4 sotix yerdan 90 million so‘m daromad topayotgan dehqon

Ishtixonda ishbilarmon dehqonlar ko‘p. Kattaqangli mahallasida 841 ta xonodon mavjud bo‘lib, aholi tomorqasining ekin maydoni 118 gektarni tashkil qiladi. Mahallaning Diyor qishlog‘ida yashovchi Holiqul Soibnazarov hovlisidagi yerdan yaxshi daromad topadi.

- Bor-yo‘g‘i 4 sotixlik tomorqam bor, - deydi u. – Bu yerning 2 sotixida qulupnay yetishtiraman. Qulupnay ko‘chatlari orasiga sarimsoqpiyoz ekaman. Har ikkala mahsulot ham bir vaqtda, may oyida yig‘ishtirib olinadi. O‘tgan yili qulupnay va sarimsoqpiyoz hosilidan 60 million so‘mga yaqin daromad qildim. Qolgan 2 sotix yerda pomidor, kartoshka va boshqa sabzavot mahsulotlari yetishtiraman. Yer qishda ham bekor turmaydi. Tomorqadan yiliga 2-3 marta foydalanishni hisobga olsak, shu kamgina yerdan 90 million so‘mlik hosil olish mumkin. Tomorqadan topganlarim evaziga ro‘zg‘or tebrataman. Ortganini yig‘ib-yig‘ib bir o‘g‘limga uy-joy qilib berdim, mashina sotib oldim.

Dexqonobod mahallasida esa  615 ta xonadon bo‘lib, 2024 yil xosili uchun aholi tomorqasining 36 gektar maydoniga to‘qsonbosti ekinlar ekilgan. To‘raqul Halimov mahallada 30 yildan beri tomorqasidan unumli foydalanib kelayotgan usta dehqonlardan biri.

- Har yili tomorqamning 10 sotixida to‘qsonbosti ekin sifatida sarimsoqpiyoz va ismaloq yetishtiraman, - deydi T.Halimov. – O‘tgan yili 8 sotix yerga ekilgan sarimsoqpiyoz hosili 1 tonna 300 kilogram bo‘ldi va undan 30 million so‘mga yaqin daromad topdim. Keyingi yillarda sarimsoqpiyozning o‘zagini ham gazak tayyorlovchilar sotib olib ketishyapti. Avvallari uni chiqindixonaga chiqarib tashlardik. Tomorqada bir qarich yer bo‘sh turmaydi. Egat chetlaridan ham ko‘katlar yetishtirib foydalanaman.

To‘raqul Halimovning turmush o‘rtog‘i tomorqada mehnat qilish bilan birga xonaki gullar parvarishi bilan ham shug‘ullanadi.

- Men shu tomorqada direktorman, yangangiz esa bosh bugalter, - deydi To‘raqul aka kulib. – U tomorqadan topayotgan daromadimizni hisoblab boradi. Yiliga tomorqaning o‘zidan 100 million so‘m topyapmiz.

Tumanda 46 ming nafardan ortiq tomorqa yer egalari mavjud bo‘lib, ularning ekin ekiladigan ochiq maydonlari 7 ming 580 gektarni tashkil etadi. Bugungi kunda 2024 yil hosili uchun tumanda jami 2679 gektarga yaqin yerda to‘qsonbosti ekinlar parvarishlanyapti.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).