar kabi odatiy sabzavotlar bilan birga, aysberg, brokolli, kolrabi, gulkaram, sedana kabi bozorgir, eksportbop va daromadi yuqori ekinlar ham ekilmoqda.

Ekinlardan kafolatli yuqori hosil olish uchun sinalgan 5797 tonna urug‘lik, 3360 tonna yoqilg‘i moylash materiallari va 9660 tonna mineral o‘g‘it zaxirasi yaratildi.

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘qsonbosti ekinlaridan 2024 yil bahorida 817 ming 468 tonna mahsulot olinishi kutilmoqda. Bu, albatta, bahor mavsumida bozorlarimiz to‘kinligi va aholining iste’mol talabini qondirishga xizmat qiladi. Olingan mahsulotning 11 224 tonnasini eksport qilish, 12 503 tonnasini qayta ishlash va 793 740 tonnasini ichki bozorga chiqarish va aholi iste’moli uchun yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Tumanlarda ham bu jarayon davom etmoqda. Masalan, Bulung‘ur tumanida 2024 yil bahorgi hosil uchun 3042 gektar maydonda to‘qsonbosti usulida ekin ekish rejalashtirilgan.

- Dehqonlarimiz avgust va sentyabr oylariga rejalashtirilgan piyoz va sarimsoqpiyozni ekib, undirib olishdi, hozirda sabzavot ekish ishlari davom etmoqda, - deydi tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i Dilshod Sulaymonov. – Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, dehqonlarimiz to‘qsonbosti ekinlaridan 9503 tonnadan ortiq, ya’ni qariyb 29 milliard so‘mlik hosil olishi va qo‘shimcha 533 ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Tumandagi "Mingchinor" va Abdusalom Mahsumov nomli muqobil MTP hududidagi fermer xo‘jaliklari dehqonlari to‘qsonbosti usulida ekin ekib, yuqori hosildorlikka erishishda yangicha usullarni ham sinovdan o‘tkazishmoqda. Masalan, avvalgi odatiy usulda sarimsoqpiyoz qator ustida 3 tadan urug‘ donalab ekilgan bo‘lsa, bu yildan ular sarimsoqpiyozni alohida qatorga ekishni sinovdan o‘tkazishyapti. Bu, birinchidan, texnik ishlov berishni yaxshilasa, ikkinchidan, hosildorlikni oshiradi. Ya’ni, odatiy usulda gektaridan 4 tonnagacha sarimsoqpiyoz olingan bo‘lsa, yangi sinovda hosildorlik gektariga 6-8 tonnaga yetadi. 

- Tasarrufimizda 35 gektar yer maydoni bor va bu yil 9 gektar maydonda to‘qsonbosti usulida piyoz va sarimsoqpiyoz ekdik, - deydi tumandagi «Bobojon ota» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Kamoliddin Bobojonov. – Xo‘jaliklarda bu yildan piyoz va sarimsoqpiyoz yetishtirishda yangi usullardan foydalanyapmiz. Avval piyozni avgust oyida issiqxona usulida ko‘chat tayyorlab, oktyabrda dalaga ekardik. Bu yil piyozni urug‘idan seyalkada ekishni boshladik. Bu usulning afzalligi shundaki, hosil bir oy oldin tayyor bo‘ladi, ishchi kuchi, vaqt, xarajat tejaladi, hosildorlik gektariga 30 foizga yuqori bo‘ladi. Dastlabki hisobimizga ko‘ra, to‘qsonbosti ekinlaridan 1 milliard 100 million so‘m daromad olamiz. Yetishtiriladigan mahsulotning sotilishi borasida tashvishimiz yo‘q, tumanimizdagi «Bulung‘ur Sandvik» korxonasi bilan shartnoma imzolaganmiz.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.