Tosh asrda “qolib ketgan” qabilalar
Zamonaviy hayotning barcha huzur-halovati (va kamchiliklari)ga o‘rganib qolgan odamlarning internet, telefon, mashinalar, dori-darmonlar va boshqa ko‘pgina qulayliklarsiz yashashini tasavvur qilish qiyin. Albatta har bir kishida beixtiyor sayyoradagi boshqa odamlar ham shunday yashaydi degan taassurot bor.
Yer yuzida hali ham rivojlanishda tosh davridan oldinga siljimagan qabilalar mavjud. Bundan tashqari, bu odamlar o‘z hayotidan mamnun va ular o‘z turmush tarzini boshqa biror narsaga o‘zgartirmoqchi emas. Bu xalqlar qayerda joylashgan va nega ular o‘zlarini dunyodan bo‘lak qilib olgan ekan?
Yanomami
Braziliya shimoli va Venesuela janubida 35 mingga yaqin Yanomami deb ataladigan qabilalar guruhi yashaydi. Ularning ba’zilari metall quyish va to‘qimachilik texnologiyasini bilan tanish, biroq ko‘pchiligi hayvonlar terisi va tosh asboblarni ma’qul ko‘radi.
Ular ovchilik va tirikchilik uchun g‘amlab qo‘yishga asoslangan turmush tarzidan mamnun. Aborigenlar baliqni zahar bilan ovlaydi, kasalliklarni esa har xil giyohlar bilan davolaydi.
Yanomamining tashqi dunyo bilan aloqasi cheklangan, chunki hindular asrlar davomida o‘rnatilgan hayot tarzini o‘zgartirishni xohlamaydi. Faqatgina pandemiya davrida mahalliy qishloqlar aholisi dori-darmonga muhtoj bo‘lganida “boshqa dunyo” shifokorlariga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelgan edi.
Yarava
Hind okeanida turli qabilalarga boshpana bergan Andaman orolidagi Yarava qabilasi ajdodlari bu yerga taxminan 50 ming yil oldin Afrikadan kelib qolgan.
Hozir qabilada 400 dan ortiq odam bor. Yarava ahli asal va mevalarni yig‘adi, kamon bilan ov qiladi, marjon qoyalar ularga baliq ovlash imkoniyatini beradi. 1990 yillarda Hindiston hukumati ularga sivilizatsiya afzalliklaridan foydalanish bo‘yicha yordam taklif qilgan, lekin mahalliy aholi bu taklifni rad etgan.
Surma
Efiopiyadagi Surma qabilasi deyarli yaqin kunlargacha sivilizatsiya bilan aloqa qilishdan qochib kelgan. Biroq so‘nggi o‘n yilliklarda ular lablariga o‘rnatilgan plastina tufayli dunyoga mashhur bo‘ldi.
Dunyoda turli urushlar, bo‘linishlar va yangidan taqsimlashlar davom etar ekan, bu xalqlar dunyodan ajralgan holda, guruhlarga bo‘linib chorvachilik bilan shug‘ullanib yashashda davom etib kelmoqda.
Sentinellar
Andaman orollarida yana bir qabila yashaydi. Olimlarning fikriga ko‘ra, ular hatto o‘t yoqishni ham bilmaydi – ovqat chaqmoq yondirib qo‘ygan daraxtlardan olinadigan cho‘g‘da pishiriladi. Qabila hayotini o‘rganishning iloji yo‘q: Sentinellar begonalarni ichkariga kiritmaydi, ularga yaqinlashgan vertolyot va qayiqlar o‘q va nayzalar do‘liga duchor bo‘ladi.
Endilikda Hindiston hukumati tomonidan mahalliy aholiga noma’lum kasalliklarni yuqtirmaslik va shu bilan birga tadqiqotchilar hayotini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun orolga borish taqiqlangan.
Sayyoramizda hali ham sivilizatsiya zaif ta’sir qilgan yoki yetib bormagan joylar yetarli. Tosh davridan uncha farq qilmaydigan sharoitda yashab kelayotgan qabilalarning o‘zlari esa bu dunyoviy ne’matlarga umuman muhtoj emas.
Bahora tayyorladi.