Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali bilan bog‘liq xatolik bo‘yicha rasmiy izoh berildi
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2019 yil 4 iyuldagi yig‘ilishi 1-son bayoni bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali uchun 150 ta kvota ajratilgan.
Bunda qabul kvotasi yo‘nalishlarga quyidagicha taqsimot qilingan:
5230101 - Iqtisodiyot: qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti – 25;
5230102 - Iqtisodiyot: oziq-ovqat va resurslar iqtisodiyoti – 25;
5230900 - Buxgalteriya hisobi va audit (tarmoqlar bo‘yicha) – 50;
5233300 - Agrobiznes va investitsion faoliyat – 25;
5234100 - Raqamli iqtisodiyot – 25.
Abituriyentlarning ma’lumotlari ro‘yxatdan o‘tkaziladigan Davlat test markazining maxsus dasturiga mazkur yo‘nalishlar kiritilish vaqtida texnik nosozlik tufayli “Iqtisodiyot: qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” yo‘nalishining shifri 5230102 sifatida kiritilib qolgan. Shuning uchun qabul.dtm.uz saytida “Iqtisodiyot: oziq-ovqat va resurslar iqtisodiyoti” yo‘nalishiga ajratilgan kvota 50 ta sifatida aks etgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialiga ajratilgan umumiy kvota esa o‘zgarmasdan qolgan. Shuning uchun mazkur xatolik e’tibordan chetda qolgan.
Mazkur xatolik soat 16:06 da aniqlandi va zudlik bilan tuzatildi. Shundan so‘ng mazkur yo‘nalishga abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish boshlandi va qabul.dtm.uz saytida ma’lumotlar aks eta boshladi.
Hozirda “Iqtisodiyot: qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” yo‘nalishiga 254 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi.
Davlat test markazi xatolik va noqulaylik uchun uzr so‘raydi va barcha abituriyentlarga omad tilaydi!