To‘qson yoshli Tolli ota tomorqasida totli mevalar yetishtiryapti

Kattaqo‘rg‘onlik 86 yoshli Tolli ota Boborajabov tomorqasidagi 13 tup anjirdan bu yil 1 tonnaga yaqin hosil oldi. U yetishtirgan anorlarning ikki donasi 1 kilogrammdan ziyod tosh bosyapti.

Pensiyaga chiqqanimdan beri hovlimdagi 24 sotix tomorqada mehnat qilaman, - deydi otaxon. – Yoshim 90 ga yaqinlashgan bo‘lsa-da ketmonimni farzandlarimga berganim yo‘q. 13 tup anjir, 17 tup anorni kuzda ko‘mib, bahorda ochaman. Shuningdek, tomorqamda olma, o‘rik, behi kabi mevali daraxtlarni parvarishlayman, ro‘zg‘orga kerakli sabzavot mahsulotlarini yetishtiraman. Avvaliga farzandlarim tomorqada ishlashimni xohlamadi. Ularning ham ra’yiga qaradim. Jismoniy mehnat bilan shug‘ullanmagan paytlarimda immunitetim pasayib, tez-tez shamollab qoladigan bo‘ldim. Keyin o‘g‘illarim ham hovlida ishlab turishimga qarshi bo‘lmadi. Tomorqada mehnat qilish salomatlikni mustahkamlashini ularga isbotlab berdim.

Otaxon tomorqada bir qarich bo‘sh joy qoldirmaydi. Hovlisi yashillikka burkanib, yashnab tursa zavqlanadi.
- 85 yoshimgacha yugurish, turnik tortilish, gimnastika mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib keldim, - deydi otaxon. – Keyingi 2 yilda keksalik alomatlari sezilgach, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish biroz og‘irlik qildi. Ammo tomorqada mehnat qilishni kanda qilganim yo‘q. Asosiy maqsadim tomorqadan mo‘may daromad topish emas. Ketmon chopsam tanam yasharadi, mehnatimning samarasini ko‘rsam dilim yayraydi.
Ayni kunlarda Tolli otaning mehnati samara berib turibdi. Tomorqasida pishib yetilgan uzum, anjir, anor, nok, behi kabi totli mevalar, avvalo, o‘z xonadoni va yaqinlarining dasturxonini, qolaversa bozor rastalarini bezayapti.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.